Aleksandr Andronikashvili: «Dunyoning eng buyuk klublari ham shunday muxlislarga ega bo'lishni orzu qilsa kerak»
«Andijon»ning gruziyalik tayanch yarim himoyachisi Aleksandr Andronikashvili o'z o'yinlari bilan muxlislar mehrini qozongani shubhasiz. Shu bois u jamoada o'z o'rniga ega bo'ldi. Biroq futbolda jarohat degan yoqimsiz holat ham bo'lib, bu har bir o'yinchi bilan sodir bo'lishi mumkin.
Afsuski, Andronikashvilida ham aynan jarohat yuz berdi va natijada davolanish uchun Gruziyaga yo'l olishiga to'g'ri keldi. Unga oyog'idagi chov sohasining yallig'lanish sindromi tashxisi qo'yilgan bo'lib, futbolchi aynan shu yo'nalishda davolanish jarayonida. E'tiborlisi, Gruziya terma jamoasi shifokori futbolchimizni davolamoqda. Albatta, klub shifokori ham futbolchi bilan doimiy aloqada va nazorat qilib bormoqda.
O'z navbatida Aleksandr Andronikashvili jarohati bo'yicha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Sandro yaxshimisiz? Jarohatingiz sababli Gruziyada davolanib kelmoqdasiz. Ayting-chi, davolanish jarayoni qanday davom etmoqda?
- Assalomu alaykum. Ha, hozir Gruziyada va eng yaxshi shifokorlar nazorati ostida reabilitatsiya jarayonini o'tayapman. Barcha zarur muolajalarni olmoqdaman. Buning sababi — Andijonda bunday imkoniyatlar mavjud emas
- Aslida bu jarohat qachon sodir bo'lgandi?
- Bu jarohatni Urganchning «Xorazm» jamoasiga qarshi o'yinda olganman.
- Umuman olganda, o'zingizni qanday his qilyapsiz va jamoaga qachon qo'shilasiz?
- O'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Allaqachon reabilitatsiya mashqlarini boshladim. Yaqin orada jamoa bilan mashg'ulotlarga kirishishimga umidim katta. Albatta, bu reabilitatsiya jarayoni qanday kechishiga bog'liq.
- Muxlislar sizni qo'llab-quvvatlagan holda tezroq qaytishingizni kutishmoqda. Ular uchun nima deya olasiz?
- Muxlislarga chuqur minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki ularning ulkan qo'llab-quvvatlashini doimo his qilib turaman. Maydonga qaytib, ularga quvonch ulashishni intiqlik bilan kutyapman. O'ylaymanki, dunyoning eng buyuk klublari ham shunday muxlislarga ega bo'lishni orzu qilsa kerak.
- Oldin ham shunday jarohat bilan davolanganmisiz?
- Ha, avval ham shunga o'xshash jarohat olganman. Shuning uchun tezroq tiklanish va imkoni boricha tezroq jamoaga yordam berish uchun qanday davolanish kerakligini yaxshi bilaman.
- Hozirda qanday muolaja va reabilitatsiya jarayonlarini olyapsiz?
SIS
TECAR
US Therapy
EMS
Manual Therapy
Kinesiotherapy
PRP
Izoh:
SIS — yuqori intensivlikdagi elektromagnit stimulyatsiya terapiyasi
TECAR — TECAR-terapiya, to'qimalarni tiklash va qon aylanishini yaxshilashga qaratilgan fizioterapiya
US Therapy — ultratovush terapiyasi
EMS — elektromiostimulyatsiya
Manual Therapy — manual terapiya
Kinesiotherapy — kinezioterapiya, harakat va maxsus mashqlar orqali reabilitatsiya
PRP — trombotsitlarga boy plazma terapiyasi.
Shuningdek, «Andijon» klubi shifokori Olimjon Ne'matov Andronikashvilining jarohati haqida shunday dedi:
«Andronikashviliga qo'yilgan diagnoz — ARS sindromi. Bu jarohatni tezda davolab yuborishning aniq va qisqa yo'li yo'q. Faqat dori-darmonlar bilan uni qisqa vaqt ichida bartaraf etib bo'lmaydi.
Bundan jarohat kompleks terapiya asosida davolanadi. Davolash jarayonida asosiy e'tibor LFK va maxsus, ya'ni spesifik mashqlarga qaratiladi. Qolgan muolajalar esa asosan simptomatik davolashdan iborat. Andijonda esa PRP va TECAR terapiyasi kabi davolash usullaridan foydalanish imkoniyati bo'yicha ayrim muammolar bor.
Umuman olganda, bu jarohatni davolash ma'lum vaqt talab qiladi. Buning asosiy sabablaridan biri — ushbu sohaning anatomik jihatdan o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanidir».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!