Manchester United moliyaviy hisobotidan yana bir nechta qiziqarli faktlar.
Barcha raqamlar 2026-yil 30-iyun holatiga ko'ra keltirilgan.
● Umumiy ish haqi fondi 302 million funt sterlinggacha qisqardi (11,2 million funt yoki 3,6 foizga kamaygan). Sabablari o'tgan yilgidek: "birinchi jamoa tarkibidagi o'zgarishlar" va xodimlarni qisqartirish dasturlari. Ish haqi endilikda daromadning 44,6 foizini tashkil etmoqda (avval 47 foiz edi).
● Qisqartirishlar raqamlarda: klubda 805 nafar xodim qolgan (bir yil avval – 886, ikki yil avval – 1127). Murabbiylar va texnik shtabning o'rtacha soni 193 nafardan 133 nafargacha, tijorat bo'limi esa 170 nafardan 95 nafargacha kamaydi. O'yinchilar (erkaklar + ayollar) soni esa aksincha, 133 nafardan 150 nafarga yetdi.
● Yuqori bo'g'in menejmenti ham arzonlashdi: direktorlar va rahbariyat 5,6 million funt oldi (bir yil avval – 7,9 million funt).
● Tarkib amortizatsiyasi 211,8 million funtgacha o'sdi (15,4 million funt yoki 7,9 foizga ko'p) – klub buni "birinchi jamoa tarkibiga kiritilgan doimiy investitsiyalar" bilan izohlaydi. Amortizatsiya qilinmagan qoldiq 452,3 million funtgacha tushdi (avval 537,3 million funt edi), shundan 156,1 million funti joriy mavsumdayoq hisobdan chiqariladi – va bu hali yozgi xaridlarsiz.
● O'yinchilarni sotishdan olingan sof foyda 46,9 million funtni tashkil etdi (1,8 million funt yoki 3,8 foizga kamaygan). Asosiy sotuvlar – Garnacho "Chelsi"ga va Xeylund "Napoli"ga.
● Favqulodda xarajatlar 8,2 million funtgacha keskin tushdi (28,4 million funt yoki 77,6 foizga kamaygan). Bunga Ruben Amorim va uning shtabining ketishi, restrukturizatsiya bo'yicha yakuniy xarajatlar hamda Futbol ligasi pensiya jamg'armasi taqchilligini qoplash uchun badallar kirdi.
● Umumiy operatsion xarajatlar 701,9 million funtgacha qisqardi (31,8 million funt yoki 4,3 foizga kamaygan), boshqa operatsion xarajatlar esa 159,2 million funtgacha tushdi (11,2 million funt yoki 6,6 foizga kamaygan).
● Chempionlar ligasini o'tkazib yuborish narxi: adidas shartnoma bo'yicha Chempionlar ligasisiz o'tgan mavsum uchun minimal kafolatdan 10 million funt kesib tashladi. Yevrokuboklardan tushgan daromad esa 6,5 million funtgacha tushib ketdi (bir yil avval – 43,7 million funt).
"Ushbu natijalar biz to'g'ri yo'lda ekanligimizni tasdiqlaydi, ammo moliyamiz barqaror qolishi uchun intizomli yondashuvni davom ettiramiz", – deydi ijrochi direktor Omar Berrada.
Qarzlar va naqd pul zaxiralari haqida:
● Uzoq muddatli qarzlar 577,6 million funtgacha o'sdi (105,7 million funt yoki 22,4 foizga ko'p). Bu safar gap kurs ta'siri haqida emas: klub obligatsiyalarni qayta moliyalashtirdi (425 million dollardan 550 million dollargacha) va to'lov muddatini 2027-yildan 2031-yilga surdi. Umumiy dollar qarzi endi 775 million dollarni tashkil etadi.
● O'tgan yili xavotirli darajada besh baravarga o'sgan aylanma kredit liniyasi 30-iyun holatiga ko'ra 110 million funtgacha qisqartirildi (avval 165,1 million funt edi). Ammo bu uzoqqa cho'zilmaydi: yozgi transfer oynasidan so'ng klub mavjud 400 million funtdan yana 200 million funtini ishlatdi (fevral oyida limit yana 50 million funtga oshirilgandi).
● Yozda (hisobot davridan keyin) "MYu" xaridlar va shartnomalarni uzaytirish uchun 191,7 million funt sarfladi – to'lovlar 5 yil davomida amalga oshiriladi.
● Boshqa klublardan bo'lgan transfer qarzlari 375 million funtgacha kamaydi (avval 447,1 million funt edi), shundan 156,7 million funti bir yildan keyin to'lanishi kerak. "MYu"ning o'ziga esa boshqa klublar 67,9 million funt qarzdor (avval 102,6 million funt edi).
● Sof moliyaviy xarajatlar 69,6 million funtgacha ko'tarildi (avval 21,2 million funt edi). Asosiy sabab – dollar: xedjlanmagan qarz bo'yicha klub kurs farqidan 10 million funt yo'qotdi, bir yil avval esa undan 22,9 million funt ishlab olgandi.
● Operatsion pul oqimi 178,7 million funtgacha o'sdi (106 million funtga ko'p). Klub transferlar uchun pulni qisman sotilgan o'yinchilar uchun boshqa klublardan keladigan bo'lajak to'lovlarni sotish orqali topdi. Biroq 63,5 million funt yangi stadion uchun yerga sarflandi va naqd pul zaxiralari 67,2 million funtgacha kamaydi (avval 86,1 million funt edi).
🤔 Operatsion jihatdan hisobot yaxshi, ammo izohlar bilan.
👉 Xarajatlar qisqartirilmoqda – ish haqi va operatsion xarajatlar ketma-ket ikkinchi yil kamaymoqda, shtat ikki yil ichida qariyb 30 foizga qisqardi.
👉 O'tgan yilgi prognoz yarim yo'lda amalga oshdi: operatsion foyda paydo bo'ldi (22,6 million funt), ammo sof zarar 30 foizga o'sdi – 33 million funtdan 43 million funtgacha.
👉 Joriy mavsum uchun daromad prognozi – 740-760 million funt (taxminan 11 foizga o'sish, tarixda ilk bor 700 million funtdan oshishi).
👉 Qarz yuki yana oshdi: sof qarz (kreditlar minus naqd pul) – bir yil avvalgi 551 million funtga nisbatan 622 million funt atrofida. Oldinda esa 100 ming o'rinli stadion qurilishi turibdi.
👉 Klubning diskleymeri o'tgan yilgidek: hisobotda ko'plab prognozli bayonotlar mavjud va ular "natijalarga kafolat bo'la olmaydi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!