Foot Mercato nashri jurnalistlari Santi Auna va Sebastyen Deni Lamin Kamaraning «Chelsi»ga amalga oshmay qolgan transferi ortidagi voqealar tafsilotini oshkor qildi:
Kamara bir necha kundan buyon «Chelsi» bilan aloqada bo'lgan va «Monako»dan ketishni istagan. Futbolchi bu haqda shaxsan Tiago Skuroni xabardor qilgan, shuning uchun sport direktori uning ketish istagidan to'liq xabardor edi.
Shu bilan birga, «Chelsi» uch kun davomida Manu Kone transferi ustida faol ishlagan va u klubning yarim himoya chizig'i uchun ustuvor maqsadga aylangandi. Shu sababli Kamara varianti ikkinchi planga tushib qoldi. Kone bo'yicha muzokaralar berk ko'chaga kirib qolgach, londonliklar Lamin variantiga qaytishdi.
«Chelsi»ning birinchi rasmiy taklifi 45 million yevroni tashkil etdi — Skuro uni darhol rad etib, 70 million yevro talab qildi. Ketidan «ko'klar» 55 million yevro atrofida taklif qilishdi, ammo «Monako» yana rad javobini berdi.
Shundan so'ng Kamaraning vakillari muzokaralarga aralashdi. Skuro ularga futbolchining ketish istagidan bexabarligini va Lamin unga bu haqda to'g'ridan-to'g'ri aytmaganini da'vo qildi. Futbolchining yaqinlari esa sport direktoriga Kamara o'z niyatlari haqida unga shaxsan xabar berganini eslatib qo'yishdi.
Parallel ravishda «Monako» Folarin Balogunni «Everton»ga sotish ustida ishlayotgan edi. Ushbu bitimda jiddiy muammolar yuzaga kelgach, Skuro o'zi «Chelsi» bilan bog'lanib, Kamara uchun 55 million yevrolik taklif hali ham kuchdami, deb so'radi.
«Chelsi» kelishuvga tayyorligini tasdiqladi va soat 22:00 atrofida «Monako» Laminni qo'yib yuborishga rozi bo'ldi. Tomonlar shoshilinch ravishda transferni yakunlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirishga kirishdi.
Bitimni yakunlash uchun qo'shimcha vaqt olish maqsadida «Monako»dan deal sheet'ga imzo qo'yish talab etilardi. Biroq, aynan shu pallada Skuro to'satdan aloqaga chiqmay qo'ydi va ko'plab urinishlarga qaramay, zarur hujjatlarni imzolamadi.
Vaziyatning bunday tus olishiga Balogun bilan bog'liq holat sabab bo'ldi. Uning «Everton»ga o'tishi uzil-kesil barbod bo'lgach, Skuro yana aloqaga chiqib, «Chelsi»ga «Monako» qarorini o'zgartirganini va Kamarani endi sotmoqchi emasligini ma'lum qildi.
«Chelsi»da bunday burilish shok va katta g'azabni keltirib chiqardi. Yakunda «Monako» klubning hozirgi moliyaviy holatiga qaramay, yarim himoyachi uchun 55 million yevrodan voz kechdi.
Foot Mercato versiyasi Skuroning matbuot anjumanidagi so'zlari bilan zid keladi: sport direktorining bayonotlariga qaramay, Kamara haqiqatan ham «Chelsi»ga o'tishni xohlagan va shaxsan o'zini qo'yib yuborishni so'ragan.
Yuz bergan voqealardan so'ng, Kamara, uning yaqinlari va «Monako» rahbariyati o'rtasidagi munosabatlar o'ta sovuq bo'lishi kutilmoqda. Endi futbolchi amalga oshmay qolgan transferni ortda qoldirib, yana klubdagi o'yinlariga diqqatini qaratishi kerak bo'ladi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!