David Raya o'z o'yini va Inyaki Kanya bilan ishlash haqida
Arsenal darvozaboni David Raya o'zining o'yin uslubi, psixologik tayyorgarligi hamda Inyaki Kanya bilan ishlash tajribasi haqida gapirdi.
Beyond The Box: David Raya bo'yi tufayli unga shubha bilan qaraganlarga nisbatan "boringlar-e!" qabilidagi munosabatni shakllantirganmi?
David Raya: "Ha, aynan shunday. Bu inson xarakterining bir qismi bo'lishi kerak. Bunday gaplar siz uchun yoqilg'iga aylanadi, tushunyapsizmi? Menga aytishadi: 'Bo'ying 186 sm bo'lsa, uzatmalarga chiqa olmaysan demoqchimisan?'. Men sizlarga ko'rsatib qo'yaman! Nimalarga qodirligimni ko'rsataman! Agar kerak bo'lsa, to'p uchun hatto 11 metrlik nuqtagacha chiqaman. Lekin gap aynan psixologiyada. To'pga qanchalik intilishingizda. Vaziyat qanday rivojlanishini kutib, keyin qaror qabul qilish ham mumkin. Yoki butunlay boshqacha harakat qilish mumkin: 'Men bu uzatmaga chiqaman! Men bu burchak zarbasiga chiqaman! Men bu pasni to'sib olaman! Himoyachilar ortiga tashlangan to'pga yetib boraman!'. Hammasi sizning qat'iyatingiz va o'z kuchingizga bo'lgan ishonchingizga bog'liq. Maydonga aynan shunday kayfiyat bilan chiqishingiz kerak".
Beyond The Box: Inyaki Kanya Brentfordni tark etib, Arsenalga o'tganida qiyin bo'lganmi?
David Raya: "Ha, albatta. U bilan bor-yo'g'i olti oy ishlashga ulgurgandim, lekin shu vaqt ichida darajam keskin o'zgardi. U bilan tanishgunga qadar bir darajada edim, birgalikdagi ishdan keyin esa ancha yuqoriga ko'tarildim. Shuning uchun uning ketishi menga og'ir botdi. Bilaman, Inyaki meni Arsenalga ancha oldinroq olib kelmoqchi bo'lgan, lekin o'sha paytda sharoit bunga yo'l qo'ymagan. Biz Premer-ligaga chiqdik va agar Arsenalga o'tsam, o'ynamasligimni juda yaxshi tushunib turardim. Brentfordda esa doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lishimni bilardim. Qolaversa, u yerda juda baxtli edim. Biz ko'zlagan maqsadimizga erishdik va men mos vaqt kelmaguncha ketish niyatida emasdim. Keyinchalik Arsenalga o'tish mendan ancha dadil qaror qabul qilishni talab qildi, lekin bu haqda keyinroq gaplashamiz. Inyakiga qaytadigan bo'lsak, uning ketishi men uchun haqiqatan ham jiddiy sinov bo'ldi. Mavsumni bir darvozabonlar murabbiyi bilan boshlab, mavsum o'rtasida boshqasining talablariga moslashish juda qiyin. Yaxshiyamki, keyin bizga ispaniyalik darvozabonlar murabbiyi Manu Solero keldi. U ham o'yinimni takomillashtirishda juda katta yordam berdi".
Beyond The Box: Inyaki Kanya Rayaning o'yinida birinchi bo'lib nimani o'zgartirdi?
David Raya: "Blekbern safida o'ynaganimda, dastlabki pozitsiyam juda chuqur edi. Men darvozaga ancha yaqinroq turardim. Hozir esa qanday o'ynayotganimga qarang. Deyarli barcha o'yin vaziyatlarida ancha yuqori pozitsiyani egallayman. Aynan shunday yuqori pozitsiya va agressiv o'yin uslubi tufayli sizda shunchaki yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirmay, balki oldindan harakat qilish imkoniyati paydo bo'ladi".