Klub Jovanni Leoni bilan katta intervyu tashkil qildi. Eng qiziqarli jihatlari:
🛑 Jarohatdan keyingi o'ylar haqida:
Albatta, bu birinchi o'yinimda, debyutimdayoq sodir bo'lganida, o'zimga: «Nega aynan men?» deb savol berganman. Ammo bu to'g'ri savol deb o'ylamayman. Shuning uchun vaziyatga munosabatimni o'zgartirishga harakat qildim va o'zimga: «Yaxshi, bu men bilan sodir bo'ldi – demak, avvalgidan ham kuchliroq bo'lish uchun hamma narsani qilishim kerak», dedim. Men uchun bu eng to'g'ri yondashuv edi.
🛑 Qiyinchiliklarni qabul qilish haqida:
Boshida yomon kunlar yaxshilaridan ko'ra ko'proq bo'ladi. Hozir hammasi boshqacha, lekin dastlabki bosqichda ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan qiyin edi. 3-4 oydan keyin asosiy qiyinchilik jismoniydan ko'ra ko'proq ruhiy bo'lib qoladi. Siz yana yura olasiz, keyin yugurishni, og'irliklar bilan ishlashni boshlaysiz – tanangizga yengilroq bo'ladi, lekin ruhiy jihatdan bu hali ham og'ir yo'l. Shu bilan birga, agar hamma narsaga to'g'ri munosabatda bo'lsangiz, ko'p narsani tushunib yetasiz va avvalgidan kuchliroq qaytasiz. Men jarohatni yaxshiroq bo'lish imkoniyati sifatida qabul qilishga harakat qildim.
🛑 Kimlar bilan ko'proq do'stlashgani haqida:
Rostini aytsam, hamma bilan. Lekin hozir men Ugo, Stefan va Konor bilan ko'proq vaqt o'tkazyapman, chunki reabilitatsiyaning bir qismini birga o'tadik.
🛑 Muxlislar ko'magi haqida:
Ular doim yonimda bo'lishdi. Xuddi butun shu yo'lni va reabilitatsiyani birga bosib o'tgandekmiz. Muxlislar meni ko'rishmaganida ham, Instagram va boshqa joylarda juda ko'p xabarlar oldim. Ularsiz men hozirgi holatimga kela olmasdim. Bu qo'llab-quvvatlash uchun juda minnatdorman. Men buni kutmagandim, lekin ular borligidan juda xursandman. Ularga ko'plab yaxshi kunlar va g'alabalar hadya etishni, birgalikda yana ko'plab go'zal lahzalarni boshdan kechirishni intiqlik bilan kutyapman.
🛑 Kutilmalar va hozirgi his-tuyg'ular haqida:
Hozir o'zimni juda yaxshi his qilyapman. O'n oydan keyin maydonga qaytdim, garchi hozircha yakka tartibda shug'ullanayotgan bo'lsam ham, so'nggi haftalarda gazonda ishlash jarayonidagi hislarim haqiqatan ham juda yaxshi. Tizzam bilan hammasi joyida. Tezroq umumiy guruhga qaytishni, keyin esa muxlislar qarshisida yana maydonga tushishni kutyapman. Endi tunnel oxirida yorug'likni ko'ryapman. Hozircha jamoa bilan shug'ullanmayapman, lekin uzoq kutish kerak emas deb o'ylayman. Keyin tizzam qanday reaksiya berishini va o'yinlarga qaytganimdan keyin o'zimni qanday his qilishimni ko'ramiz.
🛑 Iraola bilan suhbat haqida:
Biz gaplashdik. Albatta, jarohat va tiklanish jarayonini muhokama qildik. Keyin u qanday futbol o'ynashni xohlashini tushunishim uchun o'yinni birgalikda tahlil qildik. U haqiqatan ham yaxshi murabbiy, lekin eng avvalo – juda yaxshi inson. U bilan gaplashib, jamoadan nima kutayotganini tushunish mumkin. Uning qo'l ostida o'ynashni intiqlik bilan kutyapman.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!