Yohan Lange Daniyaning Børsen Pleasure jurnali jurnalistlarini "Tottenxem" mashg'ulotlar bazasiga taklif qilib, intervyu berdi.
Mashg'ulotlar majmuasi hududidagi hashamatli mehmonxona "Tottenxem" bilan aloqani kuchaytirish uchun yangicha ko'rinishga ega bo'ldi.
Ilgari bu yer futbol klubimi yoki oddiy mehmonxona yoxud qaysidir kompaniya ofisimi, tushunib bo'lmasdi. Endi futbolchilar o'zlari bir qismi bo'lgan tarixni ko'ra olishadi.
Lange mehmonxona xolidagi tasvirlarni mavsum voqealariga qarab o'zgartirish mumkinligini tushuntirdi. Masalan, shanba kuni esda qolarli voqea yuz bersa, dushanba kuniyoq u devorlarda paydo bo'lishi mumkin.
Ko'zga tashlanadigan joyga "G'alabalar biz shu yerda qilayotgan ishlarimizdan boshlanadi" (Winning starts with what we do here) shiori joylashtirildi.
Xodimlar va futbolchilar uchun muloqot qilishlari mumkin bo'lgan umumiy qahvaxona ochildi. Bundan tashqari, mutaxassislarning tavsiyasiga ko'ra, trenajyor zalidagi pol qoplamasi almashtirildi.
Men og'ir atletika bilan shug'ullanish uchun qaysi pol qoplamasi eng mos kelishini bilmayman, lekin bizda bu borada tushunadigan mutaxassislar bor. Shu bois, ular almashtirishni tavsiya qilishganda, men ularga quloq solaman.
Xuddi shu narsa tahlilchilarga ham tegishli. Agar ulardan biri skautlik bo'limidagi ma'lumotlar tuzilmasini o'zgartirishni taklif qilsa, o'yinchilarni yetakchi ligalardan tashqarida yaxshiroq topish uchun, men ham tavsiyalarga quloq solaman.
Yohan Lange o'zini muayyan sohalarda chuqurroq bilimga ega odamlar bilan hamkorlik qila oladigan keng qamrovli mutaxassis sifatida ko'rsatadi.
U mikromenejment o'rniga maslahatlarga quloq solishni va malakali xodimlarga ma'lum bir erkinlik berishni afzal ko'radi.
Men o'z sohasidagi eng yaxshi mutaxassislarni mayda-chuydasigacha boshqarish kerak emas deb hisoblayman. Ishonchim komilki, boshqaruv jamoasiga murosasiz ravishda eng yaxshi odamlarni yollash kerak.
Ular esa o'z navbatida o'z jamoalariga eng yaxshi mutaxassislarni yollashadi. Va asta-sekin, qadam-baqadam kuchli korporativ madaniyatga ega tashkilot quriladi.
Katta yozgi xarajatlardan so'ng klubga bosim yanada kuchaydi.
Narxlarga kelsak, ularga ma'lum darajada ko'nikasiz. Oxir-oqibat, raqobatchilarimiz ham xuddi shunday summalarni to'lashmoqda. Bugungi kunda barcha klublarning skautlik tarmoqlari shunchalik yaxshi rivojlanganki, boshqalar ko'zdan qochirgan, qaysidir noma'lum ligadagi o'yinchilar uchun ularning haqiqiy qiymatidan o'ndan bir qismiga teng narxda poyga allaqachon tugagan.
Uning so'zlariga ko'ra, katta xarajatlar, shubhasiz, jamoadan kutilayotgan natijalarni oshiradi:
Menga shunday tuyuladiki, barcha klublar yaxshi futbolchilarni topish qiyin deb hisoblaydi. Futbolni kuzatmaydigan odamlarga 80 million funt evaziga tanlash mumkin bo'lgan futbolchilar unchalik ko'p emasligi mutlaqo aqldan ozganlikdek tuyulishi mumkin.
Ammo qancha futbolchi haqiqatan ham bunday investitsiyalarni oqlaydigan sifatlarga ega?
Futbolchi sotib olayotganingizda, balki uch yoki beshta klub bilan muzokara olib borishingizga to'g'ri keladi. Aytaylik, bizga o'ng qanot vingeri kerak. U holda biz bir vaqtning o'zida beshta turli o'yinchini ko'rib chiqishimiz, beshta klub va beshta agent bilan muloqot qilishimiz mumkin. Bu bir vaqtning o'zida nazorat ostida ushlab turish kerak bo'lgan ulkan miqdordagi masalalar.
Britaniyaning CAA Base agentligi stadionda doimiy lojaga ega. "Irilar" (Everton) bilan o'yin oldidan agentlik vakillari Ispaniya va Italiyaning bir nechta klublari sport direktorlarini taklif qilishdi. Lange ham ular bilan uchrashishi kerak edi.
Bu agentlik "Tottenxem" bilan qanchalik yaqin hamkorlik qilayotganini ko'rsatadi, shuningdek, klub kelgusi oynalarda transfer bozorida qaysi yo'nalishda harakatlanishi mumkinligini taxmin qilishga imkon beradi.
Premer-ligadan chiqib ketish xavfi real bo'lib qolganida ishdan bo'shashdan qo'rqqanmi, degan savolga:
Aslida yo'q. Bosh direktorimiz, egalarimiz va direktorlar kengashi "Tottenxem" bunday holatga ko'p yillar davomida to'planib kelgan voqealar tufayli tushib qolganini tushunishgan.
Ular tanlangan strategiyaga rozi bo'lishdi va bir nechta yo'nalishda to'g'ri yo'ldan ketayotganimizni ko'rishdi. Shuning uchun yo'q, men hech qachon ish joyimdagi mavqeim xavf ostida ekanligini his qilmaganman.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!