Filipe Luis “Liverpul”ga qarshi o'yindan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
🔴 O'yin haqida
“Bu jahon darajasidagi jamoaga qarshi og'ir o'yin bo'ldi, ammo biz uchun bu juda yaxshi sinov edi. Bu tajriba mavsum davomida bizga asqotadi. Biz og'ir damlarda birgalikda kurashishni o'rganishimiz kerak. Birinchi bo'limda ular chiziqlarimiz o'rtasidagi bo'sh zonalarni bir necha bor topishdi. To'p markaziy zonalardan juda ko'p o'tdi — bu ustida ishlashimiz kerak. “Xetafe”ga qarshi o'yinda bu borada hammasi joyida edi, ammo bugun “Liverpul” futbolchilari chiziqlar o'rtasida bir-birini juda oson topishdi va bizni past blokda himoyalanishga majbur qilishdi. Yakunda jamoa qiyinchiliklarga birgalikda chidashni o'rgandi, deb o'ylayman. Biz uchun bu yaxshi saboq va foydali sinov bo'ldi”.
🔴 Matis Ablin haqida
“Rostini aytsam, bunday turdagi futbolchilar bozorda kam uchraydi. U juda tezkor, doimo bo'sh zonalarga hujum qiladi va shu orqali bizga ko'plab yangi imkoniyatlar yaratib beradi. U bilan jamoamizga qarshi o'ynash ancha qiyinlashadi. Bugun uning Mika Biret bilan hamkorligi yaxshi ko'rindi, garchi hali ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlar bo'lsa ham. U yangi mavsumda bizga katta yordam beradi, biz esa uning to'liq ochilib, top-futbolchiga aylanishiga ko'maklashamiz”.
🔴 Lamin Kamara haqida
“Biz, ehtimol, dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri haqida gapiryapmiz. U haqida ko'p gapirishni ham istamayman, chunki ko'plab klublar uni o'z safida ko'rishni istashini bilaman (kuladi), men uchun esa u juda muhim. U to'p bilan juda yaxshi harakat qiladi, katta maydonni yopib chiqadi — u haqiqiy top! Uning menda borligidan juda xursandman va u jamoada asosiy rolni o'ynashi kerak. Uni saqlab qolishmi? U qolishiga juda umid qilaman. Lamin “Monako”da baxtli deb o'ylayman. Shuning uchun, agar u qolsa, mening o'yin modelimda muhim rol o'ynay oladi”.
🔴 Peris Brunner haqida
“Menga aynan shu narsa yoqadi! U tarkibni tanlashda menga qiyinchilik tug'dirmoqda, chunki har safar maydonga tushganida gol urmoqda. U ochlikka to'la, doimo katta istak va energiya bilan maydonga chiqadi hamda doimiy ravishda gol urishni xohlaydi. Menga aynan shunday kayfiyat kerak. Tarkibni tanlashda bunday “bosh og'rig'i” paydo bo'lganidan xursandman. Murabbiy uchun o'z o'yini bilan bosim o'tkazib, asosiy tarkibdan joy talab qiladigan yaxshi futbolchilarga ega bo'lishdan ortiq narsa yo'q”.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!