Sobiq futbolchi «Udineze» va «Roma» o'rtasidagi o'yin haqida fikr bildirdi
АS ROMA ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 31

Sobiq futbolchi «Udineze» va «Roma» o'rtasidagi o'yin haqida fikr bildirdi

«Udineze» — «Roma» uchrashuvi siz uchun har doim o'zgacha bo'lib qoladimi?

Ha, bu men uchun o'zgacha o'yin. «Udineze»da ulg'ayganman, u yerda meni o'z o'g'limdek qabul qilishgan. Udinaga Marino topqirligi tufayli kelib qolganman, u meni Argentinada ko'rish uchun yashirincha kelgandi. Ayolim o'shanda endigina voyaga yetgandi, ikkalamiz ham hali yosh edik. Moslashishimizga to'g'ri keldi: boshqa til, boshqa madaniyat, butunlay o'zgacha dunyo.

«Roma» haqida nima deya olasiz?

Aynan o'sha yerda haqiqatda o'sganman. Rim — sehrli shahar, lekin to'g'ri kayfiyatda bo'lish kerak. Agar birinchi tanqiddayoq qo'l siltasangiz, hammasi tugaydi. Udinaga nisbatan bu boshqa sayyoraga sayohat qilishdek edi: 100 ming aholisi bor kichik shaharchadan millionlik shaharga tushib qolasiz. Hammasi o'zgaradi. «Olimpiko» esa aqlbovar qilmas stadion. Biz ajoyib yillarni boshdan kechirdik, ayniqsa jamoani Matssone boshqargan vaqtda. Men uchun Karletto ota kabi edi.

Hozirgi «Roma» sizga qanday taassurot qoldiryapti? Aytgancha, jamoada argentinaliklar ko'p...

«Roma» juda kuchli, haqiqatan ham juda kuchli. Uning xarakterli futbolchilardan iborat jipslashgan jamoasi bor. Gasp ularni maksimal darajada o'ynashga majbur qiladi, ular u uchun o'tga-cho'qqa tushishga tayyor.

Sizni kim ko'proq hayron qoldirdi?

Agar birini tanlaydigan bo'lsam, Sule deb aytaman. U men aytgan o'sha oldinga siljishni amalga oshirmoqda — taxminan men Rimga kelganimda qilganim kabi. Mati jamoani o'z zimmasiga olmoqda, yetakchiga aylandi. Yana Balerdini alohida ta'kidlamoqchiman: Gasp kabi murabbiy uchun ideal futbolchi. Va, albatta, Dibala hamda Malen — lekin bu ikkovini izohlash kerakmi?

«Roma» skudettoni yuta oladimi?

Ha, garchi uni tarkib va zaxira o'rindig'i bo'yicha hozirda yaxshiroq shakllangan «Inter» bilan kurash kutib turgan bo'lsa ham. «Roma» asosiy ta'qibchi bo'ladi va oxirigacha shunday bo'lib qoladi. Agar «neradzurrilar» xatoga yo'l qo'yishsa, rimliklar bu imkoniyatdan foydalanish uchun yaqin atrofda bo'lishlari kerak. Hech narsa hal bo'lgani yo'q, «Roma»ning bunga kuchi yetadi.

Hozirgi jamoa sizga 2001-yilda chempionlikni qo'lga kiritgan «Roma»ni eslatadimi?

Yo'q. Hatto solishtirish ham kerak emas. U jamoa butunlay boshqa darajada edi. Bizda har bir chiziqda yulduzlar bor edi. Men to'rtinchi hujumchi edim, oldimda esa Batistuta, Totti va Montella o'ynardi. Biz yutmasligimizning iloji yo'q edi. O'sha chempionlikdagi xizmat Franko Sensiga tegishli — u uzoqni ko'ra biladigan prezident edi. Futbolda bunday odamlar boshqa qolmadi.

Sizni «Roma»da aynan Sensi ko'rishni istaganmi?

Ha, va men unga cheksiz minnatdorman. Men u uchun hammaga «yo'q» deganman, hatto «Yuventus»ga ham.

Karlo Matssone bilan til topisha olmaganingiz rostmi?

Bu yillar davomida o'zim haqimda ko'p narsalarni o'qidim. Uni latsialelik deb ataganimni aytishgan, lekin bu yolg'on. Shunchaki bir almashtirishdan keyin uni uzoqroqqa jo'natib yuborgandim. Xarakterimiz to'g'ri kelmagan, bunday bo'lib turadi. O'zimni erkin his qilishni va qo'limdan kelganicha o'ynashni istardim, lekin balki hech kim menga to'liq ochilishimga imkon bermagandir. Faoliyatim davomida turli pozitsiyalarda o'ynaganman: Argentinada hujumkor yarim himoyachi, 1990-yilgi jahon chempionatida himoyachi, 1994-yilgi JCHda esa markaziy yarim himoyachi edim. Qayerda bo'lmayin, har doim talab qilingan joyda o'ynaganman. Umuman olganda, Matssone men uchun eng yaxshi murabbiy, haqiqiy romanist edi.

Bugungi o'yinga qaytadigan bo'lsak, nimalarni kutyapsiz?

Bu juda kuchli o'yin bo'ladi, unda detallar hammasini hal qiladi. Jamoalarning vazifalari turlicha. «Roma» skudetto uchun kurashmoqda va yaxshi natijalar seriyasini davom ettirmoqchi, «Udineze»ga esa qiyin vaziyatdan chiqib ketish kerak. G'alaba qozonish uchun xarakter talab etiladi. «Udineze» maydonida hech qachon oson bo'lmaydi, raqibning hozirgi qiyinchiliklariga qaramay.

«Udineze»ga inqirozdan chiqib ketish uchun nima kerak?

Avvalo jasorat. Jamoa o'z imkoniyatlarini yaxshiroq anglab yetishi va o'ziga ishonishi kerak. U hozirgi «Atalanta» darajasigacha o'sa oladi: unda barcha zaruriy narsalar bor — barqaror rahbariyat, yaxshi ishlaydigan skautlar xizmati va malakali murabbiy. Menimcha, tarkibi ham kuchli. Shuning uchun uning jadvaldagi hozirgi o'rni tushunarsiz.

Baribir, kim g'alaba qozonadi?

Kimda xohish ko'proq bo'lsa, o'sha. Lekin kimga muxlislik qilishimni so'ramang: bu xuddi ikki farzandimdan qaysi birini ko'proq yaxshi ko'rishimni so'rash bilan barobar.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!