"Milan" va "Inter" afsonaviy "San-Siro" o'rnini egallaydigan arena loyihasini taqdim etishdi. Uning nomi homiylik asosida Generali Stadium bo'ladi, bu Italiya sug'urta kompaniyasi sharafiga nomlangan. Italiya uchun bu kamyob holat: A Seriyada homiy nomi bilan ataladigan stadionlar juda kam.
Stadion nomlash huquqi uchun taxminan 650 million yevro to'lanadi – bu dunyodagi eng qimmat kelishuvlardan biri.
Bitim muddati bo'yicha manbalar turlicha ma'lumot bermoqda. Forbes Italia va Il Sole 24 Ore 25 yil haqida yozmoqda, ya'ni yiliga taxminan 26 million yevro. The Athletic ma'lumotiga ko'ra, shartnoma 20 yilga mo'ljallangan, bu holda yiliga taxminan 32,5 million yevro to'g'ri keladi. Klublar mablag'ni teng taqsimlab olishadi.
Hatto kamtarona baholarda ham bu bozor cho'qqisi hisoblanadi. Spotify "Barselona"ga "Kamp Nou" uchun yiliga taxminan 20 million yevro, Allianz "Yuventus"ga – taxminan 15 million, Signal Iduna "Borussiya"ga – 10 million, Riyadh Air "Atletiko"ga – 9,5 million yevro to'laydi. Faqat Amerika arenalari yaqin ko'rsatkichlarga ega: Crypto.com Arena Los-Anjelesda (yiliga taxminan 31 million dollar) va SoFi Stadium (28 million dollar).
71 500 o'rinli arenani Norman Fosterning Foster + Partners byurosi va Manica Architecture loyihalashtirmoqda. Qurilish 2028-yilda boshlanishi, ochilish esa Yevro-2032 ga rejalashtirilgan. 2031-yilga qadar klublar "San-Siro"da o'ynashda davom etishadi.
"Milan" va "Inter" 2025-yilda "San-Siro"ni sotib olishgan, ammo eski stadion bilan nima bo'lishi borasida manbalar turlicha fikrda. Blue News yozishicha, Milan meriyasi "madaniy qadri" sababli uni buzib tashlashni rad etgan. Forbes Italia esa stadionning 90 foizi buzilishi, qolgan qismi esa yodgorlik sifatida saqlab qolinishini yozmoqda.
Qurilish qiymati hozircha aniq emas: baholar 1,2 milliard yevrodan (Forbes Italia, klublar tomonidan rasmiy tasdiqlanmagan) 2,3 milliard yevrogacha (blue News) yetmoqda.
Asosiy maqsad – "San-Siro" hozirda keltirmayotgan daromad. 2025/26 yilgi mavsumda "Inter" stadiondan 90 million, "Milan" esa 50 million yevro ishlab topdi. Yangi arena bilan klublar birgalikda yiliga 260 million yevro daromad qilishni ko'zlashmoqda. O'sishning asosiy manbai – VIP-o'rinlar: ularning soni hozirgi 3 000 tadan 13 000 taga yetkaziladi.
Bundan tashqari, ofislar, avtoturargohlar, konferens-markaz, muzey va ekskursiyalar, konsertlar ham daromad keltiradi. Bularning barchasi o'yinlarga chiptalar sotuvidan tashqari hisoblanadi.
🤔 Yangi arenaning sig'imi "San-Siro"nikidan ham kamroq – klublar muxlislar soniga emas, balki ularning har biri qancha mablag' sarflashiga urg'u berishmoqda. Italiya futboli nihoyat stadion daromadlari bo'yicha Yevropani quvib yetmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!