Hansi Flik mudofaa va jamoaning kelgusi o'yinlari haqida
Xansi Flik jamoaning mudofaa muammolari, «Alaves»ga qarshi o'yin va jamoa ichidagi muhit haqida gapirdi.
❓Jamoa mudofaa darajasini yaxshilash uchun nima qilishi kerak?
🗣 Xansi Flik: «Mudofaa — bu nafaqat himoyachilar, balki hujumchilarning ham ishi, har kim bunda ishtirok etadi. Mudofaada eng muhimi — «Real»ga qarshi o'yindagi kabi oson to'plarni boy bermaslik. Bu yomon holat va biz odatda ko'rsatadigan darajaga mos kelmaydi. Balki, biroz charchagan bo'lishimiz mumkin, yetarlicha tetik emasdik. Biroq, o'tgan o'yinlarga ham nazar tashlash mumkin — bunday holatlar doim bo'lib turadi, shuning uchun biz yanada ko'proq konsentratsiya bilan o'ynashimiz kerak. Biz jarima maydonchasida himoyalanishimiz shart, chunki bu muhim, raqibni yopish kerak — biz buni unchalik yaxshi bajarmadik, shuning uchun bunday vaziyatlarda xatolarimizni tuzatishimiz kerak. Aynan shuning uchun ham biz buni mashq qilyapmiz, futbolchilar bilan muhokama qilyapmiz va buni yaxshiroq bajarishimiz kerak».
❓Bu mavsumda terma jamoalar o'yinlari uchun tanaffuslarni hisobga olmaganda, o'yinlarsiz o'tgan birinchi hafta. Siz tetiklik yetishmayotgani haqida gapiryapsiz. Ikki mag'lubiyatdan keyingi bu tanaffus ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yordam beradimi?
🗣 Xansi Flik: «Albatta. Biroq, bu keyingi o'yinga qanday ta'sir qilishini hech qachon bilmaymiz. Har kim ertangi o'yinga e'tibor qaratishi kerak. Hamma tushunishi kerak: «Yaxshi, biz to'g'ri javob qaytarishimiz juda muhim». Men jamoadan aynan shuni xohlayman. Yakunda, bizda ikkita mag'lubiyat bor, lekin men jamoa yaxshi o'ynayapti deb hisoblayman, biz o'z kuchli tomonlarimizga va o'yin sifatiga ishonamiz. Men jamoadan aynan shuni ko'rishni istayman. Bugun bizda juda yaxshi mashg'ulot bo'ldi, jamoada yaxshi muhit hukm surayotganini his qilyapman va ertaga yigitlar buni ko'rsatib berishlari kerak. «Alaves» — juda yaxshi himoyalanadigan jamoa, ularga gol urish oson emas. Biroq, biz «Barsa»miz va o'zimizni eng yaxshi tomondan ko'rsatmoqchimiz».
❓Ebrima Tunkara mashg'ulotlarda tobora ko'proq ko'rinish beryapti. U debyutga yaqinmi?
🗣 Xansi Flik: «U jarohatdan qaytdi, «Barsa Atletik» safida bir necha daqiqa o'ynadi. U biz bilan mavsumoldi tayyorgarligida birga edi va men uning o'yinida ko'rganlarimni juda yuqori baholayman. U shu yerda va mashg'ulotlarda yaxshi ishlayapti. Ha, hammasi bo'lishi mumkin».
❓Ba'zi o'yinlarda Rodri o'yin ustidan ko'proq nazoratni so'ragan edi. Rafinya yoki Lamin kabi to'g'ridan-to'g'ri o'ynaydigan futbolchilar bor, Rodri esa ko'proq xotirjamlik olib kiradi. Yarim himoyachi bilan bu mavzuda suhbatlaringiz qanday o'tdi? Siz jamoa ko'proq nazoratga ega bo'lishi kerak deb hisoblaysizmi yoki g'oya boshqachami?
🗣 Xansi Flik: «O'ylaymanki, vazifalar avvalgidek qolmoqda. O'tgan mavsumda ham xuddi shunday bo'lgan deb o'ylayman. O'yin ustidan nazorat, ko'proq to'pga egalik qilish, kamroq yo'qotishlar — kalit shunda. O'yinni nazorat qilganingizda, to'pni qanday harakatlantirishni, raqib qanday harakatlanishini o'zingiz hal qilasiz, agar bunda yaxshi bo'lsangiz. Agar to'pni yo'qotsangiz, uning ortidan yugurishga to'g'ri keladi. Hozir biz uchun eng yaxshi pallalar emas, biz bunday vaziyatlarda xatolarni tuzatishimiz kerak. Eng yaxshi yo'li — kamroq xato qilish. Va u «Biz xotirjam bo'lishimiz va ancha ko'proq nazorat bilan o'ynashimiz kerak», deb aytganda haq edi, bu rost».