Meksikada 17 yoshli yarim himoyachi, Meksika terma jamoasi safida o'tgan JChda ishtirok etgan Xilberto Mora tez orada Angliyaga ko'chib o'tishi haqidagi mish-mishlar kuchaymoqda.
Mahalliy Tercer Grado Deportivo jurnalisti xabar berishicha, futbolchining agenti Rafaela Pimenta «Liverpul»dan 35 million funtdan ortiq qiymatdagi taklif borligi haqida ma'lumot bergan. Bunday bitim Meksika futboli tarixidagi rekord darajadagi transfer bo'lishi mumkin.
Shuningdek, Moraning Meksika terma jamoasining so'nggi tadbirlarida ishtirok etmagani muzokaralar rivoji bilan bog'liq bo'lishi mumkin degan taxminlar ham bor. Biroq, hozirgi vaqtda na «Tixuana» (futbolchining amaldagi klubi), na «Liverpul» futbolchi bo'yicha kelishuv mavjudligini rasman tasdiqlamagan.
ESPN esa bu borada ancha ehtiyotkorroq munosabatda – nashr klub nomini ham, mumkin bo'lgan transfer summasini ham ochiqlamadi, biroq manba ham gap tarixiy bitim haqida ketayotganini tasdiqlamoqda.
Mora 14-oktyabr kuni 18 yoshga to'ladi – katta ehtimol bilan, aynan shu sanaga kelib, yuqorida aytilgan gaplar ortida jiddiyroq asos bo'lsa, aniqroq ma'lumotlar paydo bo'ladi.