Joze Mourinyu: «Dambi – bu tarix, madaniyat va ehtiros»
Real Madrid CF ↗ ●●●●● Matbuot 👁 4

Joze Mourinyu: «Dambi – bu tarix, madaniyat va ehtiros»

Joze Mourinyuning o'yinoldi matbuot anjumani:

⚪«Atletiko» haqida:

Ularda kuchli tarkib, ko'plab variantlar va o'z uslubi hamda DNKsini singdirgan ajoyib murabbiy bor. U ko'p yillik ishni amalga oshirdi.

⚪Derbi haqida:

Derbi har doim o'zida ko'proq narsani mujassam etadi. Derbi – bu tarix, madaniyat, muxlislar, futbolchilar va murabbiylarning ehtirosi... Ammo yakunda bu 3 ochko uchun o'yin.

⚪«Metropolitano»dagi yomon statistika haqida:

Jamoani maydonga tushirib, 100 foiz kuch bilan o'ynatishga erisha olamanmi, bilmayman, lekin bu mening va futbolchilarimning niyati. Ammo uddalay olamizmi, yo'qmi – noma'lum. Biz ketma-ket ko'p o'yin o'tkazdik va ba'zi narsalarni tuzatishga muvaffaq bo'ldik, biroq bu jarayon vaqt talab qiladi. Natijalarga erishgan holda takomillashish kerak. Biz shu ustida ishlayapmiz.

⚪Hakamlik xatolari haqida:

Siz mendan «Elche» o'yinni 11 kishi bilan yakunlagani haqida nima deb o'ylashimni so'rashingiz mumkin edi. Ammo bu haqda gapira boshlasak... ertagacha tugatmaymiz. Ertangi hakamni bir hafta oldin bilganimiz men uchun biroz g'alati, lekin agar uni tayinlashgan bo'lsa, demak, u bunday hissiy ahamiyatga ega o'yin uchun yetarli tajribaga ega deb aytishni ma'qul ko'raman. O'yindan oldin hakamlar haqida gapirishni yoqtirmayman. O'yindan keyin ko'ramiz. Ungacha esa... u mening to'liq ishonchimga ega.

⚪Vinisius uchun o'yinning o'ziga xosligi haqida:

Barcha uchun o'yin o'ziga xos. Bilmayman... balki «Real»da uzoqroq bo'lgan va bu salbiy tarixni boshdan kechirganlar nimadir ko'proq his qilar. Ammo men bunday deb o'ylamayman. Nazarimda, barchamiz bir qayiqdamiz, bu o'yinning murakkabligini va men oldin aytganimdek, bu shahar madaniyatining bir qismi ekanligini tushunamiz. Bu derbi barcha uchun birdek muhim.

⚪Yuqori yoki past blokda o'ynash istagi haqida:

Senga yoqadigan narsa boshqa, futbolchilaring bilan qila oladigan narsa esa butunlay boshqa. Murabbiy sifatidagi kuchli tomonlarimdan biri – men har doim futbolchilarimning salohiyatiga moslashishga harakat qilganman. Mening «Inter»im 90 daqiqa past blokda, doimo o'z qulaylik zonasida o'ynashi mumkin edi. Juda qattiq harakat qilishsa ham bizga gol ura olishmasdi. Past blokda himoyalanishni bilish menga yoqadi, chunki bunday lahzalardan qochish qiyin. Va ular yuzaga kelganda, 2 daqiqa bo'ladimi yoki 20, tayyor bo'lish kerak. Bu biz yaxshilash ustida ishlayotgan narsalardan biri. Biz bunday lahzalar bo'lishini tushunishimiz kerak.

⚪Qaysi o'yin ko'proq motivatsiya berishi haqida:

Meni har yangi kun motivatsiya qiladi. Yillar meni o'zgartirmaydi. «Vilyarreal»ga qarshi navbatdagi o'yin ham, Klasiko yoki derbi ham meni birdek motivatsiya qiladi. Motivatsiya borasida men uchun bularning farqi yo'q. Aytganimdek, Klasiko va derbi – madaniyatning, tarixning bir qismi. Shuning uchun ularda o'ziga xoslik bor. Ammo motivatsiya haqida gapirsangiz... uf... motivatsiya – bu har bir kun.

⚪Qaysi derbi eng katta taassurot qoldirgani haqida:

O'yindan bir hafta oldin ko'chada ketayotganingda kimgadir «Biz «Yuventus»ni yo'q qilamiz...» deb baqirmaydigan derbi bo'lmaydi. Yo tashqi dunyodan uzilib qolasan, yo bo'lmasa... Meni eng ko'p «Milan»-«Inter» o'yini ajablantirgan, chunki ular o'rtasida adovat bor deb o'ylagandim, ularning munosabatlari yaxshiligidan hayron qoldim. Ko'chada turli liboslardagi er-xotinni ko'rdim. Yoki ota va bolani. Portugaliyada bu imkonsiz... Turkiya haqida esa gapirmasam ham bo'ladi!

⚪Simeone haqida:

Meni Simeone haqidagi hujjatli filmda chiqishga taklif qilishdi va men bir daqiqa ham ikkilanmadim. Biz raqibmiz, lekin jangovar safdoshmiz.

⚪Chuamenining terma jamoaga chaqirilmagani haqida:

Bu qarorga hech qanday ta'sir o'tkazmadim, Zidan bilan gaplashmadik. Bu men uchun kutilmagan hol bo'ldi. Ammo ular gaplashib, u uchun mavsumoldi tayyorgarligini yakunlashga vaqt ajratish eng yaxshisi degan xulosaga kelishgan. Murabbiy unga kelajakda ishonishini aytgan va ular bu borada kelishib olishgan, bu biz uchun katta sharaf.

⚪Klubdagi dastlabki 100 kun haqida:

Men bor kuchimni berdim. O'ylaymanki, gap faqat mashg'ulotlar va o'yinda emas, balki klubning futbol tizimini qurishga ta'sir o'tkazishda ham. Men o'zimga baho qo'ymayman; uni ideal yoki salbiy deb hisoblamayman, lekin bor kuchimni berganimga baho qo'yaman. Bor kuchim bilan. Shu yerda to'xtayman.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!