Jeffrey de Lange: Roberto De Zerbi futbol va sigaret bilan yashaydi
Marsel darvozaboni Jeffrey de Lange Roberto De Zerbi bilan ishlash tajribasi va murabbiyning o'ziga xos xususiyatlari haqida gapirib berdi.
"Marsel" darvozaboni Jeffrey de Lange Yoost Blauvxofga bergan intervyusida Roberto De Zerbi haqida qiziqarli fikrlarini bildirib o'tdi.
🎤Roberto De Zerbi haqida:
"Menimcha, uni yo yomon ko'rishadi, yo yaxshi ko'rishadi. Men uni yaxshi ko'rardim.
Roberto mayda narsalar uchun ham o'zidan chiqib ketishi mumkin. Ko'pchilik futbolchilar: "Bo'ldi-da, qo'ya qol" deb o'ylashardi. Ammo u hech narsani e'tiborsiz qoldirmasdi.
U sizga baqirib, bor-yo'g'ingizni chiqarib tashlashi mumkin edi.
O'sha kunning o'zida men ko'pincha soatlab uning kabinetida o'tirardim. U nega bunchalik jahli chiqqanini tushuntirib berardi.
Keyin u taktik doskadagi fishkalarni sura boshlardi va siz uning har bir so'zini tushunib yetardingiz".
🎤De Zerbi o'yin uslubi haqida:
"Hammasi darvozabondan boshlanardi. Biz juda katta tavakkal bilan o'ynardik, ba'zida bu g'ayritabiiy tuyulardi.
To'p nazorati chog'ida biz amalda qo'shimcha markaziy himoyachiga aylanardik".
🎤De Zerbi talablari haqida:
"U ishga juda talabchan edi. Ba'zida biz bir necha kecha ketma-ket mashg'ulot bazasida qolib ketardik.
Bu sizdan juda ko'p narsani talab qilardi. Ammo men unga nisbatan katta hurmatni his qilaman".
"U shunday derdi: Mening hayotimda faqat ikki narsa bor: futbol va sigaret. Menga boshqa hech narsa kerak emas.
Futbol u uchun deyarli oiladan ham muhimroq edi. Sigaretlar ham.
Men boshqacharoq tuzilganman, lekin bularning barchasini o'z ko'zim bilan ko'rish men uchun nihoyatda qiziqarli edi".
🎤De Zerbining gollandiyalik futbolchilarga bo'lgan muhabbati haqida:
"U gollandlarni yaxshi ko'rardi. Doim shunday derdi: "Gollandlar men uchun o'g'illarimdek".
Roberto golland futbol maktabiga juda ishqiboz edi".