Tiago Alkantara: «Liverpul» safida o'ynaganimdan faxrlanaman»
Tiago Alkantara «Liverpul»dagi faoliyati, Yurgen Klopp bilan ishlash va klubga bo'lgan muhabbati haqida gapirib berdi.
Tiago Alkantara podkastda «Liverpul»dagi faoliyati haqida iliq xotiralari bilan o'rtoqlashdi.
🛑 «Liverpul» haqida:
«Bu ishchi shahar. Odamlar mendan doim Liverpul haqida so'rashadi: nega tribunalar, nega odamlar jamoaga bunday munosabatda? Men esa shunday javob beraman: «Gap g'alaba yoki mag'lubiyatda emas, balki bor kuchingni berishda».
Bu men ko'rgan yagona buyuk jamoa, u o'zini kibrli tutmaydi. U xuddi hammasini o'z mehnati bilan qozonishi kerakdek harakat qiladi».
🛑 2021/22 yilgi mavsum yakunidagi g'oliblik paradi haqida:
«Barselona»da 2012/13 yilgi mavsumda biz barcha uy uchrashuvlarida g'alaba qozonib, 100 ochko jamg'arganmiz va «Real»ga qarshi o'yinda chempionlikni nishonlaganmiz.
O'sha kun aqldan ozdiradigan darajada edi – raqamlar nuqtai nazaridan bu aql bovar qilmasdi. Ertasi kuni parad bo'ldi, odamlar ko'chaga chiqdi, 700 ming kishi, bu juda ajoyib edi.
Ammo men «Liverpul»da Chempionlar ligasi finalida «Real»dan uchralgan mag'lubiyatdan keyingi kun boshdan kechirgan narsalarim tengsiz edi.
Biz yutqazdik, hamma xafa va tushkun edi. Keyin esa to'satdan bu energiya almashinuvi sodir bo'ldi – bu shunchaki aql bovar qilmas edi».
🛑 Yurgen Klopp va klub haqidagi xotiralar:
«O'ylashimcha, u men qo'l ostida o'ynagan eng iqtidorli murabbiy. U jamoa atrofida va ichida qanday o'sishni shakllantirganini kuzatish hayratlanarli edi. Kirkbidagi mashg'ulot bazasidagi intensivlik xuddi o'yin kunidek edi.
Doimiy paslar, doimiy yugurishlar – Yurgen qo'l ostida o'ynash juda yoqimli va qiziqarli edi. U yaxshi futbolchi bo'lishing uchun mos kelishing kerak bo'lgan standartlarni o'rnatadi. U dangasa futbolchilarni yoqtirmaydi, shuning uchun ko'p ishlashing uchun darajani belgilab beradi.
Bir kuni u mendan tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida harakat qilib, o'yinni o'zgartirishimni so'radi. U nimani nazarda tutayotganini tushundim, chunki bizga uch ochko kerak edi, biz esa o'zimizga xos o'ynamayotgan edik. Xotiralardan etim jimirlab ketadi, chunki men qanotlarga paslar bera boshladim va hamma hujum tizimini tushuna boshladi.
Bu go'zal klubdagi o'sha davrning bir qismi bo'lish aql bovar qilmas edi. Men qayerga borsam ham doim «qizil» bo'lib qolaman».