Eduardo Kamavinga: "Men atrofidagilarning fikriga e'tibor bermaslikni o'rgandim"
"Qaymoqranglilar" yarim himoyachisining o'yinoldi matbuot anjumani
Har bir o'yinning o'z tarixi bor, lekin bizning vazifamiz — har bir bahsda g'alaba qozonish. Mavsumni yaxshi boshladik va shu ruhda davom etishimiz kerak. G'alabalar bizga o'z kuchimizga bo'lgan ishonchni saqlab qolishga yordam beradi. Biz g'alaba qozonishda davom etishimiz va diqqatni jamlashimiz kerak.
Bernardu — fantastik futbolchi. U bizga to'pni nazorat qilish va himoyadan pas orqali chiqib ketishda juda ko'p yordam beradi. Bernardu "Madrid"ga g'alaba qozonishda yordam bermoqda.
Mourinyu o'tgan yozda Ispaniyadagi vaziyat [irqchilik] tufayli Vinisius "Madrid"dan ketishga qaror qilsa, uni tushunishini aytgandi. Men bunday qarorni tushunarmidim? Yo'q. Vinisius — haqiqiy madridista, uning yuragi "Madrid"ga tegishli. U bu klubni juda yaxshi ko'radi, shuning uchun men uning ketishini hech qachon o'ylamaganman.
Oxirgi bir necha oy men uchun oson kechmadi. Butun faoliyatim davomida hali bunday holatga duch kelmagandim.
Lekin bunday vaziyatlardan saboq olasan. O'tgan yozda o'zim ustimda juda ko'p ishladim, o'qishga qaytdim va ancha intizomli bo'ldim: mashg'ulot bazasiga ikki-uch soat oldin kelib, trenajyor zalida qo'shimcha shug'ullandim...
Umuman olganda, ko'p narsani o'zgartirdim va nimani yaxshilashim kerakligi haqida jiddiy o'yladim. Shubhasiz, men o'zgardim, shu jumladan, kayfiyatim ham. Bir oz ulg'aydim. Mourinyu menga ishonch bildirayotganini va jamoada muhim rol o'ynashimni aytdi. U menga katta ishonch bag'ishladi.
"Bavariya"ga qarshi o'yindagi chetlatilishim menga juda qattiq ta'sir qildi. Butun yoz davomida shu haqda o'yladim va oilam ham bo'lib o'tgan voqeani og'ir qabul qildi. Men "El-Klasiko"dagi o'yinimni o'sha epizod uchun revansh olish imkoniyati sifatida umuman qabul qilmadim. Yo'q, hozir bu o'tmishda qoldi. Bir necha oydan keyin "Barselona"ga qarshi o'yindagi harakatlarimni ham unutishadi.
O'tgan yozda nimani o'rgandim? Atrofidagilarning fikriga e'tibor bermaslikni.
Mourinyu — juda yoqimli inson va boy tajribaga ega ajoyib murabbiy. Har kuni undan yangi narsalarni, shu jumladan, maydonda qanday kayfiyatda bo'lish kerakligini o'rganasan.
Kiyinish xonasidagi muhit? Biz har doim yagona jamoa bo'lib qolamiz. Ba'zida natijalar quvontirmaganda, kiyinish xonasida hammasi joyida emasdek tuyulishi mumkin, lekin unday emas. Biz har doim yagona jamoa bo'lganmiz.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!