Piero Auzilio – endilikda klub sport direktori emas!
Unga nisbatan turlicha munosabatda bo'lish mumkin, ammo bir narsani inkor etib bo'lmaydi: «Inter» uchun (faqat zamonaviy emas, balki tarixiy nuqtai nazardan ham) bu kult darajasidagi shaxs. Bir joyda 28 yil ishlash – bu shunchaki vau! Akademiya menejerligidan tortib, klubdagi deyarli barcha sport yo'nalishini: skautlar bo'limidan tortib akademiya ishi va transferlargacha boshqargan inson. Massimo Moratti, Erik Toxir, Stiven Chjan, Oaktree – Auzilio bu asrda «Inter»ning har bir egasini ko'rgan!
Hozirgi vaqtda «Inter»da uzoq vaqt faoliyat yuritgan yagona inson bu – Xavyer Zanetti, u qora-ko'k ranglar safida 31 yildan beri. Piero undan atigi uch mavsumga ortda qolgan xolos.
Auzilio tomonidan amalga oshirilgan transferlar haqida bir nechta hikoyalar:
📌 Affaritaliani sayti hisob-kitoblariga ko'ra, Auzilio «Inter»da 25 ta transfer kampaniyasiga rahbarlik qilgan. Bu vaqt ichida 564 nafar futbolchi jami 1,3 milliard yevro evaziga klubga kelgan. 549 nafar futbolchi esa 938 million yevro evaziga jamoani tark etgan.
«Eng murakkab bitimlardan biri? Genrix Mxitaryan, uning «Roma»dan transferi. Bizga u kerak edi, uni «Inter»ga olib kelishni juda istardik. Ammo bir muammo bor edi: u «Roma»ni juda yaxshi ko'rardi, Rimni jon-dilidan sevardi. Uni bizga qo'shilishga ko'ndirish uchun g'ayritabiiy kuch sarflashga to'g'ri keldi».
Ammo Genrix Mxitaryan bilan shartnomani uzaytirish haqida Auzilio ancha xotirjam gapirgan – bu eng qulay bitim bo'lgan, chunki yarimhimoyachi detallarni agentlarsiz muhokama qilgan.
«Mening eng yaxshi bitimim? Birini ajratib ko'rsata olmayman. Ammo, darhol Andre Onanani aytaman. 0 yevrodan 55 million yevrogacha. Bu unutilmas edi».
Yana bir murakkab bitim – Ivan Perishich. Auzilio xorvatiyalik futbolchi bilan ikki kun ichida kelishib olganini eslagan. Ammo «Volfsburg»dan rozilik olish uchun bir oydan ortiq vaqt kerak bo'lgan. Nemislar Perishichni qo'yib yuborishni istashmagan, shuning uchun doimiy ravishda bitim shartlarini o'zgartirishgan.
«Dahshatli darajada qiyin yoz edi, – deb eslagandi 2015-yilgi mavsumlararo davr haqida Auzilio. – Avvaliga Ivan bilan asabiy holat bo'ldi. Keyin – Felipe Melo bo'yicha murakkab muzokaralar: Manchini unga shunchaki qattiq bog'lanib qolgandi, u hatto meni ham bezdirib yuborgandi, xa-xa-xa».
2015-yil yozgi transfer oynasida «Inter» 102 million yevro sarflagan – Joffre Kondogbia, Perishich, Kserdan Shaqiri, Jeyson Murilo, Melo, Miranda, Davide Santon va yana to'qqiz nafar futbolchi kelgan.
📌 Paulo Dibala! Uch yil oldin «Inter» atrofida aylanib yurgan figura. Auzilio u uchun hali 2015-yilda kurashgan: uzoq vaqt «Palermo» bilan muzokaralar olib borgan, ammo ular taklif qilgan 28-30 million yevro yetarli bo'lmagan.
«Eng katta xato? Hm, ehtimol, Xvicha Kvaratsxeliyani aytaman. Bizga Xvichani taklif qilishgandi, xuddi Italiyaning boshqa ko'plab klublari kabi. Muammo shundaki, u bizning sxemamizga mos kelmasdi – «Inter» o'sha paytdayoq 5-3-2 sxemasida o'ynardi va men jamoalarni murabbiylar talabiga ko'ra qurishga odatlanganman».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!