❓O'sha yili Xavi qo'l ostida «Barselona»da o'tkazgan yilingizdan qanday xotiralar qoldi?
🗣 Gundo'g'an: «Men o'sha yilni katta minnatdorchilik va faxr bilan eslayman. Bunday afsonaviy klub libosini kiyish men uchun ro'yobga chiqqan orzu edi. Xavi futbolchi sifatida mening asosiy kumirlarimdan biri bo'lgan, murabbiy sifatida esa undan o'rganish unutilmas tajriba bo'ldi. Aslida, bu vaqt ichida biz juda yaxshi va do'stona munosabatda bo'ldik, hatto u klubni tark etishidan oldin oilalarimiz bilan birga kechki ovqatga ham borganmiz. Xavi «Barsa» futboli bilan yashaydi va klubga ushbu murakkab o'tish davrida yordam berish uchun juda qattiq ishladi. Men u bilan o'tkazgan vaqtimni chin dildan qadrlayman».
❓«Barselona» muxlislari Gundo'g'anni har doim o'ylaganini ochiq aytadigan futbolchi sifatida eslashadi. Matbuotga aytgan gaplaringizdan biror narsaga afsuslanasizmi?
🗣 Gundo'g'an: «Har safar ommaviy chiqish qilganimda, bu bitta manbadan: klubga bo'lgan chuqur mehrim va g'alaba qozonishga bo'lgan kuchli istagimdan kelib chiqqan. Men har doim o'zimga eng yuqori talablarni qo'yaman va atrofimdagilarga ham shu mas'uliyatni singdirishga harakat qilaman. Mening so'zlarim hech qachon salbiy ma'noda aytilmagan. Ular har doim jamoa sifatida o'sishimizga va «Barselona» kabi klub talablariga mos kelishimizga yordam berishga qaratilgan edi».
❓O'sha mavsumda (2023/24) nima noto'g'ri ketdiki, «Barsa» sovrinlarsiz qoldi?
🗣 Gundo'g'an: «Yuqori darajadagi futbol mayda detallarga bog'liq. Muhim pallalarda asosiy o'yinchilarning jarohatlari tufayli omadimiz kelmadi, Chempionlar ligasi va El-Klasikodagi hal qiluvchi bahslarda esa bizga shunchaki omad yoki darvoza oldidagi mahorat yetishmadi. Tarkib sifati, shubhasiz, yuqori darajada edi».
❓Siz Lamin Yamalning 16 yoshida tarkibda debyut qilganini ko'rgansiz. Uning 19 yoshidayoq bunday darajaga yetishini kutganmidingiz?
🗣 Gundo'g'an: «Biz bilan o'tkazgan ilk mashg'ulotdanoq Lamin aqlbovar qilmas iste'dodga ega ekani aniq edi. Ammo u shunchalik yosh bo'lishiga qaramay, jahon arenasida namoyish etayotgan yetuklik va barqarorlik hayratlanarli. U kamdan-kam uchraydigan yengillik bilan o'ynaydi. Uning o'yinini kuzatish — haqiqiy zavq. Unga faqat eng yaxshilarini tilayman va eng muhimi — sog'lom bo'lishini istayman».
❓Pau Kubarsi va Fermin Lopes haqida nima deya olasiz? Ular ham Xavining «Barselona»dagi faoliyati davomida asosiy tarkibga kirib kelishdi.
🗣 Gundo'g'an: «Ularning ikkalasi ham «La Masia»da olib borilayotgan aqlbovar qilmas ishning yorqin namunasidir. Pau Kubarsi o'yinni juda yaxshi o'qiydi va yoshiga nisbatan to'p bilan juda xotirjam. Fermin esa katta energiya, yuqori sur'at va yarim himoyadan darvozaga xavf solish qobiliyatini olib kiradi. Ikkalasi ham katta iste'dodga ega va klubda ko'p yillar davomida muhim rol o'ynash uchun kerakli mentalitetga ega».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!