Hansi Flick: «El-Klasiko — bu butun dunyo kutayotgan alohida voqea»
Barca Family News ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 29

Hansi Flick: «El-Klasiko — bu butun dunyo kutayotgan alohida voqea»

Hansi Flickning «Real»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani:

❓Jamoa Parijdagi mag'lubiyatdan so'ng ertangi muhim El-Klasiko oldidan jismoniy va ruhiy jihatdan qanday tiklandi?

🗣 Hansi Flick: «Men optimistik kayfiyatdaman. Ko'rib turganimdek, futbolchilar tiklanib olishdi va bu o'yinga tayyorlar».

❓Ertaga siz o'z maydoningizda o'ynaysiz va turnir jadvalidagi farqni yanada oshirishingiz mumkin. Sizni favorit deb hisoblashayotgan bir paytda, o'yin boshlanmasdanoq g'alabaga ishonib qolish katta xavf deb o'ylaysizmi?

🗣 Hansi Flick: «O'ylashimcha, El-Klasiko — bu o'zgacha voqea. Bu sportimiz butun dunyoga taqdim eta oladigan eng yaxshi o'yin. Uni butun dunyo tomosha qiladi. Turli madaniyat va avlod vakillarini aynan shu uchrashuv birlashtiradi. Bu hayratlanarli. Garovlar ancha yuqori. Bor-yo'g'i uch ochko olish mumkin, ammo yakunda gap ancha kattaroq narsa haqida ketmoqda. Bu voqeaning bir qismi bo'lish — fantastika. O'ylaymanki, jamoamdagi barcha bu o'yinni intiqlik bilan kutmoqda va qanday o'ynamoqchi ekanimizni ko'rsatmoqchi. Gap aynan shunda. Ishonchim komilki, biz tayyormiz. Jamoamga ishonaman va uning imkoniyatlariga shubha qilmayman».

❓Qanday «Real»ni kutyapsiz? To'pni sizdan tortib olib hujum qiladiganmi yoki ko'proq himoyaviy uslubdagi jamoami?

🗣 Hansi Flick: «O'ziga katta ishonch bilan o'ynaydigan jamoani kutmoqdaman. Eng avvalo, qaysi klub bilan ishlayotganimizni yodda tutish kerak. «Real Madrid» — ajoyib klub, unda kuchli futbolchilar va zo'r murabbiy bor. Men raqibni aynan shunday qabul qilaman. Ularda fantastik mahoratga ega o'yinchilar bor, ayniqsa maydonning oxirgi uchdan bir qismida. Ular o'zlariga ishonch bilan harakat qilishlarini kutmoqdaman. So'nggi o'yinlarda ular bu zonada qanchalik kuchli ekanliklarini ko'rsatishdi. Biz bunga e'tiborli va tayyor bo'lishimiz kerak. Ertaga bizga aynan shu narsa kerak».

❓Fermin bu o'yin oldidan «Real»da hakamlik haqida juda ko'p gapirilayotganidan biroz charchaganini aytdi. Sizningcha, hakamlik bahslari haqidagi bunday tez-tez bo'ladigan muhokamalar ertangi uchrashuvda hakam ishiga ta'sir qilishi mumkinmi?

🗣 Hansi Flick: «Yo'q. Men hakamga to'liq ishonaman. Bu yerda ko'rayotganlarimdan kelib chiqib, hakamlik darajasini ijobiy baholayman. Biz hammamiz shu fantastik tomoshaning bir qismimiz va bir-birimizga g'amxo'rlik qilishimiz juda muhim. Hakam ham uning bir qismi. Men bunga aynan shunday qarayman va bunday masalalarni muhokama qilishni istamayman».

❓Parijdagi mag'lubiyat bu o'yinga tayyorgarlikda qanchalik yordam berdi? Bu sizni «Real» bilan uchrashuv uchun oldindan tayyorlagan rejangizga o'zgartirishlar kiritishga majbur qildimi? Parijdagi mag'lubiyat nimagadir ta'sir qildimi?

🗣 Hansi Flick: «Albatta, ta'sir qildi. Biz buni futbolchilar bilan muhokama qildik. O'yinni tahlil qildik va ko'p jihatdan yaxshi o'ynaganimizni tushundik. Biroq, biz yaxshilanishimiz kerak bo'lgan jihatlarni ham payqadik. Bu muhim. Biz jamoa sifatida rivojlanishimiz kerak. Ertaga dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi o'ynaymiz, shuning uchun bu rivojlanish, imkoniyatlarimizni tekshirish, qadr-qimmatimizni isbotlash va jamoa sifatida navbatdagi qadamni tashlash uchun ajoyib imkoniyat».

❓Mourinyu — ertaga siz to'qnash keladigan murabbiy. La Ligada birinchi marta qarama-qarshi kelasiz. Uni murabbiy sifatida qanday baholaysiz — ham maydondagi, ham maydon tashqarisidagi ishi bo'yicha? Uning o'yin oldidan va o'yindan keyin muhitga ta'sir o'tkazish qobiliyati haqida nima deb o'ylaysiz?

🗣 Hansi Flick: «Men unga nisbatan katta hurmatga egaman. Agar shuncha yillar davomida eng yuqori darajadagi jamoalarni boshqarsangiz va doimiy ravishda muvaffaqiyatga erishsangiz, bu sizning saviyangizdan dalolat beradi. U ishlagan har bir klubda buni isbotlagan. Germaniya terma jamoasida Lyovning yordamchisi bo'lganimda, bir marta Madridda u bilan uchrashganman. Biz uni yo'qlab borganmiz, chunki u yerda terma jamoamizning bir nechta o'yinchisi bor edi. Aytishim mumkinki, u bilan ishlagan har bir terma jamoa o'yinchisi u haqida katta hurmat bilan gapirgan. Men ham xuddi shunday o'ylayman. U katta muvaffaqiyatlarga erishgan hamkasbim. U ajoyib hamkasb».
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!