Daniel Farke o'yindan keyingi munosabati:
O'yin haqida:
«Unda qolgan hislarim aralash. Birinchidan, «Arsenal»ni tabriklamoqchiman, Mikel ularga to'g'ri mentalitetni singdirdi. Ammo yuragim vayron, yigitlarim uchun achinaman, chunki ular bugun ochko bilan ketishga loyiq edilar. Boshqa tomondan, biz birinchi darajali o'yin ko'rsatganimizdan faxrlanaman. Birinchi bo'limda biz umuman ajoyib o'ynadik va o'z darvozamiz oldida birorta ham vaziyat yaratilishiga yo'l qo'ymadik.
Tanaffusda jamoaga agar shu ruhda davom etsak, g'alaba qozonishimiz mumkinligini aytdim. Ammo «Arsenal» — Yevropadagi eng barqaror va dunyodagi eng yaxshi jamoalardan biri. Yigitlarimni birinchi o'tkazib yuborilgan gol uchun jiddiy ayblash qiyin. Balki, yigitlar «Arsenal»ning hisobni tenglashtirgan yugurishini o'z vaqtida payqashmagandir. Keyin esa raqib shijoat bilan ikkinchi golni urdi. Ha, ikkinchi bo'limda ehtiyotkorroq o'ynab, to'pni bunchalik oson boy bermaslik mumkin edi, lekin ba'zida hamma narsani shunchaki omad hal qiladi. Biz qo'pol xatolarga yo'l qo'ymadik.
«Arsenal» futbolchilarining klassi ularga xotirjamlikni saqlab qolish imkonini berdi. Ammo biz ham bu o'yindan ko'p ijobiy narsalarni olmoqdamiz. Biz chempionlik yoki Chempionlar Ligasi uchun kurashadigan holatda emasmiz. Shuning uchun jamoaga hech qanday e'tirozim yo'q».
Hakamlik haqida:
«Birinchi bo'limda Kalvert-Lyuinga qarshi qarshi hujum vaqtida uch marta fol ishlatildi. Men hatto to'rtinchi hakamdan kartochkalar haqida unutib qo'ymadingizmi, deb so'radim? Ammo u bu oddiy taktik fol ekanligini, qoida buzilishi bizning yarmimizda sodir bo'lganini va kartochka uchun asos yo'qligini aytdi.
Men rozi bo'ldim, lekin izchillikka rioya qilishni va stadion talablariga berilmaslikni so'radim. Keyin nima bo'ldi? Ao Tanaka va Itan Ampadu raqib darvozasi tomon 30 metr masofada fol ishlatishdi, stadion shovqin ko'tardi va biz sariq kartochkani ko'rdik. Men zaxira hakamining oldiga bordim: «Nega bunday qilyapsizlar? Axir buni endigina muhokama qilgandik-ku!» U oldimga kelib, tushuntirish berishni istamadi, ko'proq vaqtini Arteta texnik zonasida o'tkazdi. Unga o'zim borishimga to'g'ri keldi, buning uchun sariq kartochka oldim.
Bizning barcha uchta kartochkamiz asossiz yoki nomutanosib edi. Shu sababli Tanakani almashtirishga majbur bo'ldim, chunki u fol ishlatishda davom etayotgandi. Ampadu ham ehtiyotkorroq o'ynay boshladi, bunday detallar esa ba'zida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Hakamlarning harakatlarida izchillik yo'q edi. Ammo ular hech narsani tushuntirishmadi va savollarim uchun asabiylashib, menga sariq kartochka ko'rsatishdi. Hammasi shu».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!