Joau Kanselu "Barselona"ga o'tishi va jamoadagi maqsadlari haqida gapirdi:
Kanselu: "Shunday bo'lishi ham mumkin ediki, men bir yilga "Al-Hilol"da qolib, o'ynamasligim mumkin edi. Men har doim "Barselona"ga qaytishni xohlaganman. Bu mening yagona maqsadim edi. Bunga o'zim, oilam va agentlarim yordamida erishdik, ular bunda katta rol o'ynashdi. Ular men faqat shu yerga qaytishni istayotganimni bilishardi, agar bu amalga oshmaganida, bir yil o'yinlarsiz qolardim".
Sizni intiqlik bilan kutishdi. Bu mavsumdan va qaysi qanotda o'ynashingizdan nimalar kutyapsiz?
Kanselu: "Men jamoaga yordam berishni xohlayman, o'ng yoki chap qanotda bo'lishining farqi yo'q. "Barsa"ga mavsum oxiriga qadar oldimizga qo'ygan maqsadlarga erishishda yordam bermoqchiman. Jamoadoshlarim ham xuddi shunday o'ylayapti deb o'ylayman. Bizda juda yaxshi jamoa va yuqori saviyadagi futbolchilar bor. Aytganimdek: bu yerda ekanligimdan juda xursandman, chunki bu mening bolalikdagi orzuim edi. Bu safar uzil-kesil va men juda mamnunman".
"Barsa"da "Manchester Siti"dan tanish bo'lgan Rodri bilan uchrashasiz. U jamoaga qanday ta'sir ko'rsatadi?
Kanselu: "U men o'ynagan eng yaxshi futbolchilardan biri. U ham himoyada, ham hujumda yordam beradigan futbolchi. U ham yordam berish uchun kelyapti. Uning mentaliteti yaxshi. Bizning munosabatlarimiz ham yaxshi. U bilan o'ynash juda oson. U "Barselona"ga yordam berish uchun kelyapti — bu unga ham boshidanoq aniq edi. Bu yerda bo'lishni istagan futbolchilarning bo'lishi muhim. Shunda ishlash va maqsadlarga erishish osonroq".
Endi "Barselona"ga ijara asosida emas, to'liq o'tyapsiz. Uch yillik shartnoma imzolaganingizga qanday qaraysiz?
Kanselu: "Yana takrorlayman: men juda baxtliman. Buni nafaqat men, balki oilam ham xohladi. Bu yerda ekanligimdan juda xursandman. Menga bu klub va bu yerdagi futbolga bo'lgan munosabat yoqadi. Bu hujumkor jamoa, ular to'pni nazorat qilishadi. Men o'zimni shu bilan, shu klub madaniyati bilan bog'layman. Men boshidanoq bo'lishni istagan joydaman va juda baxtliman".
Jismoniy holatingiz qanday? Xansi Flik sizga qachon ishonch bildira oladi va debyutingiz qachon bo'ladi?
Kanselu: "Jismonan o'zimni juda yaxshi his qilyapman. Ikki haftalik ta'tildan so'ng mashg'ulotlarga qaytdim. Murabbiy menga qachon ishonch bildira olishini esa undan so'rash kerak. Ammo men o'ynashga tayyorman".
Chempionlar ligasida g'alaba qozonishni faoliyatingizdagi eng muhim maqsad deb hisoblaysizmi?
Kanselu: "Ha, shubhasiz. Bu aniq. Agar bunga shu yerda erishish nasib qilsa, undan ham yaxshi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!