Transfermarkt APL klublarining yozgi transferlar oynasidagi faoliyatini baholab chiqdi. Yozda APL klublari rekord darajadagi 4,01 milliard yevro sarflashdi. Transfermarkt har bir klubning transferlarini ehtiyoj, olingan o'yinchilar, narx hamda sotuvlar asosida A dan F gacha baholadi.
Faqat uchta klub eng yuqori «A» bahosiga loyiq deb topildi:
Chelsi. Yangi rahbariyat davrida ilk bor «Chelsi»ning yozgi transfer kompaniyasi ham biznes, ham futbol nuqtayi nazaridan haqiqatan ham hayratlanarli. Ularga tajriba kerak edi va ular buni Uelbek, Xenderson, Lakrua va Martines timsolida qo'lga kiritishdi. Rojersning transfer summasi yuqori (138 million yevro), ammo unda liganing eng yaxshi o'yinchilaridan biriga aylanish salohiyati bor. Jamoa tarkibi uzoq vaqtdan beri ilk bor juda muvozanatli ko'rinmoqda va ular nihoyat darvozabon pozitsiyasidagi muammoni hal qilishdi. Qolaversa, ular (qandaydir yo'l bilan) ushbu transfer oynasida rekord daromad olishdi va hatto sof foydaga chiqishdi. Bir nechta shubhali davrlardan keyin yozda ajoyib ish bajarildi.
Brentford. «Asalarilar» o'tgan mavsumda himoyaga katta muammolar tug'dirgan hujum uchligini to'liq saqlab qolishdi, shuningdek, boshqa yulduzlarga bo'lgan qiziqishni qaytarishdi. Yarim himoyachi Mamadu Sangarening 48 million yevroga xarid qilinishi, yozda boshqa yarim himoyachilar qanday summalarga sotilayotganini hisobga olsak, allaqachon ajoyib harakatdek ko'rinmoqda. 21 yoshli El-Haji Malik Diuf ham omadli xarid, Kallum Uilson esa ularning hujumiga tajriba qo'shadi. «Brentford» bemalol yevrokuboklarga umid qilishi mumkin.
Lids. Yozda «Lids» ommaviy xaridlarga qo'l urmadi, lekin sifat ko'rsatdi. Jeyms Trafford liganing eng yaxshi yosh darvozabonlaridan biri va u nihoyat APLning asosiy darvozaboni sifatida o'z iqtidorini yana namoyish etishi mumkin. Tarik Muxaremovich ligaga juda mos tushadigandek va yozning eng yaxshi xaridlaridan biriga aylanishi mumkin, Xarri Uilsonning erkin agent sifatida o'tishi esa juda oqilona qaror. Bunga o'tgan mavsumda o'zini ko'rsatgan ko'plab o'yinchilarni saqlab qolganini qo'shsangiz, Daniel Farke jamoasi uchun juda omadli yoz bo'ldi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!