Endi Robertson Shotlandiya terma jamoasi rekordini yangilash arafasida
Шесть Элче ↗ ●●●●● Umumiy 👁 15

Endi Robertson Shotlandiya terma jamoasi rekordini yangilash arafasida

Endi Robertson ertaga Shotlandiya terma jamoasi safidagi o'yinlari soni bo'yicha ser Kenni Dalglish bilan tenglashadi. Kelasi dushanba kuni esa, agar kutilmagan holatlar yuz bermasa, u "Liverpul" va o'z terma jamoasi afsonasini ortda qoldirib, shotlandiyaliklar safida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar ro'yxatida yakka peshqadamga aylanadi.

BBC nashriga bergan intervyusida Endi ushbu yutuq va Kenni Dalglishning shaxsiyati haqida gapirib o'tdi:

Har bir terma jamoada faqat bitta taxt bo'ladi va biznikida Kenni Dalglish o'tirishi kerak. Juma oqshomida men o'zim haqimda emas, balki mamlakatimiz tarixidagi eng buyuk futbolchi haqida gapirishlarini istayman. Men uchun u doimo Kenni bo'lib qoladi.

U bu rekordni juda uzoq vaqt ushlab turdi, u bu nomga loyiq. Agar u bizning davrimizda o'ynaganida, u terma jamoa safida shunchalik ko'p o'yin o'tkazgan bo'lardi-ki, bu rekordni na men, na boshqa birov yangilay olardi.

Men uchun u Shotlandiya tarixidagi, balki butun Britaniya tarixidagi eng yaxshi futbolchi. Biz bu insonning qadriga yetishimiz kerak va juma kuni men u haqida o'ylayman — rekordimdan ko'ra, u bilan birinchi o'rinni bo'lishib turganim men uchun muhimroq.

Agentim menga "Liverpul"ga o'tishim mumkinligi borasidagi ilk tashrifi haqida aytib berganini doim eslayman. U bosh skaut va sport direktori bilan uchrashgan, so'ngra xonaga "tasodifan" Kenni kirib kelgan. Men bunga 100 foiz aminmanki, bu rejalashtirilgan edi.

"Liverpul"ga o'tishim to'g'ri qaror ekanligiga ishontirgan asosiy narsalardan biri — bu Kenni bilan tanishish va hatto u hamda uning oilasi bilan ma'lum bir aloqa o'rnatish imkoniyati edi.

Otam mening orqali futboldagi ko'plab insonlar bilan tanishgan, ammo u Kenni bilan uchrashgandagi kabi hayratni boshqa hech kimni ko'rganda his qilganini ko'rmaganman.

"Barselona"ni 4:0 hisobida mag'lub etganimiz kuni bobom o'yinda edi va men o'yindan so'ng Kennini oilam bilan tanishtirish uchun uni to'xtatib qolishga muvaffaq bo'ldim. Undan bobom va amakim bilan suhbatlashish uchun vaqt topa oladimi deb so'radim va u, albatta, rozi bo'ldi.

Bobom — axir nabirasi ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar ligasi finaliga chiqqan bo'lsa ham — aslida meni yo'ldan surib tashlab, Kennining qo'lini siqish uchun yugurib ketdi.

Uning eshitish apparati bor edi, u biz aytayotgan gaplarning deyarli hech narsasini eshitmasligini aytardi, lekin o'sha kuni u Kenni unga aytgan har bir so'zni eshitdi va yodlab qoldi. U bizga aytganidek haqiqatan ham yomon eshitarmidi degan savol bizda ko'p tug'ilgan! U endi oramizda yo'q, ammo uni shunchalik baxtli ko'ra olganimdan faxrlanaman. Kenni uning qahramoni edi.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!