Hansi Flik "Aston Villa"ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi:
❓Jamoada jarohatlar ko'p — bu katta yuklamalar va psixologik bosim davri. Sizningcha, jamoa hozirgi vaqtda sizning talablaringizga jismoniy va futbol darajasida javob bera oladimi?
🗣 Hansi Flik: "Ha, albatta. Agar jarohatlar haqida gapiradigan bo'lsak, men bunga e'tibor qaratishim kerak, lekin umuman olganda, biz yaxshi kurashyapmiz. Oxirgi o'yinda biz boshidan oxirigacha diqqatli edik. Albatta, bitta xato ham bo'ldi, bunday narsalar sodir bo'lib turadi. Yakunda natija ko'rinib turibdi. Men o'ziga ishongan va biz qilmoqchi bo'lgan narsaga qat'iy ishonadigan jamoani ko'rdim. Ular haqiqatan ham yaxshi mehnat qilishmoqda".
❓Kecha Kristensen mashg'ulotlarning bir qismini jamoa bilan o'tkazdi, lekin bugun u ko'rinmadi. U bilan biror narsa yuz berdimi? Siz hali ham uning "Atletiko"ga qarshi o'yinga tiklanishiga umid qilyapsizmi?
🗣 Hansi Flik: "Biz kutishimiz kerak. Kecha u biz bilan shug'ullandi, lekin faqat pozitsion o'yinda. Bu biz qo'yishimiz kerak bo'lgan navbatdagi qadam edi va hammasi yaxshi o'tdi, ammo dam olish kunlari nima bo'lishini ko'rish uchun kutishimiz kerak".
❓Alehandro Balde sizning rejalaringizga kirish uchun nima qilishi kerak? Yaqinda siz unga o'ziga bo'lgan ishonch yoki siz xohlagan o'yin uslubiga ishonch yetishmayotganini aytgandingiz. Buni qanday o'zgartirish mumkin?
🗣 Hansi Flik: "O'ylaymancha, bu u hozir boshdan kechirayotgan normal holat. Juda tez-tez o'ynamaganingizda, o'zingizga bo'lgan ishonchni yo'qotasiz. Baldeni har bir mashg'ulotda ko'rayotganim shuki, u o'zini juda yaxshi ko'rsatyapti. U biz uchun yaxshi variant. Yakunda chap qanotda kim o'ynashini biz hal qilishimiz kerak. Joau fantastik ish qilyapti, haqiqatan ham yaxshi darajada o'ynayapti, shuning uchun tanlov oson emas. Biz jamoa uchun nima yaxshiroq ekanini hal qilishimiz kerak. Har doim shunday bo'ladi. Gap kimdir haqida emas, na men, na biror futbolchi, balki jamoa haqida ketyapti. Biz har bir qarorni aynan shunday qabul qilamiz. Men uning o'ziga bo'lgan ishonchi pasayganini aytganimda, bu unga ham ta'sir qilishini bilaman. Men oxirgi matbuot anjumanidan keyin u bilan gaplashdim va shunday dedim: "Bu normal holat". Men Baldeni hurmat qilaman, chunki u juda yosh futbolchi, u La Masiyadan kelgan, bu uning klubi... Men unga o'ziga bo'lgan ishonchni qaytarishga yordam berishga harakat qilyapman. Buni murabbiylar va uni o'rab turgan barcha bilan birgalikda qilishimiz kerak. U yaxshi kurashyapti, formaga qaytishga harakat qilyapti va bizga aynan shu narsa kerak. Biroq, men undan juda mamnunman, chunki u ajoyib yigit va fantastik futbolchi".
❓PSJ va "Real"ga qarshi o'yinlardan so'ng siz tarkib tanlashda bu o'yinlarni o'ylaganingizni birinchi bo'lib tan olgandingiz. Hozir ham shunga o'xshash hafta bo'lyaptimi? "Aston Villa" va "Atletiko"ga qarshi o'yinlar ularning muhimligi va qisqa muddatda o'tayotganini hisobga olgan holda tarkibga ta'sir qiladimi?
🗣 Hansi Flik: "Yo'q, men faqat shu o'yinga diqqat qaratganman. Shanba kuni men "Alaves"ga qarshi o'yinga e'tibor qaratgandim, bugun va ertaga biz faqat "Aston Villa" bilan uchrashuvga diqqatimizni qaratamiz. Bu Chempionlar ligasi, biz ajoyib damlarni boshdan kechirayotgan fantastik jamoaga qarshi o'ynaymiz. Men uchun Unai Emeri Yevropadagi eng yaxshi murabbiylardan biri. Uning himoyada ham, hujumda ham o'yin haqida aniq tasavvuri bor. Men ko'rayotgan narsalarimni juda yuqori baholayman. Bu Chempionlar ligasi, har bir o'yin o'ziga xos, har bir raqib kuchli. Bu qiyin bahs bo'ladi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!