Jose Mourinyu: «Real Madrid» futbolchilari uchun g'alaba odatiy hol bo'lishi kerak»
Real Madrid CF ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 23

Jose Mourinyu: «Real Madrid» futbolchilari uchun g'alaba odatiy hol bo'lishi kerak»

🤴🎙 Joze Mourinyu o'yindan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi:

⚪️Taqvimning tig'izligi haqida Tebasga murojaat:

Men kamtar bo'lishim kerak, chunki ularda hokimiyat bor. Ulardan biz bilan bunday yo'l tutmasliklarini so'ramoqchiman. Taqvim o'ta og'ir bo'lganini aytmoqchi emasman, lekin bu juda murakkab edi. Agar ular hazillashmoqchi bo'lishsa, boshqalar bilan hazillashsin. Bu marafondan keyin bizni tinch qo'yishsin. Bu juda ko'p.
Bilasizmi, meni hozir nima xavotirga solyapti? Agar futbolchilar men va shtabim bilan qolishganda, ularning tiklanishiga alohida e'tibor qaratgan bo'lardik. Ammo ular terma jamoalarga ketishmoqda va murabbiylari ular bilan ishlashni xohlashadi. Bu yigitlarga esa hozir ishlash mumkin emas – ular dam olishlari kerak. Hozir ularning tiklanish jarayoniga maksimal e'tibor qaratish zarur.

⚪️Futbolchilardan yuqori fidoyilikka qanday erishilgani haqida:

Bu futbolchilarning mehnati. Barcha maqtovlar ularga tegishli. Ishimda hech qanday sir yo'q.
Biz katta o'sishni ko'ryapmiz. Bugun bizda to'p nazorati ko'p, himoyadagi ishlar esa kamroq edi. Ammo to'p yo'qotilgan vaziyatlarda jamoa juda yaxshi reaksiya bildirganini ham ta'kidlash kerak. 2-bo'limda ko'rsatkichli epizod bo'ldi: Arda to'p yo'qotilgan paytda o'z pozitsiyasida emasdi va Kilian o'ng qanot himoyasini yopish uchun sprint amalga oshirdi. Bu yaxshi namuna, garchi ko'plab misollardan biri bo'lsa ham.

⚪️O'yindagi taranglik haqida:

«Mestalya» – bu ehtiros. Tarix davomida o'z jamoasiga bo'lgan talablar tufayli bu yerda har doim qiyin bo'lgan. Ular individual va jamoaviy jihatdan ancha kuchliroq bo'lgan «Real»ga qarshi o'ynashganda, bu ularning hafsalasi pir bo'lishini kuchaytiradi va o'yinchilarni bunday uslubda o'ynashga undaydi.
Biz uchun xotirjamlikni saqlab, provokatsiyalarga berilmaganimiz yaxshi bo'ldi. Chetlatish epizodi mutlaqo aniq ko'rinadi. Kilianning sariq kartochkasi esa... bilmadim. Bu potensial golli vaziyat ekanligini tushunaman... O'yinni davom ettirishga ruxsat berish mumkinmidi yoki yo'q, bilmayman. Ammo menga hakam ajoyib o'yin o'tkazgandek tuyuldi. Ayniqsa, muxlislar doimiy ravishda norozilik bildiradigan stadionni hisobga olsak. «Bernabeu» – odamlar xotirjam futbol ko'rgani keladigan joy, Santander yoki Valensiya esa butunlay boshqacha. Bular muxlislar o'yinda faol ishtirok etishni xohlaydigan stadionlar. Natijadan norozilik esa ko'proq noroziliklarga va hissiyotli muhitga olib keladi. Ammo bularning barchasi me'yor doirasida.

⚪️Terma jamoa murabbiylariga maslahat berish rejasi haqida:

Men hech kim bilan gaplashmoqchi emasman, chunki qachondir terma jamoa murabbiyi bo'lamanmi yoki yo'q, bilmayman. Ammo bir narsaga aminman: agar bir kun bu sodir bo'lsa, klublar bilan qat'iy muloqot qilaman. Birinchi navbatda o'zim va jamoam haqida o'ylayman. Shuning uchun, hatto do'stim Karlo bo'lsa ham, kimlargadir qo'ng'iroq qilishga ma'naviy haqqim yo'q...
Garchi Karlo masalasida: uning oldiga Vinisius va Endrik ketmoqda. Agar u ularni maydonga tushirsa, faqat minnatdor bo'laman.
Terma jamoa murabbiylari ham to'plangan charchoq tufayli futbolchi jarohat olishidan manfaatdor emaslar. Ular ham futbolchilarga nisbatan professionallik ko'rsatib, tiklanishiga e'tibor qaratishlari kerak. Ko'ramiz, bizga omad kulib boqarmikin.

⚪️Ketma-ket 8 ta g'alabadan keyingi kayfiyat:

Bizda hech qachon tartibsizlik bo'lmagan, har doim xotirjamlikni saqlaganmiz. Yigitlar yaxshi damlarda ham xotirjamlikni saqlashlari uchun doimo kurashaman. Ularga «Madrid» kabi jamoaning g'alabalari aqldan ozdiradigan eyforiyani keltirib chiqarmasligi kerakligini doim aytaman. Bu odatiy hol bo'lishi kerak.
Men baxtli kiyim almashtirish xonasini ko'ryapman: ular baland ovozda musiqa tinglashadi, o'zi ham dahshatli musiqa (kuladi), lekin g'alabalardan keyin to'liq xotirjamlik hukm suradi. Agar yutqazsak, jurnalistlar muxlislarga ham tarqalishi mumkin bo'lgan tartibsizlikni uyushtirishadi. Ammo jamoa ichida biz xotirjamlikni saqlaymiz.

⚪️Ertaga NFL o'yiniga borishi haqida:

Faqat haroratim 40 dan 39 darajaga tushsa. Kuchdan qolganman. Charchaganman, haroratim bor. Shunchaki o'layapman. Ammo tuzalsam – boraman.

⚪️«Valensiya» murabbiyi bilan suhbat haqida:

Do'stim Agirrening oldiga borib, xafa bo'lmasligini aytdim, chunki mening futbolchilarim uning o'yinchilaridan ancha yaxshiroq. Muammo Agirreda emas. Senda menikidek futbolchilar bo'lsa, g'alabaga ancha yaqinroq bo'lasan.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!