Filipe Luis: «Norshellan»ga qarshi o'yin «Monako» uchun muhim imkoniyat»
Filipe Luis «Norshellan»ga qarshi o'yin oldidan jamoaning holati, tarkibdagi o'zgarishlar va o'yinchilarning ruhiy holati haqida gapirdi.
Filipe Luis: «Norshellan»ga qarshi o'yin — «Monako»ni munosib himoya qilish uchun ajoyib imkoniyat». Konferensiyalar ligasi 3-turi doirasidagi «Norshellan»ga qarshi uy uchrashuvi oldidan Filipe Luis «Parij»dan uchralgan mag'lubiyat, ishonchni qaytarish zarurati, bo'lajak raqib va jamoaning ayrim o'yinchilari holati haqida gapirib berdi.
🔴 «Parij»dan uchralgan mag'lubiyat haqida:
O'yindan keyingi kun men har doim bo'lib o'tgan voqealarni xotirjam va xolis tahlil qilaman, garchi mag'lubiyatdan keyingi hafsalasizlik saqlanib qolsa ham. O'yinchilar nimani tuzatish kerakligini bilishadi, lekin men bu haqda ko'p gapirishni istamayman. Eng avvalo, biz to'psiz yaxshiroq harakat qilishimiz va jamoani ishonchliroq himoya qilishimiz kerak, chunki biz juda ko'p bo'sh hudud qoldirdik. Raqib bizning pressingimizni juda osonlikcha yengib o'tdi. «Parij» ajoyib o'yin o'tkazdi, lekin biz xulosa chiqarishimiz kerak. Bizning jamoamiz yosh, shuning uchun bunday holatlar yuz berib turadi.
🔴 G'alabalarga qaytish zarurati haqida:
G'alaba — eng muhimi. Jarayon, o'yin modeli va ishonch haqida qancha xohlasangiz gapirishingiz mumkin, ammo futbolda natijalar muhim! «Norshellan» bilan o'yin — «Monako» emblemasini munosib himoya qilish uchun ajoyib imkoniyat. Biz katta mas'uliyatni zimmamizga olganmiz va g'alaba qozonish uchun yaxshi o'yin ko'rsatishimiz kerak. Futbolchilarim yana g'alaba ta'mini his qilishni juda xohlashmoqda.
🔴 Ishonchni qanday qaytarish kerak?
Eng avvalo, xatolarni tuzatish va o'yinchilarga qanday qilib g'alaba qozonishimiz yoki hech bo'lmaganda g'alabaga yaqinlashishimiz mumkinligini ko'rsatish kerak. Buning uchun himoyada ishonchliroq bo'lish lozim, bu bizga so'nggi o'yinlarda yetishmadi, shuningdek, futbolchilarga hujumda erkinlik berish kerak. Ikki hafta oldin «Frayburg»ga qarshi jamoa fantastik o'yin o'tkazgandi. G'alabalar ishonch bag'ishlaydi, ammo har bir raqib turlicha va hammasi ham biz rejalashtirganimizdek ketavermaydi.
🔴 «Norshellan» haqida:
Ularning aniq o'yin uslubi bor: ular faol pressing qilishadi va ixcham himoyalanishadi. To'p bilan ham jamoaning o'z falsafasi bor, jumladan, qisqa paslar orqali xavfli chiqishlar. Bizni juda shiddatli o'yin kutib turibdi, unda ko'p yugurish, kurashish va xarakter ko'rsatish kerak bo'ladi. Biz eng avvalo butun jamoaning o'yinini yaxshilashimiz kerak.
🔴 Folarin Balogunni Konferensiyalar ligasi qaydnomasiga kiritish haqida:
Bizda shunday imkoniyat paydo bo'ldi, chunki Ansu Fati uzoq muddatga safdan chiqdi. So'nggi ikki hafta davomida Balogun mashg'ulotlarda fantastik ishladi va men uning o'sayotganini ko'ryapman. Bu ajoyib o'yinchi va biz uni avvalgi darajasiga qaytarmoqchimiz. Buning uchun unga o'yin vaqti kerak, Konferensiyalar ligasi esa daqiqalar to'plash va yana o'zini «Monako»ning to'laqonli o'yinchisi sifatida his qilish imkonini beradi. Jahon chempionatidan so'ng u transfer oynasi vaqtida alohida shug'ullanishga majbur bo'ldi va bu unga muqarrar ravishda ta'sir qildi. Ba'zi futbolchilar tezda qaytishga muvaffaq bo'lishadi, boshqalarga esa ko'proq vaqt kerak. Hozir Balogun ajoyib ko'rinmoqda. U himoyachilar ortiga yugurishda xavfli, yakkakurashlarda kuchli va gol urishni juda istaydi. Uning qaytishi biz uchun muhim.
🔴 Miki Biret holati haqida:
Hozir unga oson emas, lekin u vaziyatni tushunib turibdi, chunki u aqlli yigit. Men kelganimdan beri u doimo ajoyib ishchi axloqiga ega bo'lgan — o'ynaydimi yoki yo'qmi, farqi yo'q. U mashg'ulotlarda borini beradi va to'g'ri kayfiyatni saqlab qoladi. To'rtta hujumchi o'rtasida yuqori raqobat bor, shuning uchun ba'zida u tarkibdan tashqarida yoki zaxirada qoladi. Unga o'yin vaqti yetishmayapti, lekin asosiysi — tushkunlikka tushmaslik. Imkoniyat har qanday vaqtda paydo bo'lishi mumkin va u undan foydalanishga tayyor bo'lishi kerak.
🔴 Denis Zakariya haqida:
Hozir butun jamoa to'p bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda va ishonchning bir qismini yo'qotdi, shuning uchun bu Denisga ham ta'sir qilyapti, ayniqsa Liga 1 o'yinlarida. Parijdagi mag'lubiyatdan so'ng bizga eng avvalo yana g'alaba qozonish kerak: muvaffaqiyat futbolchilarga to'p bilan o'yinda ishonchni qaytarishga yordam beradi. Denisning aniq vazifasi bor — Lamin Kamara bilan birga himoyani qo'riqlash. Shu bilan birga, men unga Flavyu Nazinyu va Vanderson bilan birga hujumlarga qo'shilish uchun erkinlik beryapman. U boks-tu-boks o'yinchisi sifatlariga ega. Jamoa natijalarga erishmaganda, sardor zimmasida katta mas'uliyat bo'ladi. Denis buni his qilyapti, ammo unga shunchaki ishonchni qaytarish kerak.