Kilian Mbappe mem tufayli xitoylik homiylarini yo'qotmoqda. Bu qanday yuz berdi?
Xitoyda "The Bridge" podkastidan olingan kliplar tarqalmoqda, unda Mbappe o'zi haqidagi eng kulgili mem haqida gapirib beradi. U yerda uning yuzi "qandaydir yigit – chamasi, bu xitoylik diktator" tasviriga yopishtirilgan. Xitoylik foydalanuvchilarning fikricha, gap Mao Szedun bilan bog'liq mem haqida ketmoqda. Munosabat zudlik bilan bo'ldi: seshanba kuni Kilian bilan ichimliklar ishlab chiqaruvchi Dongpeng hamda sut mahsulotlari kompaniyalari Mengniu va Milkground shartnomalarni bekor qildi.
Xitoyda Mao haqidagi hazillar – taqiq ostida, buning uchun hatto qamoq jazosiga ham tortilish mumkin.
Har ikki kompaniya deyarli bir xil javob qaytardi: "xitoy xalqining tuyg'ularini haqorat qiluvchi" so'zlarga "nol tolerantlik". Hatto Xitoy TIV ham aralashdi. Podkast rolikni o'chirib tashladi, ammo nusxalari tarmoq bo'ylab tarqalib ketdi.
G'arb uchun Mao – tarixiy shaxslardan biri. Xitoy uchun esa – davlat asoschisi: uning portreti Tyananmen darvozasida osilgan, jasadi mavzoleydagi yotibdi, yuzi esa banknotlarda bosilgan. Xitoyliklar tarmoqda aynan "yuz dollarlik kupyuradagi odam"ga ishora qilishdi – Mao 100 yuanlik banknotda tasvirlangan.
Buning qanchalik jiddiy ekanligiga misol: 2015-yilda mamlakatning eng mashhur teleboshlovchilaridan biri Bi Futszyan yashirincha shaxsiy kechki ovqatda tasvirga olingan, u yerda Mao haqida qo'pol hazillar qilgan. Rolik tarmoqqa tarqalib ketdi va CCTV boshlovchini ishdan chetlatdi.
Yuridik jihatdan qahramonlarni uchta mexanizm himoya qiladi. 2018-yilgi qonun qahramonlarning jasorati va sharafini "buzib ko'rsatish va haqorat qilish"ni taqiqlaydi. 2021-yildan beri Jinoyat kodeksida 299-1-modda mavjud – ularning sha'niga tajovuz qilganlik uchun uch yilgacha qamoq jazosi bor. 2022-yildan esa brendlar "axloqiy normalar"ni buzgan elchilardan "ongli ravishda voz kechishlari" shart.
Nozik tomoni shundaki, qonun qahramonlar ro'yxatini bermaydi va Mao u yerda to'g'ridan-to'g'ri nomlanmagan. Ammo modda allaqachon qo'llanilgan: Nanchanda bir erkak Mao o'g'lining Koreya urushidagi halokati haqidagi hazili uchun hibsga olingan.
Shu sababli brendlar shartnomalarni bir vaqtning o'zida va bir xil formulalar bilan bekor qilmoqda – shunday qilib ular o'zlarini xavfdan xalos etishadi. Yulduzlar shartnomalarida deyarli har doim kelishuvni kompensatsiyasiz bekor qilishga imkon beradigan "axloqiy bandlar" mavjud.
Sport bu borada bir necha bor kuyib qolgan. "Hyuston" bosh menejeri Deril Morining Gonkongdagi noroziliklarni qo'llab-quvvatlagan tvitidan so'ng, CCTV deyarli bir yil davomida NBA'ni ko'rsatishni to'xtatgan. Mesut O'zil uyg'urlar himoyasi haqida gapirganida esa, "Arsenal" – "Man Siti" o'yini efirdan olib tashlangan, O'zilning o'zi esa PES'ning xitoycha versiyasidan chiqarib yuborilgan.
Mbappega yuridik jihatdan biror narsa tahdid soladimi? Nazariy jihatdan istisno qilinmaydi: xitoy huquqi jinoyat sodir bo'lgan joy deb oqibatlari yuz bergan joyni ham hisoblaydi. Amalda esa – yo'q: Mbappe Xitoyda yashamaydi, Fransiya esa o'zida jinoyat hisoblanmaydigan ish uchun uni topshirmaydi.
Forbes baholashicha, 2026-yilda Mbappe taxminan 100 million dollar ishlab topadi, shundan 30 million dollari – maydon tashqarisidan. Xitoy shartnomalarining summalari oshkor etilmaydi.
Mbappe mavzuni tezda tushunib yetdi va allaqachon omma oldida uzr so'radi:
Yaqinda bergan intervyum davomida men o'zim tasvirlangan rasmga munosabat bildirdim va endi o'ylamasdan aytgan izohim Xitoyda va undan tashqarida ko'plab odamlarni xafa qilganini tushunib yetdim. Men so'zlarim bilan ranjitgan barchadan uzr so'rayman – hech kimni haqorat qilish niyatim yo'q edi, men xitoy xalqi va uning tarixini chuqur hurmat qilaman hamda chin dildan afsusdaman.
Yordam beradimi? Hozircha Mbappe uchun haqiqiy oqibatlar – yuridik emas, balki tijoriy va obro'ga oid. Xitoy bozori yulduzlar uchun birgina ibora tufayli yopiladi – va uzoq muddatga.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!