«Vilyarreal»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanining birinchi qismi bo'lib o'tdi. Ronald Arauxoga so'z beramiz:
🛑 «Liverpul»dagi moslashuv haqida
Men ingliz tilini o'rganyapman va o'ylaymanki, kutilganidan ham tezroq o'zlashtiraman. Rostini aytsam, klubning ko'lami meni hayratda qoldirdi. «Liverpul» qanchalik buyuk ekanligini bilsangiz ham, aynan shu yerga kelib, klubning hajmi, tuzilishi va muxlislarini ko'rganingizda, bu haqiqatan ham ulkan jamoa ekanligini tushunasiz.
Men juda baxtliman, chunki kelganimdan beri meni shunchaki jamoa o'yinchilaridan biri sifatida qabul qilishdi – ham klub ichidagi insonlar, ham muxlislar. Ulardan juda minnatdorman.
Buning evaziga mashg'ulotlarda va har bir o'yinda bor kuchimni berish orqali ularga javob qaytarmoqchiman.
🛑 o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasi haqida
Men uchun bu muammo emas, chunki avval ham bir necha bor shu pozitsiyada o'ynaganman. Bu yerga o'tishga qaror qilganimda, variantlardan biri o'ng qanot himoyasida o'ynash bo'lishi mumkinligini tushunardim, shuning uchun bu men uchun mutlaqo yangilik emas.
Oxir-oqibat, pozitsiyadan va murabbiy mendan nima talab qilishidan qat'i nazar, qo'limdan kelganini qilishga harakat qilaman. Markaziy himoyada o'zimni qulayroq his qilishimni inkor etmayman, lekin o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasi ham men uchun murakkab emas.
🛑 «Liverpul»ning Chempionlar ligasidagi imkoniyatlari haqida
Rostini aytsam, bizda juda kuchli futbolchilarga ega ajoyib jamoa va ulkan salohiyat bor deb hisoblayman. Yaqinda kelgan va jamoaga ko'p narsa bergan o'yinchilar bor, jumladan men ham.
Chempionlar ligasi – bu ajoyib jamoalar to'p suradigan juda murakkab turnir. Ba'zida pley-off o'yinlari taqdirini juda kichik detallar hal qiladi. O'ylaymanki, biz ishtirok etayotgan barcha to'rtta turnirda kurashishga qodirmiz. Mavsum uzun, lekin biz to'g'ri yo'nalishda harakatlanmoqdamiz.
Natijalar hozircha ajoyib bo'lmasa-da, biz yaxshi ishlayapmiz. Jamoa oldinga qarab bormoqda va rivojlanmoqda. Bizda yanada o'sish uchun salohiyat bor.
🛑 Sobo haqida
Sobo – ajoyib futbolchi. Uning sifatlarini bu yerga kelganimdan so'ng darhol ko'rdim – u jamoaga nimalar bera olishini darhol tushunasiz.
U jismonan va texnik jihatdan juda kuchli, u biz uchun va bizning futbol uslubimiz uchun haqiqatan ham muhim o'yinchi, ammo hozir biz unga tayanib bo'lmaydi. Albatta, bizga u yetishmaydi, biroq bizda uning o'rnini bosa oladigan boshqa o'yinchilar bor.
Jamoamizda sifat juda yuqori, uni almashtira oladigan futbolchilar bor, shuning uchun biz ertangi o'yinni quvonch va ishtiyoq bilan kutishimiz kerak.
🛑 ijara muddati tugagach «Liverpul»da qolish imkoniyati haqida
Bunday narsalar haqida gapirish uchun hali juda erta. Men shunchaki har bir kundan zavq olishga, o'sishda va rivojlanishda davom etishga hamda o'zimga bo'lgan ishonchni oshirishga harakat qilyapman.
Men bu yerda juda baxtliman, oilam ham juda baxtli, ammo hozir bunday narsalarni muhokama qilish biroz erta.
🛑 Liverpuldagi hayot haqida
Rostini aytsam, bu yerda o'zimni juda, juda yaxshi his qilyapman. Men «Liverpul» kabi katta klubdan kelganman.
Bu yerda odamlar hissiyotga boyroq. Ko'chaga chiqqaningizda, Liverpul markaziga kelganingizda yoki biror joyda ovqatlanayotganingizda buni his qilasiz, lekin buning o'ziga xos go'zalligi bor. Bu yerda futbol bilan qanchalik yashashayotganini ko'rasiz.
Men bu yerda juda baxtliman, shunchaki bu mavsumni davom ettirishni va bor kuchimni berishni xohlayman. Futbolchi sifatida o'rganishda va o'sishda davom etmoqchiman – men har doim shu narsani xohlaganman. Hozir men o'yin vaqti va maydondagi daqiqalarga ega bo'lyapman, bu esa men xohlagan narsaning aynan o'zi.
🛑 muxlislar bilan munosabatlar haqida
Ulardan juda minnatdorman. Futbolchilar uchun odamlar va muxlislarning sevgisini his qilish juda muhim.
Men har doim o'zimning eng yaxshi versiyamni ko'rsatishga harakat qilaman. Maydonga tushganimda, muxlislar bilan aloqani chinakamiga his qilaman. Ba'zida yaxshi o'ynaysiz, ba'zida yomon – futbol shunaqa, lekin oxir-oqibat eng muhimi – bor kuchingizni berishdir. Men aynan shuni qilmoqchiman.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!