Real Madrid futbolchilari AEK ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng fikr bildirishdi
ZZoneRM ↗ ●●●●● Matbuot 👁 26

Real Madrid futbolchilari AEK ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng fikr bildirishdi

Valverde: "Mourinyo bilan ishlash — bir zavq".

"Real Madrid" futbolchilarining o'yindan keyingi intervyulari

Valverde: "Bizning kambeklarimiz Mourinyo va futbolchilarning o'z mehnati samarasi. Biz hech qachon taslim bo'lmaymiz. Murabbiylar shtabi bizga ishonadi, biz esa bir-birimizga. Aynan shuning uchun ham kurashishdan to'xtamaymiz. Ushbu murabbiylar shtabi qo'l ostida o'ynash — haqiqiy zavq.

O'ng qanot himoyachisi pozitsiyasidagi harakatlarim? Trent va Dyumfrisdan o'rganishga harakat qilyapman — ular men uchun o'rnak. Men eng yaxshi yarim himoyachi va eng yaxshi o'ng qanot himoyachisi bo'lish ustida ishlayapman.

Vinisius? Eng muhimi shundaki, hatto xatolardan keyin ham u harakat qilishda va jamoaga foyda keltirishda davom etmoqda. Vinisius o'zining eng yaxshi formasiga qaytadi".

Bellingem: "Bugun biz navbatdagi kambekni amalga oshirdik, ammo "Madrid" mentaliteti shunaqa. Aynan shunday kayfiyat bilan mavsum oxirigacha o'ynashimiz kerak.

So'nggi bir necha kunda aytganimdek, eng muhimi — navbatdagi o'yin. Shu bois "Valensiya"ga qarshi bahsga katta ishtiyoq va g'alaba umidi bilan boramiz.

Qanday qilib gol urdim? Biroz instinkt va biroz mahorat (kuladi).

Valverdening goli? Uning goli menikidan ancha chiroyli! Ammo Federiko uchun bu odatiy hol. U bunday gollarni ura olishi ajablanarli emas. Bu biz uchun juda muhim gol bo'ldi. Butun jamoaning munosabatidan ko'rinib turibdiki, biz birlashganmiz va Valverdening goli, jamoa hamda ushbu uch ochko uchun juda xursandmiz".

Militao: "O'zimni qanday his qilyapman? Juda charchadim, lekin juda baxtliman. Safga qaytganimdan va yana to'liq 90 daqiqa o'ynaganimdan juda xursandman. Barchamiz maydonga tushishga tayyor bo'lishimiz kerak. Mourinyo har bir futbolchining jamoada o'z o'rni bo'lishini ta'minlashda a'lo darajada ishlamoqda.

Vinisius — har kuni kayfiyati chog' yuradigan inson. Hozir unda hamma narsa o'zi xohlagandek ketmayapti, lekin u tinmay mehnat qilmoqda. O'ylaymanki, barcha uning qayta-qayta harakat qilayotganini ko'rib turibdi, biroq, afsuski, gollar hozircha kelmayapti.

Shu bilan birga, Vinisius jamoaga foyda keltirishda davom etmoqda, qolaversa, juda katta foyda. U biz uchun o'ta muhim futbolchi. Ishonchim komilki, kerakli pallada u ushbu qora chiziqdan o'tib oladi. U ko'p narsaga loyiq va men uning avvalgi darajasiga qaytishiga ishonaman".

Kurtua: "Oltin to'p" yakunlari? Men Mbappe'ni o'z top-10 taligiga kiritmagan ayrim jurnalistlar qanday ovoz berganini chin dildan tushunmayapman. Qanday bo'lmasin, endi Kilian keyingi yili "Oltin to'p"ni qo'lga kiritishga urinib ko'radi. Biz La Liga va Chempionlar ligasini yutib, unga yordam berishga harakat qilamiz".

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!