Tchuameni: "Bizga hali ko'p narsani yaxshilash kerak"
"Qirollik klubi" yarim himoyachisining o'yinoldi matbuot anjumani
"Roma"ga qarshi bahs (14.10, 22:00 msk) biz uchun juda muhim. Biz UEFA Chempionlar ligasi joriy mavsumini "Inter"ni mag'lub etib, yaxshi boshladik. Ertaga yana bir g'alabani qo'lga kiritishimiz kerak. Men doimiy ravishda "Roma" o'yinlarini kuzatib boraman — bu fantastik jamoa. "Roma" futbolchilaridan kim "Madrid"da o'ynay olardi? Oh... Italiyada o'ynash ham yomon emas (kuladi).
"Vilyarreal"ga qarshi o'yindagi bosh hakam qarorlaridan norozimiz, albatta, lekin bu haqda gapirishni istamayman. Biz "Roma" bilan o'yinga diqqatimizni qaratishimiz kerak.
Odamlar "Madrid"ning hozirgi yarim himoyasini Modrich — Kroos bog'lamasi bilan solishtirib, bizga kreativ yarim himoyachi kerakligini ta'kidlashmoqda? Biz — elit darajadagi yarim himoyachilarmiz, har birimiz turli xil sifatlarga egamiz. Eng muhimi — jamoaviy ish.
Valverde bilan tayanch yarim himoyasidagi bog'lamam "Madrid" uchun yetarlicha yaxshimi? Bu savolni prezidentimiz yoki murabbiyimizga berishingiz mumkin. Mening o'z fikrim bor, lekin uni aytmayman. Hozir ertangi o'yin haqida gaplashmoqchiman.
Kiyinish xonasidagi muhit? Biz bir-birimiz bilan juda yaxshi munosabatdamiz. Men uchun eng muhimi — maydonda nimalar bo'layotgani. Siz, jurnalistlar, hujumchilarimizdan ularning bir-biri bilan munosabatlari haqida so'rashingiz mumkin. Lekin men ko'rayotgan narsalarga ko'ra, jamoada ajoyib muhit hukm surmoqda.
"Madrid"ga qaratilgan tanqidlar? "Madrid" safida to'p surar ekansan, seni doim tanqid qilishadi. Biz nimani yaxshilashimiz mumkinligiga e'tibor qaratib, sovrinlar yutishga intilishimiz kerak. Shubhasiz, biz hali o'zimizning eng yaxshi futbolimizni ko'rsatmadik. Bizga ham to'p bilan, ham to'psiz o'yinda ko'p narsani yaxshilash kerak.
Raqiblardan kamroq yuguryapmizmi? Ko'p yugurish — bu yaxshi, lekin buni to'g'ri bajarish muhim. Shunday o'yinlar bo'lganki, biz unchalik ko'p masofa bosib o'tmagan bo'lsak-da, juda yaxshi o'ynaganmiz.
Mourinyu mendan nimani talab qiladi? U mendan dadil o'ynashni, ayniqsa hujumkor futbolchilar ko'pligini hisobga olgan holda o'yin balansini ta'minlashni, to'p bilan muomalada doim oldinga qarashni, shuningdek, assistlar va gollar urishga harakat qilishni so'raydi.
Kim "Oltin to'p"ga loyiq? Mbappe. U ajoyib mavsum o'tkazdi. Agar Kilian bo'lmasa, unda boshqa bir fransuz — Dembele yoki Olise.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!