Anvar Gafurov: «Mash’al» bilan o‘yindagi durang uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman»
Anvar Gafurov «Mash’al» bilan durangdan so‘ng jamoadagi vaziyat, maoshlar kechikishi va Davron Merganov atrofidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi.
Anvar Gafurov ishtirokida o‘yindan keyingi matbuot anjumani
— O‘yin haqida fikrlaringiz?
— Bu maydonda hech bir jamoa osonlikcha ochko qo‘lga kirita olmaganini yaxshi bilardik. Bu jihatni futbolchilarga ham alohida tushuntirishga harakat qilgandim. O‘z tarixi va kuchli akademiyasiga ega jamoaga qarshi bahs olib borayotganda raqibni hurmat qilish, shu bilan birga, undan qo‘rqmaslik kerak. Har bir futbolchi o‘zining professionalligini maydonda amalda namoyon etishi lozim.
Afsuski, bugungi uchrashuvda bir qator vaziyatlarga ega bo‘lganimizga qaramay, ulardan unumli foydalana olmadik. Durrang natija uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman. Balki futbolchilarga boshqacharoq tushuntirish yoki boshqa yo‘l bilan ta’sir o‘tkazish kerak bo‘lgandir. Umuman olganda, yigitlar yaxshi harakat qilishdi.
— «Mash’al» bilan qayd etilgan durang natijani adolatli deb hisoblaysizmi? Bu taktik xatoliklar bilan bog‘liqmi yoki futbolchilarda g‘alabaga bo‘lgan istak yetishmadimi?
— Bu borada barchamizning xatolarimiz bor. Aynan shunday uchrashuvlar futbolchining haqiqiy professionalligi va xarakterini namoyon etadi. Har bir futbolchi o‘z vazifasini bajarishga harakat qilmoqda. Muhimi, bunday vaziyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz kerak.
— Jamoada maoshlarning kechikayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu holat futbolchilarning maydondagi harakatlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatmoqda?
— Albatta, bunday holat o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki har bir futbolchining oilasi, shaxsiy orzu-maqsadlari bor. Bunday vaziyat futbolchi uchun juda qiyin. Shunga qaramay, biz o‘z ishimizga e’tibor qaratishimiz va maydonda o‘z vazifamizni bajarishimiz kerak.
— Darvozabon Davron Merganovning boshqa jamoaga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu mish-mishlarga munosabatingiz qanday?
— Mish-mishlar ko‘p. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hozirgi vaziyatda bu masala meni unchalik qiziqtirmaydi. Ayni paytda boshqa muhim vazifalar haqida o‘ylashimiz kerak. Asosiy maqsadimiz — yuqori o‘rinlarni egallash va muxlislarimizni xursand qilish.
Messisiz ham «Barselona», Ronaldusiz ham «Real Madrid» faoliyatini davom ettiradi. Albatta, futbolchilarimizning kuchli jamoalarga yo‘l olishi biz uchun ham quvonarli holat. Ularning kelajakdagi faoliyatiga faqat omad tilaymiz.
— Behruz Shaydulovning jarohati qanchalik jiddiy?
— Hozircha bu borada aniq bir ma’lumot berish qiyin. Vaziyatni batafsil o‘rganishimiz kerak. Jarohat bilan bog‘liq holat atayin sodir etilmadi. Futbolchining tana og‘irligi to‘liq oyog‘iga tushdi. Shu sababli hozircha jarohatning qay darajada jiddiy ekanligi haqida aniq xulosa bera olmaymiz.
Fursatdan foydalanib, Termizdan jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun tashrif buyurgan barcha muxlislarimizga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan Surxon futbol akademiyasining yosh futbolchilari va murabbiylar shtabiga ham alohida rahmat aytmoqchiman.
Ishonamanki, Surxon futbol akademiyasidan kelgusida yana ko‘plab iqtidorli futbolchilar yetishib chiqadi. Ular nafaqat «Surxon» jamoasi, balki O‘zbekiston terma jamoalari safida ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan futbolchilar bo‘lib yetishishlariga umid qilaman.