Demichelis, Baumgartner va Gomis «Real»ga qarshi o'yin haqida fikr bildirdi
RB Leipzig futbolchilari va bosh murabbiyi «Real»ga qarshi o'yindan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
🎙| Jamoa o'yindan so'ng.
Demichelis:
Jamoa yomon kayfiyatda, chunki bu navbatdagi mag'lubiyat. Ammo, mening fikrimcha, bugun biz boshqacha qiyofamizni ko'rsatdik. Ayniqsa, birinchi bo'limda bizda ikkita ulkan imkoniyat bo'ldi, lekin «Real» darvozaboni bizga o'z sehrini ko'rsatdi. Bunday kuchli jamoaga qarshi o'ynaganda, kam sonli vaziyatlardan foydalanmasangiz, gol o'tkazib yuborasiz. Mening nazarimda, biz tanaffusga 0:1 hisobida chiqib ketishga loyiq emasdik. 0:2 hisobida biz yomon himoyalandik, keyin esa uchinchi va to'rtinchi gol o'tkazib yuborilgan vaziyatlarda «Real» o'zining individual klassini namoyish etdi. Men mamnun bo'la olmayman, albatta, yo'q, lekin to'rt kun avvalgi o'yinga qaraganda jamoa butunlay boshqacha o'ynadi.
Baumgartner:
Biz bir nechta vaziyatda xato qildik va shundan so'ng juda qiyin bo'lib qoldi. Biz Myunxendagiga qaraganda ko'p narsani yaxshiroq bajardik, o'yinni uzoq vaqt ochiq ushlab turdik, birinchi bo'limda hatto maydondagi eng yaxshi jamoa edik, ikkinchi va uchinchi goldan keyin ham o'ynashdan to'xtamadik, oxirigacha bor kuchimizni berishga harakat qildik. Myunxenda biz taslim bo'lgandik. Bugun menda bunday tuyg'u bo'lmadi, biz doimo qarshilik ko'rsatishga urindik. Ochkolarimiz yo'q, lekin bu baribir jamoaning munosabati edi.
Gomis:
Chempionlar ligasidagi ilk golimni urganimdan xursandman, ammo yakuniy natijadan hafsalam pir bo'ldi. Biz ko'proq narsaga loyiq edik. Bu shanba kungi o'yindan butunlay boshqacha bahs bo'ldi. Biz to'pga egalik qilishdan yaxshiroq foydalandik, intensivroq harakat qildik va bizda bir nechta vaziyatlar bo'ldi, ayniqsa birinchi bo'limda, ularni amalga oshira olmadik. Bunday jamoaga qarshi, agar realizatsiya yomon bo'lsa, o'ynash qiyin.