Joze Mourinyo matbuot anjumanidan eng qiziqarli fikrlar:
⚪ O'yin haqida:
Biz juda tartibli va diqqatli o'yin ko'rsatdik, raqib pressingiga qarshi o'z darvozamizdan to'pni olib chiqishda xarakter namoyish etdik. 2-bo'lim boshida hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirishimiz mumkin edi... Jud va Mbappe bilan bo'lgan 2 ga 1 vaziyat... Shubhasiz, «Barsa» gol o'tkazib yuborgach, kuchli javob qaytarishga uringan, ammo biz biror marta ham xotirjamlikni yo'qotmadik.
⚪ Hakam haqida:
Hakam ajoyib o'yin o'tkazdi, ammo VAR 60-daqiqada uxlab qoldi va o'yinga katta ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan epizodga aralashmadi. Gap Kanseluning yaqqol chetlatilishi haqida ketmoqda.
⚪ Bernarduning asosiy tarkibdagi o'rni haqida:
Men bu yerda atigi 3 oydan beri ishlayapman. Uni yaxshi bilsam-da, o'yinchini bilish va uning o'yin dinamikasiga qanday moslashishini tushunish – ikki xil narsa. Men hech qachon bu mening asosiy tarkibim yoki kimdir daxlsiz deb aytmayman, chunki bizda juda yaxshi, muvozanatli jamoa bor. Hammasi ko'p mehnat qilmoqda va o'ynashga tayyor.
⚪ Navbatdagi o'yinlar haqida:
Bizni qiziqarli seriya kutib turibdi: yakshanba kuni safarda o'ynaymiz, chorshanba kuni yana safar, keyin esa yana bir sovg'a – yana safar o'yini. Ammo hechqisi yo'q, oldinga harakat qilamiz.
⚪ G'alaba goli va Kamavinganing yorib kirishi haqida:
Kamavinga ham, boshqalar kabi – asosiy tarkib o'yinchisi. Ularning barchasi o'ynash uchun mashg'ulot o'tkazadi. Murabbiy esa qaror qabul qiladi. Ba'zida murabbiylarda almashtirish uchun mos variantlar bo'lmaydi va ular o'z g'oyalarini amalga oshira olmaydilar. Menda esa o'yinchilar tanlovi boy. Men Kamaga Chuameni o'z pozitsiyasida qolishi kerakligini, o'zi esa bo'sh zonalarga hujum qilishi kerakligini tushuntirdim. «Barsa»ga qarshi o'ynash oson emas, chunki ko'pincha hujumni boshlaysiz va ofsaydda qolasiz yoki darvozabon uzoqqa chiqib ketganini ko'rasiz. Ammo chuqurlikdan yugurish amalga oshirilganda, Kamavinga qilganidek, raqibga reaksiya bildirish ancha qiyinroq.
⚪ Derbida mag'lub bo'lgandan keyin kiyim almashtirish xonasida nimalar o'zgargani haqida:
So'nggi o'yinlarda o'yinimizni sezilarli darajada yaxshiladik, buni inkor etib bo'lmaydi. Jamoada hammasi yaxshi, o'zaro tushunish juda yuqori. Maydon tashqarisida qolganlar o'ynayotganlarni qo'llab-quvvatlashmoqda. Bu ajoyib jamoa, ular bilan ishlash yoqimli. Bunday jamoalar qiyin damlarda birlashganda o'ziga xos bo'lib qoladi. «Atletiko»dan mag'lub bo'lganimizda, ertasi kuniyoq hamma buni unutib yuborgandi. Biz xotirjam bo'ldik va ishlashda davom etdik.
⚪ Kukurelyaning Yamalga qarshi o'yini haqida:
Bizda yuqori saviyadagi 2 ta chap qanot himoyachisi bor, bu menga yuklamani taqsimlash imkonini beradi. Karreras chorshanba kuni o'ynagan, shuning uchun Kuku o'yinga tetik holda kelib, faqat o'yin haqida o'ylay oldi. U ajoyib o'yinchiga qarshi kurashdi. Men har doim aytaman, o'yinchilar qanchalik yaxshi ekanligini faqat ularni yon chiziq yonida ko'rganimda tushunaman. Televizor orqali nimadir yetishmaydi. Faqat o'yinchi mendan 10 metr uzoqlikda bo'lganda, uning saviyasini tushunaman. Bu yigit [Yamal] juda yaxshi, lekin u aqlli ham. U Kukuga sariq kartochka oldirish uchun hamma narsani qilib ko'rdi, ammo u bosimga bardosh berdi. Diomande esa Espart yoki Kanseluga deyarli biror marta ham son ustunligini olishga yo'l qo'ymadi. Bu ajoyib jamoaviy ish. Ammo Kuku... u juda kuchli yosh yigitga qarshi ajoyib o'yin o'tkazdi.
⚪ Markazda o'yinchilarni tanlash haqida:
Men ajoyib jamoaga ega ekanligimni tushundim, unda hamma kerakli sifatlarga va to'g'ri mentalitetga ega. Markazda turli xil o'yinchilarni birlashtirish bizga o'xshash xususiyatlarga ega ikki o'yinchini ishlatishdan ko'ra ko'proq foyda berishini angladim. Aynan shuning uchun men tayanch yarim himoyachilari Bernardu – Guler juftligini ishlatmayman. Faqat mutlaqo ilojsiz vaziyatlarda bo'lmasa. Ammo Kamavinga – Chuameni bog'lamasi ham faqat muayyan vaziyatlarda ishlatiladi. Ko'rayotgan narsalarim menga yoqmoqda. O'ylaymanki, hujumchilarga ham bu uyg'unlik yoqadi. Bu bizga himoyada ko'proq muvozanat beradi va hujumlarni sifatliroq boshlashga imkon beradi.
⚪ Murabbiy ham g'alabaga hissa qo'shgani haqida:
Yo'q, yo'q. Faqat o'yinchilar. O'yinchilar bu g'alabaga munosib. Maydonda bo'lish va o'ynash, zaxira o'rindig'ida o'tirib qaror qabul qilishdan ko'ra qiyinroq. Ularning hammasi uchun juda xursandman. Hatto atigi bir hafta oldin operatsiya qilingan, ammo bugun bu yerga kelib, zaxirada bo'lsa ham yonimizda bo'lgan Asensio uchun ham.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!