«Paxtakor» darvozasiga noto'g'ri penalti qo'yilgan, Vanya Ilich 2-bo'limda chetlatilishi kerak edi
Aynan shunday qarorga kelgan O'zFHM vakillari, PFL va «Paxtakor» o'rtasida bugun «Zoom» platformasida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Rasmiy kanallarimizda ko'rsatgan aksar videolarimiz Farhod Abdullaev tomonidan ma'qullandi. Eng avvalo, o'yinning boshidayoq Vanya Ilich tomonidan Doston Hamdamovga ishlatilgan qo'pollik uchun Tantashev sariq kartochka ko'rsatishi kerak bo'lgan. Natijada, o'yinning 58-daqiqasidagi ikkinchi sariq kartochka bilan u maydondan chetlatilishi kerak bo'lgan. Bu paytda natija 0:1 hisobi jamoamiz foydasiga bo'lib turgan edi.
Muhammadqodir Hamralievning ikkinchi bo'limda Abdurauf Bo'rievga nisbatan tirsagi bilan ishlatgan qo'polligi ham qizilga tortmasa-da, aniq sariq kartochka ekanligi tan olindi.
Eng muhim vaziyat. «Paxtakor» darvozasiga qo'yilgan 11 metrlik jarima zarbasini VAR hakami Firdavs Norsafarov bu penalti emasligini aytsa-da, FIFA hakami bo'lgan Ilgiz Tantashev monitordagi vaziyatni ko'ra turib ham penalti belgilagani uning professional hakamga mos hakamlik qilmaganidan dalolat ekanligini ko'rsatib turibdi.
Unga qanday chora ko'riladi, degan savolga O'zFHM vakillari «Yaqin orada uni maydonda ko'rmaysizlar», degan javobni berdi.