Joau Kanselu: «Barselona»da o'ynash bolalikdagi orzuim edi»
Barca Family News ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 23

Joau Kanselu: «Barselona»da o'ynash bolalikdagi orzuim edi»

❓Sizni «Real» murabbiyi Joze Mourinyu ustidan qozoniladigan g'alaba ko'proq motivatsiya qiladimi? Hozirgi raqobat va avvalgi yillardagi qarama-qarshiliklarni hisobga olganda?

🗣 Kanselu: «Meni istalgan raqib ustidan qozoniladigan g'alaba motivatsiya qiladi. Gap faqat «Real» haqida emas, istalgan jamoa haqida ketyapti. Menga raqobat yoqadi, hayotimda ko'plab janglarda g'olib chiqqanman va kim bilan to'qnash kelishimdan qat'i nazar, yutishni yaxshi ko'raman. Bizda istalgan raqib bilan kurasha oladigan ajoyib jamoa bor deb hisoblayman».

❓Faoliyatingiz davomida o'zingizni «Barsa» bilan bog'laganingizni aytgandingiz. Futbolchilarni bu yerga nima undaydi?

🗣 Kanselu: «Har kim o'zi xohlagancha o'ylaydi. Men Dani Alvesga qarab o'sganman va u men o'ynaydigan pozitsiya uchun haqiqiy namuna. Kafu, Filipp Lam kabi ko'plab futbolchilar bo'lgan, lekin uning o'yini... Men ham xuddi shunday bo'lishni xohlardim. Bu ham asosiy sabablardan biri. Shuningdek, Ronaldinyo menga yoqardi. Nazarimda, 2009-yilgi «Barselona» men ko'rgan tarixiy jamoalar ichida eng kuchlisi edi. Shuning uchun ham men shu yerdaman. Bu yerda bo'lishni istayman va bundan juda xursandman».

❓Biz, «Barsa» muxlislarida sizning maydondagi kurashlaringizni ko'rganda hayajon uyg'onadi. «Barselona»ga bo'lgan bu his-tuyg'ularni qachon anglab yetgansiz?

🗣 Kanselu: «Valensiya»da o'ynab yurganimda bu yerga o'tish imkoniyatim bo'lgandi, lekin amalga oshmagan. «Manchester Siti»da bo'lganimda ham xuddi shunday holat kuzatilgandi. Qalbimning bir chekkasida «Barsa»da bo'lish qanday ekanligini ko'rish orzusi yashardi, chunki bolaligimdan shu klubni orzu qilganman. Birinchi mavsum biroz murakkab o'tdi. Ba'zi vaziyatlarda yaxshi o'ynadim, ba'zilarida esa yo'q. Jamoaga sovrinlar yutishda yordam bera olmadim. Ikkinchi marta esa... o'yladim: men APL, Bundesliga, A Seriyada g'olib bo'lganman, lekin bu yerda hamma narsa boshqacha. Buni ta'riflab berolmayman. Menga bu klub yoqadi, o'zimni u bilan bir butun deb bilaman. Odamlar meni yaxshi ko'rishini his qilyapman va men ham ularni yaxshi ko'raman. Bu his-tuyg'ular qorishmasi. Va'da beramanki, bor kuchimni shu klub uchun sarflayman va sovrinlar yutishga yordam berishga harakat qilaman».

❓Rodri «Barselona»ning Chempionlar ligasida g'olib chiqishi uchun yetishmayotgan bo'g'in bo'la oladimi?

🗣 Kanselu: «O'ylaymanki, u haqida ko'p gapirish shart emas. U buyuk futbolchi, yaqinda «Oltin to'p»ni qo'lga kiritdi. U har qanday jamoaga moslasha oladi deb hisoblayman. U bu yerga kelishga qaror qildi. Unga ham bu yer yoqadi, klub ma'qul kelgan. Men kabi u ham «Barsa» o'yin uslubini o'ziniki deb biladi. Ishonchim komilki, u muvaffaqiyatlarimizda muhim rol o'ynaydi».

❓«Barsa» himoyasidagi sog'lom raqobatni qanday baholaysiz va jamoaga qanday yordam bera olasiz?

🗣 Kanselu: «Raqobat — bu yaxshi narsa, u jamoani kuchaytiradi: hamma sog'lom muhitda raqobatlashadi va yaxshiroq tayyorlanadi. Men nima qila olaman? Ko'rganingizdek, tezlik qo'sha olaman, texnik futbolchiman, to'pni oldinga yetkazishda yordam bera olaman. Eng muhimi, jamoaga yordam berishni xohlayman, qaysi jihatdan bo'lsa ham. Har doim o'zimni eng yaxshi tomondan ko'rsatishga intilaman. Ba'zida o'xshamaydi, lekin har doim hamma narsa eng yaxshi bo'lishini istayman. Bu yerda ekanligimdan juda xursandman. Va'da beramanki, bor kuchimni shu klub uchun sarflayman».
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!