Joze Mourinyu «Malaga»ga qarshi bo'lajak o'yin oldidan matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi:
⚪ «Oltin to'p» haqida:
Men uchun buyuk futbolchi — bu faoliyatini yakunlaganidan keyin sog'inib qoladigan futbolchidir. Men Maradona, Ronaldu Nazario, Messi, Zidan va Matteusni sog'inaman.
«Oltin to'p»ni faqat jahon chempionati yoki Chempionlar ligasidagi g'alaba uchun topshirib bo'lmaydi. Bu sovrinda siyosat juda ko'p, men esa buni yoqtirmayman.
⚪ Jamoaning jismoniy holati haqida:
Futbolchilar tayyorgarlikning turlicha bosqichlarida, ammo bizda yechim topishga imkon beradigan kuchli tarkib bor.
Kukurelya ertaga asosiy tarkibda maydonga tushadi, Alvaro esa yaxshi o'yin ko'rsatganiga qaramay, zaxirada qoladi. Agar Kukurelya charchab qolsa, Alvaro uni almashtirishga tayyor bo'ladi.
⚪ Yan Diomande haqida:
U «RB Leyptsig» bilan shug'ullanmadi va jamoani hali bilmagan holda keldi. Diomande asta-sekin o'yin amaliyotiga ega bo'ladi va moslashib boradi.
⚪ Vinisius va Mbappe bog'lamasi haqida:
Eng muhimi — ularning aqlbovar qilmas sifati va o'zaro tushunishi. Yaxshi munosabatlar va hamkorlik ularni yanada kuchliroq qiladi.
Ammo jamoa — bu to'qqiz plyus ikki emas, balki 11 nafar futbolchi. Bunday o'zaro tushunish barchaning o'rtasida mavjud bo'lishi kerak.
⚪ Jamoaviy muhit haqida:
Jipslik — bu faqat birgalikdagi safarlar va mehmonxonada qolish emas. Biz birga mashg'ulot o'tkazamiz, tushlik qilamiz va ko'p vaqtni birga o'tkazamiz. Men uchun bu ham juda muhim.
⚪ Jud Bellingemning roli haqida:
U noyob va jamoa uchun o'ta muhim. U jismoniy, ruhiy va taktik sifatlarga ega, to'pni olib qo'yish, hujum qilish va gol urishni biladi.
Kilian, Vini va Jud haqida ko'p gapirish mumkin, ammo men barchadan mamnunman. «Bernabeu»ga muxlislar yulduzlarni ko'rish uchun kelishadi, lekin birinchi navbatda ular jamoani ko'rishlari kerak. Biz birga o'ynaymiz, qiynalamiz, g'alaba qozonamiz va yutqazamiz.
⚪ Tiago Pitarche haqida:
Men Tiagoni juda yaxshi ko'raman. U navbatdagi qadamni tashlashga va asosiy guruhning bir qismi bo'lishga tayyorligini ko'rsatdi.
Tiklanib olgach, biz bilan mashg'ulot o'tkazadi va o'yin amaliyotiga ega bo'ladi. Unga jismonan kuchayish va bir necha kilogramm vazn yig'ish kerak.
⚪ Hujumkor futbolchilar erkinligi haqida:
Bunday darajadagi futbolchilarga ijodkorlik uchun bo'shliq berish va ularning sifatlariga ishonish kerak. Shu bilan birga, jamoa tartibli qolishi lozim.
Biz har kuni taktika, himoya va hujum qurish ustida ishlaymiz. Murakkab vaziyatlarda esa bu futbolchilarning individual mahorati o'yin taqdirini hal qila oladi.
⚪ Endrik va Oreliyen Tchuameni holati haqida:
Endrik qaytishga eng yaqini. Men tavakkal qilishni istamayman, ammo u «Betis»ga qarshi yoki Chempionlar ligasining birinchi o'yinida maydonga tushishi mumkin.
Tchuameni bilan shoshilish kerak emas. Uning qaytib, yana jarohat olishini va safdan chiqishini istamayman. Biroz kutib, to'liq tayyor futbolchini olgan ma'qul.
⚪ Xalqaro tanaffus haqida:
Terma jamoalar o'yinlari meni xavotirga solmoqda. Uch haftalik yo'qlik — jiddiy muddat.
Biz terma jamoa murabbiylarining professionalligiga ishonamiz, ammo futbolchilar jarohat bilan qaytishi yoki jamoa bilan o'yin aloqalarini yo'qotishi mumkin. Afsuski, biz bunga deyarli ta'sir o'tkaza olmaymiz.
⚪ Murabbiylik qilish yoki jamoani boshqarish qiyinroqmi?
Anchelotti barcha narsada ajoyib, uning deyarli zaif tomonlari yo'q. Hozircha bizda jiddiy muammolar yo'q, ammo ertami-kechmi ular paydo bo'ladi — taktik yoki jamoani boshqarish bilan bog'liq. Biz bunga tayyor bo'lishimiz kerak.
⚪ Asosiy tarkibning sizib chiqishi haqida:
Men raqib tarkibimizni o'yindan atigi bir yarim soat oldin bilishini afzal ko'raman, ammo sizib chiqishning o'zi falokat emas.
Muammo kutilmagan taktik g'oya oshkor bo'lsa yuzaga keladi. Masalan, agar raqib oldindan biz uchta himoyachi va hujumda Mbappe hamda Espi bilan o'ynashimizni bilsa, bu unga ustunlik berishi mumkin. Ammo bitta o'zgarish haqidagi oddiy ma'lumot katta ahamiyatga ega emas.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!