🎙️ Xose Ignasio Navarroning transfer oynasi yakunlari bo'yicha o'tkazgan keng qamrovli matbuot anjumani: Oso, Kastrin, Fofana va maoshlar chegarasi haqida.
«Bizning balansimiz ijobiy, biz 11 nafar futbolchini sotib oldik, 10 nafarini qo'yib yubordik, shuningdek, 7 nafarining shartnomasi yakuniga yetdi. Qolaversa, tarkibni deyarli 4 yilga yoshartirdik».
«Oso bizga «Sevilya»dan ketishni istayotganini, klubga pul qoldirib, erkin agent sifatida ketmasligini aytdi. Uning pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Agentlari bizga shartnomani uzaytirish qiyin bo'lishini ma'lum qilishdi, chunki unda boshqa klublardan yanada foydali takliflar bor edi».
«Biz yozda nima qilish kerakligini aniq tushunib turardik. Rejamiz foyda keltirishdan iborat edi va bu La Ligada duch kelayotgan muammomiz. Transfer bozorida aynan shunday sharoitlarda ishlashga majbur bo'ldik».
«Bizda uch nafar futbolchini sotib olish uchun kerakli resurslar aniq miqdorda bor edi, xatoga yo'l qo'yishga haqqimiz yo'q edi. Biz Fofana ortidan borishga va u klubda bo'lishi uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilishga qaror qildik».
«Hujumchi pozitsiyasi uchun juda ko'p variantlarni ko'rib chiqdik, ammo iqtisodiy vaziyatimizda boshqa klublardan o'zib ketish qiyin. Biz Stassendan juda mamnunmiz».
«Prezidentga ko'rsatgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildiraman, shuningdek, klubning boshqa barcha bo'limlariga qilgan ishlari uchun rahmat».
«Qilingan ishlardan mamnunmiz, ammo endi futbolchilar maydonda bir-biriga moslashib olishlari kerak. Yana nimadir yaxshiroq qilinishi mumkinmidi, bilmayman, lekin jamoaga oxirgi tiyingacha sarmoya kiritdik. Mavsumni xotirjam o'tkazish uchun jamoani tubdan o'zgartirish kerak edi».
«Kastrinning agentlari bilan o'zaro tushunishimiz yaxshi. Ular o'tgan hafta shu yerda edilar va biz uning ko'p yillar davomida klubimizda o'ynashini istaymiz».
«Vargas — muhim aktiv va u maydonda shunday bo'lishi kerak. Uning tarkibda qolayotganidan faxrlanamiz. Muzokaralar olib bordik, ammo tomonlar o'rtasida kelishuv bo'lmadi».
«Bozordagi ishni minus bilan boshlagan edik va avval maoshlar chegarasini tenglashtirishga majbur bo'ldik. Bunga erishgach, tarkibni yaxshilash uchun qo'limizdan kelgancha harakat qildik».
«Mening baxtim ushbu tarkib maydonda muvaffaqiyatga erisha olishi yoki olmasligiga bog'liq bo'ladi».
«Luis Garsiyaga boshqa klublar bilan raqobatlasha olishi uchun barcha kerakli futbolchilarni berishga harakat qildik».
«Maxfiy ma'lumotlarni oshkor qila olmaymiz, ammo Stassen ko'plab klublar uchun kerakli futbolchi edi va bizga uni aynan shunday sotib olish opsiyasi bilan qo'lga kiritish imkoniyati tug'ildi».
«Men klubning oddiy xodimlaridan biriman, zimmamda katta mas'uliyat bor va har kuni ushbu klubni himoya qilayotganimdan faxrlanib, o'z ishimni bajaraman».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!