Entoni Gordon: «Barsa» bilan barcha sovrinlarni yutmoqchiman»
Entoni Gordon «Barselona»dagi moslashuvi, Xansi Flikning talablari va jamoa bilan qo'lga kiritmoqchi bo'lgan maqsadlari haqida gapirdi.
❓Sen har doim «Barsa» o'yin uslubiga qoyil qolgansan. Uni qanday ta'riflagan bo'larding?
🗣 Gordon: «Men nazorat, tiki-taka va o'yin jarayonini boshqarish deb aytgan bo'lardim. O'ylaymanki, hozirgi vaqtda bu uslub biroz evolyutsiya qildi, chunki biz juda yuqori intensivlikda pressing qilamiz, ammo uning asosi o'zgarishsiz qolmoqda: to'pga egalik qilish va raqibning to'p bilan imkon qadar kamroq aloqada bo'lishiga intilish. Aynan shu narsa men uchun «Barsa»ni anglatadi».
❓Faoliyating davomida senga alohida ta'sir o'tkazgan murabbiy bormi?
🗣 Gordon: «Xansi Flik. U menga ajoyib arenada o'ynash, muxlislar bilan bog'liqlik o'rnatish va men har doim orzu qilgan barcha narsalarni boshdan kechirish imkoniyatini berdi. Shunga qaramay, men o'zim ishlagan barcha murabbiylarni juda qadrlayman, chunki ularning har biri menga o'z tajribasini berdi, buning sharofati bilan men yaxshiroq inson va yaxshiroq futbolchiga aylandim. Eddi Xau, Frenk Lempard, Rafa Benites, Li Karsli... . Men hech kimni esdan chiqarishni istamasdim».
❓APL kabi talabchan ligadan o'tib, Xansi Flik talab qiladigan intensivlikka moslashish senga oson bo'ldimi?
🗣 Gordon: «Ha, bu borada nisbatan oson bo'ldi, chunki «Nyukasl»da biz allaqachon shunga o'xshash tarzda o'ynardik: juda intensiv pressing qilar va hujum qilardik. Bu jihatdan moslashish oson kechdi. Xuddi shu narsa to'p bilan o'yinga ham tegishli, chunki hozir meni dunyoning eng yaxshi futbolchilari qurshab turibdi. Faoliyatim davomida hech kim sezmagan ko'plab harakatlarni to'psiz amalga oshirganman, ammo endi menda hamma narsani ko'ra oladigan Pedri bor».
❓APL va La Liga o'rtasidagi asosiy farqlar nimada?
🗣 Gordon: «Avvalo, intensivlikda. Bu yerda o'yin xotirjamroq, ko'proq nazorat va to'pga egalik qilishga asoslangan. APLda esa hamma narsa jismonan muhimroq va aqldan ozganroq. Ba'zida bu hatto basketbol o'yinini eslatadi».
❓Har bir o'yin va har bir harakat sinchkovlik bilan tahlil qilinadigan klubda bosimni qanday yengib o'tasan?
🗣 Gordon: «Men bosimga unchalik ishonmayman. Bu o'zingiz boshingizda yaratadigan narsa. Agar bolaligingizda o'yin vaqtida bosimni his qilmagan bo'lsangiz, hozir ham his qilmasligingiz kerak. Men shunchaki o'yindan zavq olaman va jamoaga yangi narsa olib kirishga harakat qilaman. Qachonki shunga e'tibor qaratsangiz, bosimga o'rin qolmaydi va siz o'zingizni eng yaxshi tomondan ko'rsata olasiz».
❓«Barsa» tarkibidagi birinchi mavsuming oxiriga kelib qanday maqsadlarga erishmoqchisan?
🗣 Gordon: «Men barcha sovrinlarni yutmoqchiman. Hammasi oddiy. Bizda buni amalga oshirishga qodir tarkib bor deb hisoblayman. Albatta, ba'zida jarohatlar va boshqa omillar haqida gap ketganda, omad ham kerak bo'ladi, ammo mening maqsadim — hammasini yutish, chunki men «Barsa» tarixiga kirishni va bu jamoani abadiy eslab qolishlarini xohlayman».
❓Qaysi kuchli tomonlaringni hali to'liq namoyish etishga ulgurmading, ammo ular jamoaga katta foyda keltirishi mumkin?
🗣 Gordon: «Gollar. Menda hali gol urish uchun juda ko'p imkoniyat bo'lmadi. Shunga o'xshash holat faoliyatim davomida ham bo'lgan. Har bir klubda va har bir bosqichda muntazam ravishda gol ura boshlashimdan oldin menga biroz vaqt kerak bo'lgan. Biroq, men ularni juda ko'p urishimga ishonchim komil».
🔚 Entoni Gordon bilan intervyu yakunlandi.