Entoni Gordon: «Barselona» — dunyodagi eng yaxshi klub»
Entoni Gordon «Barselona»ga o'tish jarayoni, klubdagi moslashuv va «Barsa»ning ichki muhiti haqida gapirib berdi.
Entoni Gordon intervyusi:
❓Qachon «Barsa»ga o'tish imkoniyati paydo bo'lganini bilganingizda, birinchi munosabatingiz qanday bo'ldi?
🗣 Gordon: «Rostini aytsam, bir lahzaga bunga ishonmadim, chunki bu bolaligimdan beri orzuim edi. Angliyadan «Barselona»ga o'tish umuman oson ish emas. Nazarimda, bu faqat to'rt nafar futbolchiga nasib qilgan. Shu bois bunday transfer qanchalik murakkabligini juda yaxshi tushunardim va hayajonda edim. «Barsa»ning qiziqishini bilgan zahotiyoq, aynan shu narsani eng ko'p xohlayotganimni angladim».
❓Liverpullik bola uchun «Barselona»ga o'tish nimani anglatadi?
🗣 Gordon: «Mening nazarimda, «Barsa» — dunyodagi eng yaxshi klub. Qayerda yashashidan qat'i nazar, har bir bola bir kun kelib shu yerda o'ynashni orzu qiladi. Aytganimdek, bu yerga Angliyadan kelib qo'shilish, albatta, La Masiya orqali o'tishdan ham qiyinroq. Angliyada tug'ilganim uchun bunday imkoniyatga hech qachon ega bo'lmasam kerak deb o'ylagandim. Nihoyat imkoniyat tug'ilganda, o'zimni juda baxtli his qildim».
❓«Barsa» tarixida ayniqsa qoyil qoladigan futbolchi bormi?
🗣 Gordon: «Men ko'rgan eng yaxshi «Barsa» — bu Pep Gvardiola jamoasi edi, ular Xavi va Inyesta kabi futbolchilar bilan Chempionlar ligasini yutishgan. Messini hisobga olmaganda, «Barsa» tarixidagi eng sevimli futbolchim — Luis Suares. Men «Liverpul»ning katta muxlisiman va u yerda Stiven Jerrard bilan birga mening eng sevimli o'yinchilarimdan biri edi. U «Barsa»ga o'tganida, o'yinlarini juda diqqat bilan kuzatganman va u klub ikonasi bo'lishiga amin edim, chunki «Liverpul»da erishgan barcha yutuqlarini ko'rganman».
❓Klubdagi dastlabki oylaringiz qanday o'tdi? Moslashishga kim ko'proq yordam berdi?
🗣 Gordon: «Meni shunday darajadagi futbolchilar bunchalik ochiq va samimiy kutib olishgani juda hayron qoldirdi. Hech kimni unutishni istamayman, lekin Erik Garsiya menga juda ko'p yordam berdi, chunki u ingliz tilida juda yaxshi gaplashadi. Ispan tilini biroz tushunaman, lekin boshqalar juda tez gapirganda yoki o'zaro muloqot qilganda, ularni kuzatib borish qiyinroq. Dani Olmo ham menga juda ko'p yordam berdi».
❓Barselona — Angliyadagi shaharlardan butunlay farq qiladi. Bu yangi hayot bosqichini qanday o'tkazyapsiz?
🗣 Gordon: «Bu shaharni juda yaxshi ko'raman. Unda o'zgacha narsa bor va bu yerda juda oilaviy muhit hukm suradi. Odamlar nihoyatda mehribon. Bu hayotimdagi haqiqatan ham ajoyib davr».
❓Katalon tilida biror so'z ishlatishga jur'at etdingizmi? Birinchi bo'lib nimani o'rgandingiz?
🗣 Gordon: «Bir nechta so'zni bilaman. Ularni o'rganishga va ishlatishga harakat qilyapman, lekin ingliz tilidan ispan va katalon tillariga o'tish biroz murakkab. Men allaqachon «Molt bé», «Com va?», «Jo em dic Anthony» yoki «Estic molt feliç» deb ayta olaman. Gapma-gap o'rganyapman».
❓Muxlislar bilan juda tez til topishib ketdingiz. Kuleslarning sizga bo'lgan mehridan hayron qoldingizmi?
🗣 Gordon: «Ha. Bu muxlislar Messi, Luis Suares, Ronaldinyo va tarixiy eng yaxshi futbolchilarga qoyil qolishgan. Dastlabki kunlardanoq o'zimni bunchalik qadrli his qilishimni kutmagandim. O'ylaymanki, odamlar jamoa uchun bor kuchingizni berayotganingizni sezishadi. Balki ularni mening futbol mahoratim ham hayron qoldirgandir. Shunga o'xshash holat «Nyukasl»da ham bo'lgan, u yerda ko'pchilik meni faqat tezkor va agressiv o'yinchi deb bilardi, keyin esa o'yinimning boshqa jihatlarini kashf etishgandi».
❓«Barsa»da tashqaridan ko'rib bo'lmaydigan nimalarni ichkaridan kashf etdingiz?
🗣 Gordon: «Bu klubning kamtarligi deb aytgan bo'lardim. Bu dunyodagi eng yaxshi klub, bu yerda eng yaxshi futbolchilar o'ynaydi va shunga qaramay, hamma juda kamtar. Biz nihoyatda ambitsiyalimiz va hammasini yutishni xohlaymiz, lekin hech kim keragidan ortiq gapirganini eshitmaysiz. Mashg'ulot o'tayotgan, bundan zavq olayotgan va har kuni yaxshiroq bo'lish uchun birga ishlayotgan odamlarni ko'rasiz».