«Tottenxem» — APL tarixida dastlabki to'rt o'yinda asosiy tarkibda yangi futbolchilarni shunchalik ko'p (20 martadan ortiq) maydonga tushirgan atigi 12-klub. Undan oldingi 11 ta jamoada ishlar turlicha kechgan va keyinchalik barqaror o'sishga erishganlari juda kam.
Ligadagi o'rnini yaxshilagan beshta jamoadan faqat ikkitasida uzoq muddatli o'sish haqida gapirish mumkin: 2004/05 mavsumidagi «Tottenxem» va 2008/09 mavsumidagi «Manchester Siti». Bunda «Siti»ning natijalari yaxshilanishi ko'p jihatdan shayx Mansur davrining boshidagi jiddiy moliyaviy sarmoyalar bilan bog'liq edi.
«Vest Xem» 2018/19 mavsumida ko'plab yangi futbolchilarni jalb qilib, o'z o'rnini yaxshiladi, lekin keyingi mavsumdayoq saqlanib qolish uchun kurashga tushdi, hozir esa umuman Chempionshipda o'ynayapti. «Sanderlend» 2013/14 mavsumi oldidan katta xarajatlardan so'ng hatto Birinchi ligagacha tushib ketdi. «Chelsi» esa 2023/24 mavsumi oldidan tarkibni jiddiy yangilaganidan atigi ikki mavsum o'tib 10-o'ringa tushdi.
«Tottenxem» holatida esa o'tgan mavsumdagidan battar bo'lishi qiyindek tuyuladi: tarkibda sifatli futbolchilar juda ko'p va jamoa yana saqlanib qolish uchun kurashga tortilishi amrimahol. Lekin yaxshi futbolchilarga ham o'zaro o'ynashib ketish uchun vaqt kerak. Ayniqsa jamoaga bir vaqtning o'zida shunchalik ko'p yangi futbolchi kelganida.
Yana bir, unchalik ko'zga tashlanmaydigan omil ham bor: bu yangi futbolchilarga ulkan bosim tushmoqda. Ulardan jamoa o'yinini darhol va sezilarli yaxshilash kutiladi — ayniqsa, ular uchun katta pul to'langan bo'lsa.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!