Xabi Alonso «Milan»ga qarshi o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirdi:
🗣 Tayyorgarlik jarayoni haqida:
Biz bu yerda o'zimizni yaxshi his qilyapmiz. «Milan»ga qarshi o'yinni intiqlik bilan kutyapmiz va ajoyib o'rtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik ko'rmoqdamiz. Ishonamanki, sifatli futbol guvohi bo'lamiz.
🗣 Tarkibdagi muammolar haqida:
Umuman olganda, olib kelgan futbolchilarimdan mamnunman. Ammo shubhasiz, ayrim muhim o'yinchilarimiz hozircha biz bilan emas. Qolganlarga kelsak, ularning mashg'ulotlardagi mehnatkashligi va ishga bo'lgan munosabatidan juda xursandman.
🗣 Mavsumoldi o'yinlarining muxlislar uchun ahamiyati haqida:
Bu Indoneziyadagi yoki Jakartaga kela oladigan muxlislarimiz bilan yaqinlashish uchun ajoyib imkoniyat. Futbol juda global narsa. Biz har qayerdan muxlislarimiz ko'magini his qilamiz. Muxlis bizdan juda uzoqda bo'lishi mumkin, lekin shu bilan birga klub bilan juda chambarchas bog'liq bo'ladi.
🗣 Nega «Chelsi»ni tanlagani haqida:
Men futbolni sevaman va «Chelsi» men uchun dunyoning eng buyuk klublaridan biri. Bunday klubni boshqarish imkoniyatiga ega bo'lganimdan baxtliman va faxrlanaman. Bu katta salohiyatga ega klub. Bizning istagimiz va maqsadimiz — muvaffaqiyatga erishish! Biz shakllantirgan tarkib sifat va tajriba nuqtai nazaridan muvozanatli ko'rinadi.
🗣 Darvozabonlar haqida:
Men Rob, Mayk va Teddidan juda mamnunman. Mayk «Strasbur»da ajoyib mavsum o'tkazdi. Robda tajriba bor. Teddi esa hozircha yosh, lekin juda faol. Uchta shunday turlicha, ammo ishonchli darvozabonga ega bo'lish juda muhim.
🗣 Kayfiyat haqida:
Biz mustahkam jamoaviy ruh yaratmoqchimiz. U har kuni shakllanadi va klub ichidagi madaniyat orqali tarbiyalanadi. Bu o'zingizni yaxshiroq his qilishingizga yordam beradi. Birlik va ishonch tuyg'ulari juda muhim. Ular hisobiga biz g'oliblik mentalitetiga ega, har qanday turnirda kurasha oladigan jamoani qurmoqchimiz.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!