🎙 Joze Mourinoning «Real Sosedad»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani:
Bo'lajak o'yin haqida:
Bu bizning birinchi uy uchrashuvimiz, ammo 19 ta o'yindan faqat bittasi. Har bir detal muhim. Maqsadimiz — g'alaba qozonish, shu bilan birga tarixga va ajoyib o'yinchilarga ega klub «Real Sosedad»ga hurmat ko'rsatish. Biz raqib muxlislari o'z jamoasini qanday qo'llab-quvvatlashini ko'rdik va o'z muxlislarimizdan ham shuni kutamiz. Umid qilamanki, jamoa ishtiyoq, matonat, kuch va xotirjamlik ko'rsatadi.
O'yinchilarning jismoniy holati haqida:
O'tgan o'yinda raqib bizda hozircha yetishmayotgan intensivlik bilan harakat qildi. Ba'zi o'yinchilarimiz boshqalarga qaraganda ko'proq shug'ullanishdi, shuning uchun ular tezroq formada kirishmoqda. Biz ularning holatini baholash uchun ob'ektiv ma'lumotlar va shaxsiy tajribamizdan foydalanamiz.
«Santyago Bernabeu»ga qaytish haqida:
Men o'zimga alohida munosabat bo'lishini istamayman. Jamoani iliq kutib olishlarini xohlayman. O'tgan mavsumning ma'lum bir qismida muxlislar va jamoa o'rtasidagi munosabatlar murakkablashgandi. Men uchun bu oddiy o'yin bo'lmaydi, ammo o'rtada bor-yo'g'i uch ochko turibdi. Asosiysi — jamoa o'tgan mavsumda yetishmagan qo'llab-quvvatlovni his qilishi.
Hakamlik va Vinisiusga munosabat haqida:
O'tgan mavsumdagi barcha o'yinlarni ko'rmaganman, shuning uchun hakamlikni to'liq baholay olmayman. Ammo Vinisiusga bo'lgan munosabat boshqa o'yinchilarnikidan farq qiladi. Raqiblar ularga ko'p narsaga ruxsat berilganini his qilishadi va bundan foydalanishda davom etishadi. Bu menga yoqmaydi. Umuman olganda, o'tgan o'yindagi hakamlikdan mamnun edim, ammo Vinisiusga qilingan zarba qizil kartochkaga loyiq edi. Nazarimda, VAR bu vaziyatda o'z ishini bajarmadi. Shunga qaramay, ispan hakamlariga ishonaman va ularni doim hurmat qilganman.
Vinisiusning xulq-atvori haqida:
Muammolar ham maydonda, ham undan tashqarida yuzaga kelishi mumkin. Agar haqoratlar irqchilik xarakteriga ega bo'lmasa, Vinisius o'z reaksiyasini yaxshiroq nazorat qila oladi. Follar, penaltilar va boshqa o'yin epizodlari — hakamning mas'uliyati. Vinisiusning raqib muxlislari bilan munosabati esa biz ustida ishlashimiz mumkin bo'lgan narsa.
Siz xotirjamroq bo'ldingizmi?
Ha, hozir his-tuyg'ularimni yaxshiroq nazorat qilyapman. Bu yerda hamma ishlashni xohlaydi, dangasa odamlarni ko'rmadim. Balki «Real Madrid» o'yinchilari va xodimlari mening qorong'u tomonimni ko'rmaslik uchun qo'llaridan kelganini qilishayotgandir (kuladi).
Tarkib va transfer bozori haqida:
Men uchun tarkib shakllangan va men undan mamnunman. Yangi o'yinchilarni so'ramadim, ammo transfer oynasi hali ochiq, shuning uchun vaziyat o'zgarishi mumkin. Masalan, kimdir kutilmaganda ketishni so'rashi mumkin.
Hujum uchligi haqida:
Murabbiy uchun eng katta muammo — tarkibida top-o'yinchilar bo'lmasligi. Bu yerda men uchalasini ham ixtiyorimda bo'lishini xohlayman. Mening ishim — qaror qabul qilish.
Federiko Valverde haqida:
Uni o'ng qanot himoyachisi sifatida o'ynashga majburlamoqchi emasman. Men uchun Valverde — yarim himoyachi. U hujumkorroq yoki dinamikroq harakat qila oladi. Zamonaviy o'yinchilar jamoaga turli yechimlar bera olishi kerak. Masalan, Trent qanotdan markazga o'ta oladi.
Karlos Espi va Kilian Mbappe haqida:
Biz ularni birga ko'rishimiz mumkin. Mavsumoldi tayyorgarlikda Endrik bilan ishladik, ammo Espi butunlay boshqacha turdagi hujumchi va uning sifatlari o'tgan o'yinga mos keldi. Mbappe individual yechimlar izlashga harakat qildi, Espi esa maydonga tushib muammoni hal qildi. Bunday futbolchiga ega bo'lish doim foydali.
Oryelyen Tchuameni haqida:
U jahon chempionati vaqtida qattiq qiynaldi va muammolarga qaramay bor kuchi bilan o'ynadi. Tchuamenining o'zi ertaga o'ynashni xohladi va buni uddalay olardi, ammo biz u mavsumni to'liq tayyor holda boshlashini istaymiz. O'yinchi va tibbiyot shtabi bilan birga kutib turishga qaror qildik. Bir-ikki hafta ichida u to'liq tayyor holda qaytishi kerak.
Tirband taqvim va tayyorgarlik yetishmovchiligi haqida:
Bu yerda adolatsizlik bor deb o'ylamayman. La Ligaga sog'lom fikr yuritib, o'yinlarimizni bir haftaga ko'chirgani uchun minnatdorchilik bildirish kerak — aks holda bizda haqiqatan ham muammolar bo'lardi. Endi biz haftasiga ikki marta o'ynashimiz kerak. Agar kimdir jarohat olsa, uning o'rnini boshqasi egallaydi.
Endrik haqida:
Uni juda yaxshi ko'raman. Uning payida kichik muammo bor, ammo bu ko'proq ehtiyot chorasi. U ko'plab takliflar oldi, lekin men uni qo'yib yuborishni istamadim. Ishonchim komilki, Anchelotti uni chaqirishni xohlaydi va albatta men bilan bog'lanadi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!