🤩 1000 ta gol Bundesligada: Kramarich yana bir bor «Hoffenheim» tarixiga o'z nomini muhrladi.
«Bayer»ga qarshi o'yindagi penalti (3:0) «Hoffenheim»ning Bundesligadagi 1000-goli bo'ldi. Klub tarixi shuni ko'rsatadiki, bu gol muallifi Andrey Kramarich bo'lgani tasodif emas.
🔥 Ssenariynavis bundan yaxshirog'ini yozolmasdi. Shubhasiz, aynan Andrey Kramarichga «Hoffenheim»ning Bundesligadagi 1000-golini urish sharafi nasib etdi. Klub tarixidagi eng yaxshi to'purar «Bayer»ga qarshi 3:0 hisobidagi g'alaba bilan yakunlangan bahsda penaltini aniq amalga oshirdi. Bu xorvatiyalik futbolchining Germaniya chempionatida «Hoffenheim» tarkibidagi 141-goli bo'ldi. Shunday qilib, Kramarich jamoaning Bundesligadagi barcha gollarining qariyb 14 foizini urgan.
Jamoa Germaniya futboli oliy divizioniga chiqqanidan buyon ushbu marragacha yetib kelish uchun ikki o'n yillikdan kamroq vaqt o'tdi. 2008-yil yozida Vedad Ibishevich «Energi»ga qarshi 3:0 hisobidagi g'alabali o'yinda «Hoffenheim»ning Bundesligadagi ilk golini urgan edi. O'sha kuni kimdir klub bir kun kelib 1000 ta gol marrasiga yetishini tasavvur qilishi qiyin edi.
👏🏻 Biroq 500-gol muallifi ham kutilganidek Kramarich bo'lganidan so'ng, «Hoffenheim» Bundesligaga jiddiy va uzoq muddatga kelgani oydinlashdi. 2017/18-yilgi mavsum 22-turida xorvatiyalik futbolchi «Maynts»ga qarshi o'yinda (4:2) jarima zarbasidan gol urib, yakuniy hisobni o'rnatgan edi.
🗣 Oradan deyarli to'qqiz yil o'tib, tarixiy gol muallifi yana xorvatiyalik futbolchi bo'ldi. «Hoffenheim» Bundesligadagi o'z tarixining yana bir sahifasini yozdi va bosh murabbiy Kris Ilser uchun qahramon tanlovi kutilmagan holat bo'lmadi.
«U 500-golni ham urgan edi. Andrey o'n yil davomida ushbu klub qiyofasini belgilab keldi va bu yerda o'z merosini qoldirdi. Shu bois, 1000-golni aynan u urgani tasodif emas. U jamoa uchun qanchalik muhimligini va qanday mahoratga egaligini allaqachon isbotlagan», — dedi Ilser.
⚽️ Kramarich hisobida endi «Hoffenheim» safida Bundesligada 141 ta gol bor. Klubning eng yaxshi to'purarlari ro'yxatida ikkinchi o'rinni Seyad Salixovich (46), uchinchi o'rinni esa Vedad Ibishevich (43) egallab turibdi.
📊 «Hoffenheim» eng ko'p golni 2013/14-yilgi mavsumda urgan – 72 ta. Aleks Prass va Maks Mershtedtning «Bayer» darvozasiga (3:0) urgan gollaridan so'ng, klubning Bundesligadagi umumiy gollari soni 1002 taga yetdi. Ulardan 94 tasi penaltidan, yana 23 tasi avtogol natijasida kiritilgan.