«Roma» Rodrigo Mora transferi ustida ishlashda davom etmoqda va «Portu» bilan muzokaralar olib bormoqda. Portugaliya klubi so'nggi bir necha soat ichida o'z talablarini bir necha bor o'zgartirgan.
Janluka Di Marsio xabariga ko'ra, «jallorossi» allaqachon aniq limit belgilab olgan: bitimning umumiy qiymati 50 million yevrodan oshmasligi kerak. Ijaraga 5 million va sotib olish huquqiga 45 million yevro taklif qilgan «Roma» portugaliyaliklar bilan kelishuvga erishish uchun yangi variantlarni ilgari surdi. Hozirda uchta variant ko'rib chiqilmoqda va ularning barchasi Rim klubi belgilagan moliyaviy limit doirasida.
Birinchi variant 7-8 million yevro evaziga ijara va 42-43 million yevro evaziga sotib olish huquqini nazarda tutadi. Ikkinchi variant esa to'g'ridan-to'g'ri transferni anglatadi: 25 million yevro oldindan to'lanadi, qolgan 25 million yevro esa keyingi yili «Portu»ga o'tkazib beriladi. Uchinchi variant tuzilmani butunlay o'zgartiradi. «Roma» Rodrigo Morani darhol sotib olish uchun 25 million yevro sarflashga tayyor, bunda «Portu» futbolchining kelajakdagi transferidan 50 foizlik ulushni saqlab qoladi. Bu variant klublar o'rtasidagi avvalgi muzokaralar chog'ida ham ko'rib chiqilgandi.
Muzokaralardagi asosiy to'siq «Portu»ning pozitsiyasi bo'lib qolmoqda, chunki klub yosh iqtidorlar salohiyatidan maksimal darajada foydalanishga va ayniqsa Premer-liga klublariga katta summalarga sotishga o'rgangan. Portugaliya klubining talablari doimiy ravishda o'zgarib bormoqda, shu sababli muzokaralar davom etmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!