L'Equipe xabariga ko'ra, Lois Openda «Lion» safida «Kristal Pelas»ga qarshi bahsda ishtirok eta olmaydi.
«Lans»ga qarshi (1:2) o'tgan juma kungi o'yinning ikkinchi bo'limida Ismael Ganiu tomonidan qilingan qo'pol harakatdan so'ng, Lois Openda 60-daqiqadan keyin o'yinni davom ettira olmadi. U o'zi uchun tanish bo'lgan «Bollar-Delelis» stadionini hassa yordamida tark etgan.
O'ng boldir mushagining yuqori qismidan jarohat olgan 26 yoshli hujumchining ahvoli dastlab «Lion» tibbiy shtabini unchalik xavotirga solmagan edi. Biroq dam olish kunlari futbolchi og'riq sezishda davom etdi va uning payshanba kuni Yevropa ligasi doirasidagi «Kristal Pelas»ga qarshi o'yinda qatnashmasligi tasdiqlandi.
Gematoma biroz kichrayganidan so'ng, dushanba kuni futbolchi tibbiy ko'rikdan o'tadi. Shifokorlar mushak shikastlanishi yoki suyakda yoriq bor-yo'qligini tekshirib, tiklanish muddatini aniqlashadi. Ayni damda Opendaning kelasi yakshanba kuni «Nitssa»ga qarshi o'yinda ishtirok etishi katta so'roq ostida. «Lion» «Yuventus»dan ijaraga olingan markaziy hujumchining sog'lig'i bilan tavakkal qilmoqchi emas.
Belgiyalik futbolchi yo'qligida tarkibga o'tgan mavsum ikkinchi yarmida hujum chizig'idagi kashfiyotlardan biriga aylangan 18 yoshli Remi Imber qaytadi.
Paulo Fonsekada boshqa variantlar ham bor. Pavel Shults markaziy hujumchi pozitsiyasida o'ynashi mumkin, Xalis Mera esa o'zining asosiy pozitsiyasi bo'lmasa-da, bir necha bor yaxshi harakat qilgan. Xususan, juma kuni «Lans»ga qarshi bahsda u zaxiradan maydonga tushib, Liga 1dagi ilk golini urdi.
«Lion»ga o'tganidan beri Openda asosiy tarkibda maydonga tushgan o'nta o'yinda bor-yo'g'i ikkita gol urdi. Shunga qaramay, u muntazam ravishda golli vaziyatlar yaratmoqda va uning faolligi raqiblar himoyasiga jiddiy bosim o'tkazmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!