Paxtakor hakamlar qaroridan norozi bo'lib, shikoyat kiritdi
FC PAKHTAKOR ↗ ●●●●● Umumiy 👁 29

Paxtakor hakamlar qaroridan norozi bo'lib, shikoyat kiritdi

Superliga 18-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Surxon" o'yinining 90+3-daqiqasida Hojimat Erkinov tomonidan urilgan gol hakamlar tomonidan bekor qilindi. "Paxtakor" jamoasi kamerasidan olingan kadrda ofsayd yo'qligi ko'rinib turibdi. Uni e'tiboringizga yana bir bor taqdim etamiz. Golni bekor qilish jarayonida VAR tizimi orqali hakamlarning qanday muloqotda bo'lgani biz uchun qiziq. Ofsayd ehtimoli bor futbolchi to'g'ridan-to'g'ri to'pga o'ynamagan, darvozabon to'pni bemalol qarshiliksiz to'xtatib, tepib yuborish jarayonida xatoga yo'l qo'ygan. Bu holatda o'yin davom ettirilib, navbatdagi holatga (faza) o'tib ketgani sababli golni VAR orqali bosh hakam o'zi ko'ribgina bekor qilishi mumkin - futbolchining raqibga xalal berish holati bo'yicha (o'yindan tashqari holat bo'lgan holatda). Qoidalarga ko'ra, himoyalanayotgan jamoa futbolchisi to'pga ongli o'ynagan-o'ynamaganini aniqlashda bosh hakam monitor oldiga chaqirilishi kerak.

To'p uzoq masofadan aniq ko'rinib turgan holda yetib kelgan, sekin harakatlangan, himoyalanayotgan jamoa futbolchisi to'pni nazorat qilish va tana harakatini muvofiqlashtirish uchun yetarli vaqtga ega holatda ofsaydni aniqlash VAR protokoliga ko'ra, bosh hakamni monitorga chaqirish orqali bekor qilinishi mumkin.

Biroq VAR hakami bu golni qanday qilib bekor qilgani bizga qorong'u. Agar biz shaffoflik, ochiqlik bilan ishlayotgan bo'lsak, unday holda VAR audioyozuvlarining O'zFHM tomonidan e'lon qilinishini kutamiz. PFLdan ham bu masalada ko'mak kutamiz, chunki PFL klublar huquqini himoya qilishda ishtirok etishi lozim. O'zbek futbolida adolat, ochiqlik va shaffoflikni istasak, unda har bir o'yinda muhokamalarga sabab bo'lgan holatlar audioyozuvlari ochiqchasiga taqdim etilsin.

Hakamlar tayinlanuvi borasida ham savollar yetarlicha. 5 yilga futboldan chetlatilgan va uzoq vaqt o'yinlarni boshqarish amaliyotisiz yurgan Jasur Muxtorov 2026-yilning o'zida, hakamlikka qaytganining to'laqonli birinchi yilida hozirgacha 11 bellashuvda bosh hakam sifatida ishladi. Birinchi mavsumning o'zida bunchalik ko'p o'yinlarda ishlash jahon darajasidagi hakamlarga ham nasib etmagan. O'yin davomida u futbolchilarimizga nisbatan ishlatilgan bir necha qo'polliklarni e'tiborsiz qoldirdi. Muxtorov 2 tur avval Toshkentda "Buxoro"ga qarshi bellashuvda raqib qo'pollik ishlatib urgan golni VARda ishlaganda inobatga olgandi. "Surxon" bilan bellashuvda VAR hakami Ravshan Abduvohidov 3 tur oldin jamoamiz ishtirokidagi o'yinda raqibning ko'plab qo'polliklarini e'tiborsiz qoldirgandi. Kecha VAR orqali chiqargan noto'g'ri qarori "Paxtakor"ni muhim ochkolardan mahrum qildi.

Hakamlar, ularning darajasi, ularning qanchalik vijdonan ishlayotgani hakamlik ishini tahlil qiluvchi va javobgar tashkilotlar tomonidan ko'rib chiqilib, bu borada ochiq bayonot berilishiga chaqiramiz.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!