Xabi Alonso «Chelsi»dagi loyiha va APLdagi o'zgarishlar haqida
Xabi Alonso «Chelsi»dagi loyihasi, klubda qaror qabul qilish jarayoni hamda APLdagi taktik o'zgarishlar haqida gapirdi.
Xabi Alonsoning Sky Sports nashriga bergan intervyusi. Asosiy qismlar. 1/4 qism.
«Chelsi»ni boshqarish qarori haqida:
«Menda jamoada allaqachon shakllangan juda kuchli o'zak borligi haqida his bor edi. Agar muayyan o'zgarishlar qilsak, ayrim pozitsiyalarni kuchaytirib, boshqacha sifatlarga ega o'yinchilarni taklif qilsak, mustahkam jamoa qura olishimizni tushunardim. Shu bilan birga, bu uzoq muddatli loyiha ekanligini anglardim. Hammasi birinchi yildayoq tayyor bo'lishiga umid qilib bo'lmaydi. Ammo boshidanoq bizda umumiy qarash borligini, narsalarga bir xil ko'z bilan qarashimizni va birgalikda qaror qabul qila olishimizni his qilishim muhim edi».
«Chelsi»da qarorlar qabul qilish tizimi haqida:
«Klub haqida o'qigan va ko'rganlarimdan kelib chiqib, vaziyatga chetdan baho berardim. Ammo keyin odamlar bilan tanishasiz, ular vaziyatni qanday tahlil qilishini, nimalar qilinganini, ularning fikricha, qaysi qarorlarni boshqacha qabul qilish mumkinligini, klub qanday holatda bo'lganini va biz uni qayerga olib bormoqchi ekanligimizni bilib olasiz. Men uchun ko'plab jarayonlarda, jumladan, qarorlar qabul qilishda ishtirok etishimni tushunish muhim edi. Asosiy qarorlarga jiddiy ta'sir o'tkaza olishim men uchun prinsipial ahamiyatga ega edi. Bu jarayonda egalar, sport direktorlari va men o'zim ishtirok etamiz. Biz doimo aloqadamiz va yaxshi hamkorlik qilamiz. Bu mas'uliyatni zimmaga olish uchun asos hisoblanadi. Keyinchalik nimadir o'xshashi yoki o'xshamasligi mumkin, chunki bu futbol. Ammo yakunda siz butun jarayonning to'laqonli bir qismi ekanligingizni his qilishni xohlaysiz».
Murabbiy va sport direktori o'rtasidagi munosabatlar haqida:
«Germaniyada siz har kuni sport direktori bilan juda yaqin hamkorlik qilasiz. Bu Angliyada hamma narsa qanday yo'lga qo'yilganidan sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, menda Simon Rolfes bilan aynan shunday munosabatlar bo'lgan. U har kuni kabinetimga kirib kelardi. “Sen buni yoki anuni qilishing kerak” deyish uchun emas. Biz shunchaki o'yinchilarning holati, ularning joriy formasi, kayfiyati haqida gaplashardik. Masalan, kimdir hozir ruhan tushkun ekanligi haqida. Oddiy kundalik narsalar. Bunday yaqin hamkorlik tufayli biz Simon bilan ajoyib tandemga aylandik. Bu yerda, «Chelsi»da Sem [Juell], Pol [Uinstenli] va Jo [Shilds] ham jamoaga juda yaqin, shuning uchun vaziyat ancha o'xshash».
APL 20 yil ichida qanday o'zgargani haqida:
«Aytishim mumkinki, 20 yil avval top-klublar va qolgan jamoalar o'rtasidagi farq hozirgiga qaraganda ancha katta edi. Bundan tashqari, futbolchilar ko'proq har tomonlama rivojlangan bo'lib qolishdi. Bugun jismoniy yoki taktik jihatdan yetarlicha tayyor bo'lmagan o'yinchini uchratish deyarli imkonsiz. O'yinlar uchun taktik rejalar ham ancha murakkablashdi. Raqibning turli harakatlariga tayyor bo'lish, ehtimoliy ssenariylarni oldindan o'ylab qo'yish, tanaffusda jamoaga nima deyishni va qanday o'zgarishlar qila olishni tushunish kerak. Ilgari yetakchi jamoalar to'p bilan yaxshi o'ynashni bilishini tushunardingiz. Ammo qolganlarga qarshi biroz pressing qilishning o'zi yetarli edi, hatto bu zonada bitta o'yinchimiz kam bo'lsa ham. Odatda raqib shunchaki to'pni oldinga tepardi, sizga esa ikkinchi to'p uchun kurashga tayyorlanish qolardi. Endi esa pressingni qaysi daqiqada boshlashni, raqib qaysi qanotdan eng zaif ekanligini va bu zaifliklardan qanday foydalanishni oldindan o'ylab qo'yish kerak. Shu bilan birga, jamoalarning o'zlari ham bunday vaziyatlarda yechim topishni bilishadi. Shuning uchun bugun barcha jamoalar ancha har tomonlama rivojlangan, futbol esa taktik nuqtai nazardan ancha murakkablashgan. O'yin juda kuchli rivojlandi. Endi deyarli har bir jamoaning o'ziga xos ishlangan kombinatsiyalari, aniq o'zaro harakat mexanizmlari va turli vaziyatlar uchun yechimlari bor. Men hali ham APL sur'atiga ko'nikyapman. Men uchun bu ma'lum bir o'zgarish, shuning uchun imkon qadar tezroq moslashishga va o'rganishga harakat qilyapman. Ammo o'yin taktik nuqtai nazardan qanchalik murakkablashgani hozirning o'zidayoq ko'rinib turibdi. Hatto jamoalar tarkibi ham ancha muvozanatli va to'liq bo'lib qoldi».