Mbappe: "Umid qilamanki, Peres "Madrid"da yana ko'p yillar qoladi"
"Qirollik klubi" forvardining AS nashriga bergan intervyusining birinchi qismi
"Men "Madrid"da juda baxtliman. Agar futbol tarixiga kirmoqchi bo'lsangiz, "Madrid"da o'ynashingiz kerak, chunki bu yerda daraja mutlaqo boshqacha. "Bernabeu"da maydonga tushish — o'zgacha tuyg'u. Bu dunyodagi eng yaxshi stadion. Ispaniyada har kuni o'zimni yaxshiroq his qilyapman. Men bu yerda doim baxtli bo'lganman, faqat eng boshida, hali o'z uyim bo'lmagan vaqtni hisobga olmaganda. Ammo uy sotib olganimdan keyin Fransiyadagiga qaraganda ko'proq xotirjamlik va shaxsiy hayotga ega bo'ldim".
"Real Madrid"ga o'tishimdan oldin 10 yil davomida Peres bilan aloqada bo'lganman. U mening barcha qarorlarimga, ular "Madrid" uchun ijobiy yoki salbiy bo'lishidan qat'i nazar, tushunish bilan qaragan. Peres doim menga: "Kilian, bir kuni sen "Madrid"da o'ynaysan", deb aytardi. Men unga juda minnatdorman, chunki aynan u meni klubga olib keldi. Peres — dunyodagi eng yaxshi prezident. Umid qilamanki, u yana ko'p yillar "Madrid"ni boshqaradi. Meni "Madrid"ga o'tishga nima ishontirdi? Hech kimni ishontirish shart emas edi. Faoliyatimda shunday lahza bo'lganki, men "Madrid"ga o'tishni juda xohlaganman, ammo bu imkonsiz edi. Ba'zida bunday qarorlar faqat o'zingizga bog'liq bo'lmaydi, shuning uchun mos lahzani kutishga to'g'ri keladi. Men "Madrid"ga qo'shilishni xohladim, lekin buni uddalay olmadim va albatta, hafsalam pir bo'ldi. Menga to'g'ri keladigan lahzani kutish kerak edi. Hech kim meni "Madrid"ga o'tishga ishontirishi shart emas edi — hatto buyuk Peres ham".
"PSJ"dagi so'nggi mavsumim qiyin kechdimi? Albatta. Buni hamma biladi. Garchi ko'pchilik vaziyatning to'liq tafsilotini bilmasa-da, ikki yil o'tib bunga qaytish va kimnidir "loyga qorish"ga hojat yo'q. Menga og'ir bo'ldi, ammo bu orzuimni amalga oshirish — "Madrid"ga o'tish yo'lida qilingan qurbonlikning bir qismi edi".
"Anchelotti, Alonso, Arbeloa va Mourinyu — barchasi futbol olamidagi muhim shaxslar. Ularning har biri bilan ishlash men uchun sharaf edi. Men ulardan ko'p narsani o'rgandim, chunki ularning barchasi futbolga turlicha qarashadi. Ammo ularni birlashtirib turadigan bir narsa bor — ular g'oliblar. Mourinyu — men hayotda uchratgan eng aqlli insonlardan biri. U jamoani qanday boshqarishni biladi. U yetakchi. Mourinyu o'zgacha ekanligini "Madrid"ga qaytishidan oldin ham bilardim. Ammo u bilan har kuni ishlaganingizda, u haqiqatan ham qanchalik o'zgacha ekanligini tushunasiz. Mourinyu — futbol tarixida o'z izini qoldirgan afsonaviy murabbiy. Va shubhasiz, u biz bilan birga "Madrid"da tarix yozishda davom etadi".
"Elche"ga qarshi o'yinda Espiga bergan assistim? Men uchun eng muhimi — g'alaba. O'ylaymanki, o'sha vaziyatda o'zim ham gol urishim mumkin edi, lekin Espi bo'sh darvoza qarshisida turgandi, shuning uchun zarba berish haqida o'ylamadim ham".
"Faqat gol urishim haqida gapiradigan odamlar haqida nima deb o'ylayman? Bu ularning fikri. Futboldagi yillar davomida har kimning o'z nuqtai nazari borligiga va buni qabul qilish kerakligiga o'rganib qoldim. Ba'zida odamlar sening fikringga qo'shilishadi, ba'zida esa yo'q. Futbolda g'alaba qozonishning yagona yo'li mavjud emas, shuning uchun men doim boshqalarning fikriga ochiqman. Ammo ba'zilar shunchaki shovqin ko'tarish yoki zarar yetkazishni xohlashadi. Har qanday holatda ham, men futbolni tushunadigan odamlar bilan muhokama qilishga tayyorman, chunki bunday suhbatlardan yangi narsa o'rganish mumkin. Men kabi deyarli har bir o'yinda gol urishga o'rgangan futbolchilar ikki-uch o'yin ketma-ket gol ura olmasa, odamlar buni darhol payqashadi va muhokama qilishadi. Bu menga hatto yoqadi, chunki bu maydonga chiqish, gol urish va g'alaba qozonish istagini yanada kuchaytiradi. Gol urish osonmi? Yo'q. Agar oson bo'lganida, hamma gol urgan bo'lardi" (kuladi).
"Futbolchilar do'st bo'lishi kerakmi? Biz yaxshi jamoadosh bo'lishimiz, jipslashgan holda umumiy maqsad yo'lida ishlashimiz kerak. Jamoadoshlar o'rtasidagi munosabatlarga qaratilgan ortiqcha e'tibor ijtimoiy tarmoqlar tufayli muxlislarning yangi avlodiga xosroq, u yerda hamma narsani mikroskop ostida kuzatishadi: "Kimdir kimdirga qo'l bermadi", "Kimdir jilmaymadi"... Shuning uchun biz noto'g'ri taassurot qoldirmaslikka harakat qilamiz, toki odamlar aslida mavjud bo'lmagan uydirma hikoyalarga ishonib qolmasin".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!