Mbappe: "Menga ko'proq himoyalanish kerakmi? Ha. "PSJ" o'yinchilariga esa ko'proq gol urish kerak"
"Qirollik klubi" forvardining o'yinoldi matbuot anjumani
"Chempionlar ligasining yangi mavsumi boshlanayotganidan juda xursandman. Biz har doim bu turnirga katta motivatsiya va ishtiyoq bilan yondashamiz. Jamoa yaxshi formada. Ertaga bizni og'ir o'yin kutib turibdi, ammo bu Chempionlar ligasi va bu yoqimli".
"Men va Vinisius maydonda bir-birimizga mos emasmiz? Bu dunyoning eng katta klubi bo'lmish "Madrid" haqidagi millionlab fikrlardan biri xolos. Men aytilayotgan gaplarning hammasini nazorat qila olmayman. Vinisius bilan bitta maqsadimiz bor — sovrinlar yutish. Birovning fikrini nazorat qila olmaymiz. Biz quloq solamiz, yaxshilanishga va oldinga intilishga harakat qilamiz.
Men alohida futbolchilarni jamoa kontekstidan yulib olish tarafdori emasman. Odamlarga va OAVga bu yoqadi va bu tabiiy, chunki aynan shu narsa sotiladi. Sizni bilmadim-u, lekin men jamoa haqida o'ylayman: qaysi jihatlarni kuchaytirishimiz va qanday qilib sovrinlar yutishimiz haqida".
"Ikki mavsum sovrinsiz qolganimizdan keyin "Madrid" oldida qarzdormanmi? Men faqat navbatdagi o'yin haqida o'ylayman. Tajribam shuni ko'rsatadiki, bu uzoq yo'l va har kuni ishlash kerak. Jamoaga qanday yordam berish haqida o'ylash kerak, tamom".
"Oltin to'p"ga loyiqmanmi? Dunyoning eng yaxshi klubi futbolchilarini bu sovrin bilan bog'lashadi. Ko'chada odamlar menga shu haqda gapirishadi. Har kim "Oltin to'p"ni qo'lga kiritishni istaydi. O'tgan yozda men futbol tarixidagi eng muhim turnirlardan birida tarixga kirdim. Ammo oldinda uzoq yo'l bor va kim eng yaxshisi ekanligini odamlarning o'zi tanlashga haqli.
O'zimni eng yaxshisi deb his qilamanmi? Har doim shunday his qilaman, lekin har kimning o'z fikri bo'lishi mumkin. Kimdir "ha", kimdir "yo'q" deydi. Hamma ham bir xil o'ylashi shart emas. Bu yil, balki, "Oltin to'p" uchun imkoniyatlarim bordir, ammo buni ovoz beruvchi jurnalistlar hal qiladi".
"Himoyada o'yinimni yaxshilashim kerakmi? Faqat menga va Vinisiusgami, ha? Albatta, biz yaxshilanishimiz kerak. Hammaga nimadadir yaxshilanish kerak. Masalan, men "PSJ" hujumchilariga qaraganda samaraliroqman, shuning uchun ular ko'proq gol urishlari kerak.
Ammo men yetarlicha aqlliman va tan olaman: o'yinimni yaxshilashim kerak, hatto o'sha "PSJ" o'yinchilari qilmaydigan ishlarni qilsam ham. Bu cheksiz bahs. Hammamiz himoyada ham, to'p bilan muomalada ham yaxshilanishimiz kerak".
"Mourinyu g'alaba qozonishni va atrofdagilarni ilhomlantirishni, klub va jamoasini motivatsiya qilishni biladi.
U "Mbappe 40 ta gol ursa-yu, biz ikkita sovrin yutsak, 60 ta gol urib, sovrinsiz qolganidan yaxshiroq" deganmi? Men bunday sharoitda 30 ta golga ham rozi bo'laman. Bu hatto muhokama qilinmaydi.
Ammo agar 40 ta gol ursam va biz barcha uchta sovrin uchun kurashda qolsak, to'xtashim va gol urishni bas qilishim kerakmi? Gollarim g'alaba qozonishga yordam bermaydimi? Albatta, bu yerda tanlov yo'q: men jamoaviy sovrinlarni yutishni xohlayman. Ammo ham yutish, ham gol urish kerak".
"Kiyinish xonasidagi muhit? U har doim yaxshi bo'lgan. Biz ba'zi narsalarni yaxshilashimiz kerak, masalan, ko'proq gol urish. Ammo biz yaxshi o'ynayapmiz, shuning uchun xotirjammiz".
"JCH-2026da Ispaniyadan uchralgan mag'lubiyat faoliyatimdagi eng og'iri bo'ldimi? Og'ir edi, ammo eng og'irimi... Bilmayman, chunki men JCH va YeChL finallarida yutqazganman. Ammo o'ylaymanki, bu terma jamoamiz va mamlakatimiz uchun juda chiroyli turnir bo'ldi, chunki o'yinimiz bilan jamoaning ajoyib qiyofasini yaratdik. Har doim JCHda g'alaba qozonib bo'lmaydi, ammo biz doim g'alabaga tashnamiz".
"Ko'proq yetakchilik vazifalarini olishmi? Menda ikki xil vaziyat bor: Fransiya terma jamoasi va "Real Madrid". Albatta, har birida qadam tashlashim kerak, ammo terma jamoada men sardorman, bu yerda esa yo'q.
Shu bilan birga, futbolchi sifatida yaxshiroq bo'lishni xohlayman. Va nafaqat Fransiya yoki "Madrid" uchun, balki maydonda nimalar bo'layotganini yaxshiroq his qilishni va o'yin har bir vaziyatda nima talab qilishini tushunishni xohlaganim uchun. Barcha vaziyatlarni tushunish va ularni boshqarish senga maksimal ma'lumot beradi".
"PSJ" muvaffaqiyatlarini mening ketishim bilan bog'lash adolatlimi? O'ylaymanki, bu ko'plab fikrlardan biri xolos. Yakunda, men haqimdagi gap-so'zlar yaxshi sotiladi va men buni qabul qilaman. Hammasi joyida. Bu shunchaki navbatdagi fikr".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!