So'nggi kunlarda Virtsning o'yinida o'sish kuzatilayotganini Dominik Soboslai yo'qligi bilan bog'layotgan fikrlarga tez-tez duch kelyapman.
Shaxsan men bunga unchalik qo'shilmayman. Men uchun boshqa bir o'zgarish – Aleksis Mak Allister maydonda barqaror harakat qilayotgani ancha muhimroq.
Aleksis yarim himoyani boshqalarga qaraganda yaxshiroq muvozanatlaydi: u to'p bilan ishlashning birinchi va ikkinchi bosqichlarini ko'proq o'z zimmasiga oladi, uzatmalar orqali to'pni oldinga yetkazib berishga yordam beradi va shu tariqa Virtsga to'p uchun orqaga kamroq tushish imkonini beradi. Bu sifatlar na Dominikda, na Gravenberxda bor. Hatto o'tgan mavsumda Aleksisning o'zida ham bunday jihatlar kuzatilmagandi.
Shu bois, agar ertaga Gravenberx o'rniga Soboslai maydonga tushsa, menimcha, Flo uchun vaziyat keskin o'zgarmaydi. Ha, Sobo ham to'pni qabul qilishni va hujumlarni rivojlantirishda qatnashishni yaxshi ko'radi, biroq muammo ularning Virts bilan bir-biriga «xalaqit berishi» yoki bir xil rolni talashishida emas.
Men uchun asosiy masala, tushunganingizdek, funksiyalarning taqsimlanishida.
Virtsning yonida jamoaning himoya va hujum chiziqlarini barqaror bog'lab tura oladigan o'yinchi bo'lsa, Florian o'zi uchun eng xavfli bo'lgan hududda – chiziqlar orasida va jarima maydoniga yaqinroq joyda qoladi. Bunday o'yinchi bo'lmaganda (ya'ni, ostida Gravenberx va Soboslai juftligi o'ynaganda), u to'pni oldinga surish uchun o'zi orqaga tushishga majbur bo'ladi.
Shunday ekan, men hozircha «Sobo yo'q – Virts bor» degan xulosaga kelmagan bo'lardim. Aksincha, «Mak Allister bor – Virtsga o'z o'yinini ko'rsatish osonroq». Nazariy jihatdan, bunga Trey Nyoni ham mos kelishi mumkin, ammo buning uchun unga ko'proq o'yin vaqti va tajriba kerak.
Flo uchun qulay bo'lgan bu konstruksiya Soboslai qaytgandan keyin ham saqlanib qoladimi yoki yo'q – buni kuzatish qiziq bo'ladi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!