«Nega Dzyuba haqida bunchalik ko'p savollar berilyapti? Axir u Messi emas-ku»: Kaxigao 38 yoshli hujumchini «Spartak»ka o'tishi mumkinligi borasida vakillari bilan hech qachon muzokara olib bormaganini ma'lum qildi.
Avvalroq Rukaku agenti «Lukoyl» rahbariyatidagi aksariyat shaxslar Artyomning Tushinoga qaytishiga qarshi bo'lmagani, biroq kelishuvni Kaxigao bloklaganini da'vo qilgandi.
Quyida Fransisning matbuot anjumanidagi boshqa fikrlari:
• Tarkibdagi vingerlar soni haqida:
«Bizda beshta vinger bor — Markinyos, Solari va Dmitriyev, shuningdek, Massaliga va Polex ham bor. Vingerlar bilan muzokaralar bo'ldi, albatta. Ammo turli sabablarga ko'ra biz bu pozitsiyaga futbolchi olmaslikka qaror qildik va qishki transfer oynasi uchun legioner o'rnini saqlab qolishni ma'qul ko'rdik».
• Barko bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokaralar nima uchun cho'zildi:
«Bizda dastlabki kelishuvlar allaqachon mavjud edi, lekin keyin barcha detallarni kelishib olish kerak bo'ldi. Yakunda hammasi ijobiy yakunlandi. Barko ham qolishni xohladi, klub ham bunga manfaatdor edi. Barkoning shartnomasi bugun tugamasligini tushunib turgandik. Muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlashimizga ishonganmiz. Tvon puli juda-juda yuqori. Balki, faqat PSJ buni o'ziga ep ko'rishi mumkin».
• Dzyuba yozda «Spartak»ka o'tishi mumkinmidi:
«Bunday imkoniyat umuman bo'lmagan. Nega bu o'yinchi haqida bunchalik ko'p savollar berilayotganini tushunmayapman. Axir u Argentina terma jamoasi safidagi so'nggi o'yinini o'tkazgan Messi emas-ku... Tushunaman, u katta rus futbolchisi. Ammo yana bir bor qaytaraman, «Spartak»da o'ynamaydigan futbolchilar haqida izoh bermayman. Dzyuba bo'yicha hech qanday muzokara olib bormaganman va uning vakillari bilan muloqot qilmaganman. Nega Goldmanning aytgan gaplariga izoh berishim kerak? Agar uning menga savollari bo'lsa — murojaat qilsin».
• Livay Garsiyaning transferini xato deb hisoblaydimi:
«Bu xato bo'lmagan. Agar o'tgan mavsumdagi o'yin vaqti va gollarini hisoblasangiz... U jamoada eng yaxshi statistikaga ega. Hozir dunyoda jamoalarning 90 foizi bitta hujumchi bilan o'ynaydi. Livay bizga tegishli. Uning shartnomasida sotib olish opsiyasi bor. Uni sotish haqidagi gap-so'zlar — bu mish-mish. Biz uning ijarasi uchun mablag' oldik. Bu bizning aktivimiz. Agar sotib olish bo'yicha kelishsak, balki sotuv bo'lishi mumkin. Ammo hozircha u bizning futbolchimiz».
• Daku transferi va uning Yevro-2024dagi qiliqlari haqida:
«Muzokaralar juda xotirjam o'tdi. Uning shartnomasida sotib olish qiymati bor edi. Biz juda tez kelishib oldik. Boshqa klublarning qiziqishi haqida eshitgandim. Mirlind haqida esa... Bilasizmi, har birimiz xato qilganmiz. Ayniqsa yoshlikda. Har biringiz xato qilgansiz. Agar kimdir yo'q desa, u odam yolg'onchi. Kimnidir bitta xato uchun sud qilish adolatsizlik bo'lardi. Ayniqsa, har kuni shuncha voqea sodir bo'layotgan zamonaviy dunyoda. Ishonchim komilki, muxlislarimiz yetarlicha aqlli. Ular allaqachon uzr so'ragan futbolchini qabul qilishadi. Daku «Spartak»da o'ynash uchun katta istak ko'rsatyapti».
• Nima uchun aynan Kaxigao hakamlikni tanqid qiladi:
«Sizningcha, bosh direktor maydondagi natijaga ta'sir qiladigan narsalar haqida fikr bildirishi normal holatmi? Har kimning o'z fikri bor. Aslida men buni tez-tez qilmayman. 21 oy ichida adashmasam, ikki marta izoh berganman. Hakamlarning ishi qiyin, bu o'yinchilarning ishini murakkablashtiradi. O'zim o'ynaganman va murabbiylik qilganman, bunday qarorlarni qabul qilish qanchalik og'ir ekanini juda yaxshi tushunaman. Ammo agar jamoamizga nisbatan adolatsizlikni ko'rsak, nega fikrimizni bildirmasligimiz kerak?»
• Prutsev «Spartak»da o'ynashni xohlaydi:
«Prutsevdan juda mamnunmiz. U ajoyib futbolchi. Yozda Xuan Karlos bilan u bilan gaplashib, jamoada qanchalik muhim futbolchi bo'lishini tushuntirganmiz. U bizga juda kerak. Prutsev qaror qabul qildi. Ha, klub va agent o'rtasida muhokama qilingan muayyan shartlar bor edi. Biz uchun futbolchining o'zi «Spartak»da o'ynashni xohlashi juda muhim. Bu omil biz uchun juda-juda muhim. Chunki aks holda savollar tug'ilishi mumkin. Prutsev bu istakni ko'rsatdi. Shu sababli u qoldi. Va shu bois biz undan juda mamnunmiz».
• Rossiya prezidentini tabriklash:
«Butun «Spartak» va barchamiz nomimizdan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tug'ilgan kuni bilan tabriklamoqchiman».